Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DSQ sentabr-oktabr oylarida o‘tkazilgan kameral nazorat tadbirlari bo‘yicha ma'lumot berdi
2019 yilning sentabr-oktabr oylarida barcha korxona va tashkilotlarda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lash va u bilan bog‘liq hisobotlar bo‘yicha Davlat Soliq Qo‘mitasi (DSQ) tomonidan kameral nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Ularning yakunlari va natijalari bo‘yicha DSQ matbuot xizmati Kun.Uz saytiga ma'lumot berdi.
“Joriy yilning sentabr-oktabr oylarida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan kameral nazorat tadbirlari natijasida QQS hisoboti bo‘yicha 250 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi 3 mingdan ziyod nomutanosiblik holatlari aniqlangan.
Tafovutlar asosan korxonalar biron-bir sabab bilan QQS hisobotida sotilgan daromadlarni aks ettirmaganligi, yetkazib berilgan tovarlar yoki xizmatlar bo‘yicha hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan-u, ammo ularni o‘zlarining savdo reyestrlariga kiritmaganligi tufayli yuzaga kelgan.
Mavjud tartibga ko‘ra, tovarlar yoki xizmatlarni sotib oluvchilar soliq hisobotlaridagi savdo reyestrlarida hisobvaraq-fakturalarni ko‘rsatib, yetkazib beruvchilarning hisobvaraq-fakturalarida aks etgan QQS miqdorini hisobga oladi.
Ba'zi tovar yetkazib beruvchilar esa sotishdan tushgan daromadini yashirib (kamaytirib), budjetga QQS to‘lamagan.
Shu bilan birga, tovarlar yoki xizmatlarni sotib oluvchilar yetkazib beruvchilarning hisobvaraq-fakturalari bo‘lmagan yoki QQS to‘lovchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan yetkazib beruvchilardan hisobvaraq-fakturalarni olganligi, yetarlicha asosi bo‘lmay turib, QQS miqdorini hisobga olganligi va shu orqali budjetga to‘lanadigan QQS miqdorini kamaytirib ko‘rsatganligi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Tovarlar (xizmatlar)ni sotish hajmini yashirib ko‘rsatganlik bo‘yicha 1700ta holat fosh etildi. Bunda 148 mlrd. so‘mlik QQS va 1300ta holatda 70 mlrd. so‘mlik QQSni hisobdan chiqarish uchun asossiz qabul qilinganligi ma'lum bo‘ldi.
Soliq kodeksining 114-moddasiga muvofiq, soliqlarni tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan yashirilgan (kamaytirilgan) daromad summasi uchun soliq undiriladi.
Bundan tashqari, sotishdan tushgan tushumni yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) faktlari aniqlanganda, Soliq kodeksining 114-moddasida soliq to‘lovchiga yashirilgan (kamaytirilgan) tushum summasining 20 foizi miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4086-sonli qaroriga muvofiq, tovarlar (xizmatlar) xaridorlari QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va QQS to‘lamaydigan yetkazib beruvchilardan olingan tovarlar (xizmatlar) uchun QQSni hisobga olishga haqli emas.
Ta'kidlash joizki, soliq to‘lovchilar soliq hisobotlariga tuzatish kiritgan holda qayta taqdim etishlari va belgilangan soliq summasini to‘lab qo‘yishlari ularni javobgarlikdan holi qilib, 20 foiz miqdoridagi moliyaviy sanksiyalarni to‘lamasliklariga olib keladi.
Misol tariqasida: “B” tashkiloti (xaridor), QQS hisob-kitobida “A” tashkilotidan (yetkazib beruvchidan) 120 mln. so‘mlik mahsulotni QQS bilan sotib olgan va yetkazib beruvchining hisobvaraq-fakturasida ko‘rsatilgan 20 mln. so‘m QQS miqdorini hisobga olishga qabul qilgan.
Kameral nazorat davomida “A” tashkilotining soliq hisobotida “A” tashkiloti QQSni hisoblashda “B” tashkiloti tovarlarini sotishini aks ettirmaganligi aniqlandi.
Bu esa soliq organida “B” tashkilotining (xaridorning) hisobotida budjetga to‘langan QQS miqdorini hisobga olish va kamaytirish uchun qabul qilingan QQS miqdorini qonuniy aks ettirganligiga bo‘lgan shubhani uyg‘otadi. Yoki aksincha, “A” tashkiloti yetkazib beruvchining sotilgan tovarlar miqdorini QQS hisob-kitobida aks ettirmaganligi bilan bog‘liq shubhalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bunday holatda soliq organi kameral nazorat doirasida xaridordan (“B”) QQSni hisobga olish uchun asos bo‘luvchi hujjat (hisobvaraq-faktura) talab qiladi. Agar hujjat taqdim etilsa, unda tovarlarni yetkazib berish (100 mln. so‘m) va QQS summasi (20 mln. so‘m) ajratilgan bo‘lsa, unda bu hisobvaraq-faktura tovarlarni sotishning hujjatli dalillarini tan olish va yetkazib beruvchining (“A”) sotishdan tushgan daromadlarini yashirish (kamaytirilishi) uchun asos bo‘ladi va tegishli ravishda budjetga 20 mln. so‘m QQS to‘lanmay qoladi.
Binobarin, xaridorda (“B”) tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura bo‘lmasa, u 20 mln. so‘m miqdorida QQS miqdorini hisobga olishga haqli emas.
Shu o‘rinda aytish joizki, joriy yildan ko‘pgina xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar QQS to‘loviga o‘tgani (bunday sub'yektlar soni 60 ming atrofida) sababli, QQSni hisobga olish va soliq hisobotlarini tayyorlash yuzasidan ko‘plab savollarni keltirib chiqarib, xatoliklarga yo‘l qo‘yish holatlari ham uchramoqda.
Shu bois soliq organlari soliq to‘lovchilarga har tomonlama, ya'ni ham bevosita soliq organlari, ham “Soliq-servis” DUK tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali yordam berishga tayyor. Bundan tashqari, yuzaga kelgan turli savollar bo‘yicha “sall-markaz”ga 1198 qisqa raqami orqali murojaat etish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda soliq organlari faoliyatining asosiy maqsadi – insofli soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishga qaratilgan”, - deyiladi Davlat Soliq Qo‘mitasi matbuot xizmati bayonotida.
Mavzuga oid
10:51 / 25.08.2025
Aylanmadan olinadigan soliqdan ilk marta QQS to‘loviga o‘tgan tadbirkorlar rag‘batlantiriladi
16:11 / 20.08.2025
Soliqchilar aniqlagan xato-kamchiliklar bo‘yicha “amnistiya” e’lon qilindi
11:12 / 13.08.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlardan katta miqdorda pul yechib olgan. Qo‘mita buni «texnik nosozlik» bilan izohladi
15:52 / 29.07.2025