O‘zbekiston | 22:39 / 02.11.2019
13901
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoyga anor eksportiga yo‘l ochildi

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanning 1-2 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida meva eksport-importini amalga oshirish bilan bog‘liq 2 ta muhim kelishuv hujjati imzolandi. Bu haqda “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati xabar berdi.

Imzolangan birinchi kelishuv natijasida, mevalarni avtotransportlarda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali Xitoyga eksport qilish imkoniyati yaratildi va buni amalga oshirish bo‘yicha talablar belgilandi.

Talablarni bajarish orqali endilikda tadbirkorlar yangi uzilgan (Xitoyga eksport qilinishiga ruxsat etilgan) mevalarni Qozog‘iston orqali Xargos va Alashankou hamda Qirg‘iziston orqali Irkeshtam va Turgart chegara o‘tkazish punktlaridan Xitoyga avtotransportlarda olib o‘tishlari mumkin bo‘ladi. 

Kelishuvda shuningdek, eksport qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha asosiy talablar sifatida quyidagilar sanab o‘tilgan:

- mevalar xavfli zararkunanda kasallik va begona o‘tlardan xoli bo‘lishi;

- mahsulotlar o‘simliklar karantini inspektori nazorati ostida avtotransportga yuklanishi, muhrlanishi hamda tegishli ma'lumotlar fitosanitar sertifikatda aks ettirilishi lozimligi;

- mahsulotlar tranzit orqali olib o‘tilayotganda avtotransport birligining muhri buzilmaganligi, mahsulotlar qadog‘i o‘zgartirilmaganligi, unga zarar yetkazilmaganligi va h.k.

Shu bilan birga, xitoylik yuqori martabali mehmon tashrifi davomida anor mevasini Xitoyga eksport qilish bo‘yicha ham kelishuv imzolandi.

Mazkur kelishuvda anorni eksport qiluvchilarga nisbatan quyidagi asosiy talablar belgilangan:

- meva yetishtiriladigan bog‘lar, qadoqlash sexlari, sovutgichda saqlash sharoitlari Xitoy va O‘zbekiston karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi va eksportga yuklashdan oldin fitosanitar nazoratdan o‘tkazilishi;

- meva zararli organizmlardan (karob kuyasi, olma mevaxo‘ri, anor mevaxo‘ri, tok bargo‘rovchisi, komstok qurti) xoli hududlarda yetishtirilgan bo‘lishi;

- meva yetishtiriladigan bog‘lar va qadoqlash sexlari Xalqaro sertifikatsiyalar (GAP) tizimini qo‘llashlari (tavsiya etiladi);

- meva yetishtiriladigan bog‘lar O‘zbekistonning o‘simliklar karantini inspektorining doimiy nazoratida bo‘lishi, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va tashish inspektor nazorati ostida amalga oshirilishi;

- qadoqlash jarayonida anor har qanday zararli organizmlardan, jumladan, hasharot va kanalardan xoli hamda chirigan va shakli buzilgan mevalar, barglar, ildizlar, tuproqlar, o‘simlik qoldiqlaridan tozalangan bo‘lishi;

- qadoqlar toza, avval ishlatilmagan bo‘lishi, alohida saqlanishi, har bir quti meva nomi, eksport qilayotgan mamlakat, mahsulot yetishtirilgan hudud, bog‘, qadoqlash sexi nomi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan holda markirovkalangan bo‘lishi lozim.

“O‘zdavkarantin”ning eslatib o‘tishicha, belgilangan talablarga rioya etilmagan holda, yuklanib eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar chegara punktlaridan qaytarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Talablarga javob beruvchi tadbirkorlar, bog‘, qadoqlash sexlari va sovutish omborlari egalari ro‘yxatdan o‘tish (reyestrga kiritish) uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga +998 71 255-28-51, +998 71 255-73-23 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari so‘raladi. 

Ma'lumot o‘rnida: hozirgi kunga qadar, Xitoyga 12 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportiga ruxsat olishga erishilgan bo‘lib, hozirda qo‘shimcha ravishda 15 ta mahsulotlar eksportiga ruxsat olish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Eksportga ruxsat etilgan mahsulotlar: gilos, qovun, achchiq qalampir, anor, mosh, qobiqsiz grek yong‘og‘i, shirin va achchiq bodom, uzum danaklari, kunjut, shuningdek quritilgan mahsulotlarlardan: mayiz, o‘rik qoqisi.

Ruxsat olinishi kutilmoqda: uzum, limon, xurmo, olma, anjir, olxo‘ri, shaftoli, tarvuz, piyoz, loviya, yeryong‘oq, shuningdek, quritilgan mahsulotlardan: achchiq qalampir, olxo‘ri, qovun.

Mavzuga oid