Ammo keyinchalik bu holat futbolda trendga aylandi. Markaziy himoyachi jarohatlanganda «Manchester Yunayted» safida boshqa himoyachi emas Maykl Karrik harakat qildi. «Roma» bir muddat de Rossini markaziy himoyachiga aylantirdi. Maskerano Argentina terma jamoasida yarimhimoyachi bo‘lsa-da, «Barselona»da yillar davomida to‘laqonli markaziy himoyachi sifatida to‘p surdi. Bunday misollar juda ko‘p.  

Vadim Abramovdan nega Odil Ahmedovni himoyaga qo‘yilgani haqida so‘ralganida, shunday javob qaytardi: «Odil Ahmedovning markaziy yarimhimoyada o‘ynashi Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin uchun o‘ylangan rejami? Buni sir tutaman, hozircha Odilning o‘yinidan zavq olib turing».

Shuningdek, bosh murabbiy o‘z vaqtida Frans Bakkenbauer, Lotar Matteus kabi futbolchilarning yarimhimoyadan markaziy himoyaga o‘tkazilishlari oqibatida, Germaniya terma jamoasi chempion bo‘lgani haqida misollar ham keltirgan.

Keling, biroz tarixga murojaat qilamiz. Nolinchi yillar boshigacha, jamoa o‘yinini boshqarish, hujumlarni tashkil qilish uchun «o‘nlik» futbolchilardan foydalanar edilar. Zidan, Badjo, Stoichkov, Xadji kabi futbolchilar ana shunday pleymeyker futbolchilar sanalishar, futbolda bundaylarning qadri juda yuqori edi.

Keyinroq esa, futbol yanada universallashib bordi va tayanch yarimhimoyachilari yelkasiga ko‘proq mas'uliyat tusha boshladi. Bu yerda gap to‘p nazorati orqaga surilganidan emas, aksincha, futbolchilar joylashuvi oldinga qarab siljiganida edi. Avvallari, tayanch yarimhimoyachilari deganda, Gattuzo, Roy Kin kabi yakkakurash qirollari tushunilgan bo‘lsa, asta-sekinlik bilan Klod Makelele, Markus Senna kabi yanada universalroq, to‘pni nazorat qila oladigan tayanch yarimhimoyachilari urfga kira boshlashdi. Hozirga kelib, to‘p bilan muomala qilishda kamchiliklari bo‘lgan, texnikasi yaxshi bo‘lmagan tayanch yarimhimoyachisini topish qiyin.

Bu bir boshlanish edi. Zamonaviy futbolda himoya chizig‘i ancha yuqorida joylasha boshladi, pressing bilan bir qatorda, to‘pni himoyada nazorat qilish va aniq paslar bilan hujumni boshlash eng muhim jihatga aylandi. Pep Gvardiola, Yurgen Klopp kabi murabbiylar himoya blokini ancha yuqoriga siljita olishdi.

Markaziy himoyachilarga bo‘lgan talablar ortdi – endi u yaxshi pozitsiya tanlash, bosh bilan yaxshi o‘ynash, kurashuvchanlik xususiyatlaridan tashqari, to‘p bilan yaxshi muomala qilishi, o‘ziga yarasha dispetcherlik qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Xullas, himoyaning bir necha metrga oldinga chiqishi oqibatida, endi jamoalarda markaziy himoyachilar pleymekerga aylanishdi.

Avvaliga, bu uslubning ishlashi uchun yarimhimoyachilarga murojaat qilingan bo‘lsa, endilikda haqiqiy top-himoyachi bu xislatlarga ham ega bo‘lishi shart. Serxio Ramos, Pike, Virjiyl van Deyk, Mats Hummels kabi himoyachilar yaqin o‘tmishdagi Jyeymi Karrager, Fabio Kannavaro va Nemanya Vidich kabi futbolchilardan ancha farq qiladi.