Deyarli yog‘ochdan ishlangan avtomobil taqdim etildi. Yangi material – po‘latdan ham mustahkamroq
Avtosanoatchilar iste'molchilarni hayratda qoldirishda davom etmoqda. Lekin endi turli yangi qurilma va aqlli tizimlar, tezlik, tejamkorlik va ekologik zararsiz modellar bilangina buni uddalab bo‘lmaydi.
Shuni hisobga olgan holda, yaponiyalik muhandislar barcha avto ishqibozlarini hayratga solishga qaror qilishgan ko‘rinadi. Ular avtomobilning nanosellyulozadan ishlangan g‘aroyib variantini taklif etishyapti.
Bugungi kunda nanosellyuloza sanoatning ko‘plab sohalariga faol tatbiq etilmoqda. Bu material yog‘och tolalarini parchalash orqali olinadi, keyin esa unga istalgan shaklni berish mumkin bo‘ladi. Nanosellyulozani yog‘ochni qayta ishlaydigan korxonalar chiqindilaridan olish mumkin.
Yangi modelni yaratish – Yaponiya atrof-muhit vazirligining tashabbusi. Vazirlik o‘tkazgan tadqiqotdan ma'lum bo‘lishicha, nanosellyuloza mustahkamlik borasida an'anaviy po‘latdan qolishmaydi, hatto undan besh barobarga mustahkamroqdir.
TravelAsk jurnalining yozishicha, yangi material po‘latdan yengilroq, bu esa yana bir ijobiy jihatdir. Nano Sellulose Vehicle (NCV) nomi ostida yaratilgan avtomobil loyihasi an'anaviy materiallardan ishlangan xuddi shunday modellarga qaraganda 10 foizga yengilroq.
Carscoops ma'lumotiga ko‘ra, yangi avtomobilning kapoti, tomi va eshiklari nanosellyulozadan ishlangan.
Muhandislarning qayd etishicha, bu kabi innovatsion materiallardan foydalanish atmosferaga chiqarilayotgan uglerod chiqindisini kamaytirishga yordam beradi.Chunki uni ishlab chiqarish texnologiyasi po‘lat olish jarayoni bilan taqqoslaganda ancha ekologik.
Utilizatsiya ham dolzarb masala: o‘simlik xom-ashyosidan ishlangan avtomobilni qayta ishlash metall korpus va plastik quymanikiga qaraganda ancha oson.
Hozirgi kunda mo‘jizaviy avtomobil testdan o‘tkazilyapti, nanosellyulozadan ishlangan detallar avtomobildan foydalanish vaqtida qay darajada chidamli ekani sinab ko‘rilmoqda. Agar natijalar ijobiy bo‘lsa, u holda mazkur avtomobilni oldinda buyuk kelajak kutyapti.
Global ekologik inqiroz holatida avtomobil ishlab chiqarishda o‘simlik xom-ashyosini asosiy material sifatida qo‘llash insoniyatning ko‘plab muammolariga yechim bo‘lishi mumkin.
NCV loyihasi Tokioda o‘tgan an'anaviy «Tokyo Motor Show» avtoko‘rgazmasida namoyish qilingan. Eslatib o‘tamiz, Kun.uz mazkur ko‘rgazmadan fotogalereya taqdim etgan edi.
Mavzuga oid
18:27 / 31.10.2024
Yangi Cobalt Midnight 7,3 million so‘m qimmatroq bo‘ladi
12:54 / 05.10.2024
Hindistonlik erkak noodatiy avtomobillar kolleksiyasi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
18:47 / 22.09.2024
AQShdan o‘g‘irlangan va hanuz ishlab chiqarilayotgan «Buxanka»
13:47 / 05.09.2024