O‘zbekiston | 14:21 / 04.11.2019
4207
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar soni haftasiga 15tagacha oshiriladi

Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi aviatsiya hukumatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xabar qilmoqda.

Vazirlik delegatsiyasini Xitoy fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasida Xalqaro ishlar departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Bayi Venli xonim qabul qildi. 

Muzokaralarda tomonlar aviatsiya qatnovlari sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. 

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi parvozlarni ko‘paytirish, tayinlangan aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasini kengaytirish va amalga oshirilayotgan reyslarni Pekin shahridagi yangi “Dasin” xalqaro aeroportiga o‘tkazish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. 

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida tayinlangan aviakompaniyalarning reyslarini haftasiga 15 tagacha oshirish, ikki davlat aviatsiya hukumati o‘rtasidagi mavjud kelishuvga Pekin, Urumchi, Shanxay, Guanchjou, Tyanzin kabi ruxsat etilgan shaharlar qatoriga tayinlangan aviakompaniyalar tomonidan parvozlarni amalga oshirishda Xitoyning Sian, Sanya, Iu va Chendu shaharlarini qo‘shish, aviakompaniyalar reyslarini Pekin shahridagi yangi “Dasin” xalqaro aeroportiga o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy-texnik masalalarni ishlab chiqishni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi.    

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid