Jahon | 23:53 / 06.11.2019
12966
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketgan o‘smir insultdan vafot etdi

Tailandda 17 yoshli o‘smir uzzukun kompyuter o‘yinlari o‘ynashi oqibatida insultga uchrab vafot etdi. 

Tempo.co nashri ma'lumotlariga ko‘ra, voqea maktab ta'tillari vaqtida yuz bergan. O‘smir kun-tun tinmay onlayn-o‘yin o‘ynash bilan band bo‘lgan. U uxlash u yoqda tursin, hattoki ovqat yeyishga ham kompyuter oldidan ketishni istamay, shundoq monitor oldida ovqatlangan. 

O‘smirning otasi uning yoniga kirganda, o‘g‘lini polda yiqilgan holda aniqlagan. Ota tez yordam chaqirtirib, o‘g‘liga birinchi yordam ko‘rsatishga uringan, biroq o‘smir tiriklik alomatlarini namoyon qilmagan.

Chaqiriqqa yetib kelgan shifokorlar esa o‘smirning o‘lganini qayd qilishgan. Ekspertiza esa o‘smir insult oqibatida vafot etganini ko‘rsatgan. Bunga o‘smir kompyuter oldida bir necha uyqusiz tun o‘tkazgani sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

Yigitning otasi o‘g‘li uning o‘yinlardan chalg‘ish iltimosiga quloq solmaganini aytgan. 

“O‘g‘lim aqlli edi va maktabda yaxshi o‘qirdi. Biroq unda o‘yinlarga mukkasidan ketish bilan bog‘liq muammolar bor edi”, deb aytgan o‘smirning otasi.

Ota boshqa ota-onalar uning o‘g‘li bilan yuz bergan voqeaga e'tibor qaratib, o‘zlari uchun to‘g‘ri xulosa chiqarishlariga umid qilib qolgan.

Mavzuga oid