O‘zbekiston | 20:11 / 20.04.2026
2188
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholi bandligi bo‘yicha 187 ta davlat orasida 114-o‘rinni egalladi

Respublikada mehnatga layoqatli yoshdagi fuqarolarning yarmidan sal ko‘prog‘i ish bilan ta’minlangani ta’kidlanmoqda.

Foto: Kun.uz

Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) 2025 yilgi so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholi bandligi darajasi bo‘yicha dunyoning 187 mamlakati orasida 114-o‘rinni egalladi. Mamlakatda bandlik darajasi 55 foizni tashkil etdi, ya’ni mehnatga layoqatli fuqarolarning yarmidan sal ko‘prog‘i iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan.

Bandlik darajasi mehnat bozori holatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. U 15 yoshdan oshgan aholi orasida ishlayotgan fuqarolarning ulushini aks ettiradi va XMT tomonidan milliy statistika xizmatlari ma’lumotlari asosida hisoblanadi.

XMT ekspertlarining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi ko‘rsatkichlar nafaqat ishsizlik, balki iqtisodiyotda ishtirok etmaydigan odamlar, jumladan, talabalar, uy bekalari va norasmiy sektorda band bo‘lganlarning yuqori ulushi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

MDH davlatlari makonida yetakchi Qozog‘iston bo‘lib, bandlik darajasi 67 foiz bilan dunyoda 29-o‘rinni egalladi. Belarus 61 foiz bilan 67-o‘rinda, Rossiya esa 60 foiz bilan 73-o‘rinda. Qirg‘iziston va Tojikiston mos ravishda 111- va 175-o‘rinlarni egallab turibdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid