O‘zbekiston | 16:47 / 12.11.2019
3556
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Yevroosiyo guruhi ekspert-baholovchilarining xalqaro seminari bo‘lib o‘tmoqda

Tadbirda Yevroosiyo guruhi Kotibiyati vakillari, Yevroosiyo guruhiga a'zo davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, shuningdek Ispaniya va Belarus davlatlarining xalqaro ekspertlari ishtirok etmoqda.

11-15 noyabr kunlari Toshkent shahrida «Yevroosiyo mintaqasida jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish samaradorligini baholash: tajriba va eng yaxshi amaliyot» mavzuida xalqaro seminar bo‘lib o‘tmoqda.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi kotibiyati, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori, BMTning Jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-metodik markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Seminarning maqsadi – xalqaro maydonda Yevroosiyo guruhiga a'zo davlatlarning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish, jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish tajribasini almashish, shuningdek, tajribali ekspertlarni tayyorlash va ularni o‘zaro baholash jarayoniga jalb qilish.

Seminar doirasida o‘zaro baholash hisobotlarini ko‘rib chiqish va prokuror, tergovchilarni milliy tizimning boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mazkur seminar mutaxassis-amaliyotchilarga Qozog‘iston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasida rejalashtirilgan o‘zaro baholash jarayonlarida ishtirok etish va tegishli tayyorgarlikdan o‘tish imkonini beradi.

Tadbirda Yevroosiyo guruhi Kotibiyati vakillari, Yevroosiyo guruhiga a'zo davlatlarning (Rossiya, Hindiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, shuningdek Ispaniya va Belarus davlatlarining xalqaro ekspertlari ishtirok etmoqda.

Seminar yakunida tayyorgarlikdan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanadi hamda ular Yevroosiyo guruhi baholovchilari zaxirasiga kiritiladi.

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Departament rahbariyati bilan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi ijrochi kotibi S.A.Teterukov o‘rtasida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda Yevroosiyo guruhi doirasida 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini baholashga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.