Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari»: energiya samaradorligi hayotimizda muhim o‘rin egallaydi
03Hayotimizni elektr energiyasiz tasavvur eta olmaymiz. Borliqni qorong‘ulik qoplagach elektr nurining qadr-qimmatini, hayotimiz uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligini yanada yaxshiroq his qilamiz. Har bir ne'matni ishlab chiqarish mashaqqatlari bo‘lganidek elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni iste'molchilarga yetkazib berishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud. Agar kundalik turmushda ham, ishlab chiqarishda ham elektr energiyasidan oqilona foydalanilsa mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishida munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.



Energiya samaradorligini oshirish milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Keyingi yillarda respublikamizda mavjud resurslardan, shuningdek, xonadonlarda va ishlab chiqarishda elektr energiyasidan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 22 avgustdagi «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ushbu qaror mazmun-mohiyatini va unda belgilangan vazifalarni, shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasini ishtirokchilarga tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Yuqorida qayd etilgan qarorda 2030 yilga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalarini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning ulushini elektr energiyasining umumiy ishlab chiqarish hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish belgilangan. Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalar hamda kelgusidagi asosiy ustuvorliklar, shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish, 2019-2022 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish kompleks dasturi ijrosini ta'minlash yuzasidan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan. Qarorda kompleks dasturni moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgan.


«Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2011 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda, Loyiha Jahon banki va mamlakatimiz tijorat banklarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. Pirovardida, ko‘p energiya sarflaydigan korxonalar ishlab chiqarish jarayonida elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini sezilarli darajada kamaytirish imkoni yuzaga keladi.
Loyihalar amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etilgani bois joriy yil 28 iyunda Vazirlar Mahkamasining «Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» (2-qo‘shimcha moliyalashtirish)» loyihasi doirasida Yevropa investitsiya banki mablag‘larini jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi va unga ko‘ra, yana qo‘shimcha 100 million yevro mablag‘ jalb qilinadigan bo‘ldi.
Tadbir davomida energiya samarador va qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari, viloyatda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutasaddilaridan yetarli darajada javob oldilar.
«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati
Mavzuga oid
20:21 / 13.06.2026
"Hududiy elektr tarmoqlari" eski turdagi hisoblagichlar o‘rniga yangisini bepul o‘rnatib beradi
08:33 / 18.05.2026
“Energosavdo” yuriskonsulti 5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
08:30 / 18.03.2026
1,8 mlrd so‘mlik jarimani kamaytirishni va’da qilgan muhandis qo‘lga olindi
15:00 / 02.07.2025