O‘zbekistonda 3 yilda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga oid asosiy loyihalar belgilandi
Hukumat tomonidan yaqin uch yilda mahalliy elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga oid asosiy loyihalar belgilandi.
Prezidentning 30.05.2019 yildagi «Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4348-son qaroriga muvofiq Hukumat tomonidan quyidagilar tasdiqlandi:
• 2019-2022 yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish dasturi;
• elektrotexnika sanoati mahsulotlarining asosiy turlarini ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
• elektrotexnika sanoati mahsulotlarining asosiy turlarini eksport qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
• misni chuqur qayta ishlagan holda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
• 2019-2022 yillarda o‘zlashtiriladigan yangi mahsulot turlari ro‘yxati.
Norma’ning yozishicha, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga maqsadli ko‘rsatkichlarni bajarish yuzasidan mas'uliyat yuklandi. Bundan tashqari, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tashkilotlar ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlarini bajarishi uchun elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni xomashyo bilan ta'minlash mexanizmini bir oy muddatda ishlab chiqishi lozim.
2019-2022 yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish dasturi to‘rtta yo‘nalishdan iborat:
I. elektrotexnika mahsulotlari va maishiy elektromahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish;
II. elektrotexnika mahsulotlari va maishiy elektromahsulotlar eksport hajmini oshirish;
III. elektrotexnika sanoatida mis xomashyosini qayta ishlash hajmlarini oshirish;
IV. yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli tadbirlar nazarda tutilgan, ularni amalga oshirish mexanizmi belgilangan, ijro muddatlari va mas'ul ijrochilar tayinlangan. Ustuvor loyihalar qatorida quyidagilar ham bor:
• «Techno Cable Group» MChJ QKda (Toshkent viloyati) kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va yangi mahsulot turlarini chiqarish (loyihaning umumiy qiymati 1,4 mln dollar);
• «Uzkabel» AJ QK da kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (loyihaning umumiy qiymati 3,3 mln dollar);
• «Industrial Nolding» MChJ (Rossiya) kompaniyasi bilan zamonaviy kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarish (loyihaning umumiy qiymati 7,0 mln dollar va yillik quvvati 46 ming km);
• «Elsewedy Electric» kompaniyasi (Misr) tomonidan kabel-sim mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish (loyihaning umumiy qiymati 20 mln dollar va yillik quvvati 10 ming km);
• «Toshelectroapparat» MChJ XKda elektromobillar uchun quvvatlash qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil etish (loyihaning umumiy qiymati 2 mln dollar va yillik quvvati 500 dona);
• «Texno Park» MChJ tomonidan elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarishni tashkil etish (loyihaning umumiy qiymati 41 mln dollar va yillik quvvati 3 mln dona);
• «Dongho Cosmo Co., Ltd» (Koreya) elektron gaz, elektr, issiq va sovuq suv hisoblagichlari ishlab chiqarishni tashkil etish, 2020 yil noyabrda yakunlash muddati bilan (loyihaning umumiy qiymati 5,5 mln dollar va yillik quvvati 1 mln dona);
• «Endustriyel» kompaniyasi (Turkiya) tomonidan zamonaviy quyosh panellari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish (loyihaning umumiy qiymati 30,5 mln dollar yillik quvvati 200 MVt);
• «Veridos GmbN» kompaniyasi tomonidan bank, mobil va ID-kartalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, 2022 yil dekabrgacha yakunlash muddati bilan.
Dasturda tegishli yo‘nalishlardagi bir qator loyihalar va tadbirlar ham nazarda tutilgan.
Elektrotexnika sanoati mahsulotlarining asosiy turlarini ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlarida ishlab chiqarish hajmini 2,7 baravarga oshirish nazarda tutilgan. Xususan, 2022 yilga kelib 2018 yildagiga nisbatan televizorlar ishlab chiqarish 1,9 baravar, sovutgich va muzlatkichlar – 3,7 baravar, konditsionerlar – 2,4 baravar, mikroto‘lqinli pechlar – 2,7 baravar, kir yuvish mashinalari – 2,3 baravar, oshxona uchun maishiy uskunalar – 3,5 baravar, changyutgichlar – 1,7 baravar, shuningdek transformatorlar – 3,7 baravar, kuchlanish kabellari ishlab chiqarish – 5,1 baravarga oshiriladi.
Xuddi shu davrda eksport hajmi 4,3 baravarga oshirilishi lozim: televizorlar 3,2 baravar, sovutgich va muzlatkichlar – 11,1 baravar, konditsionerlar – 2,1 baravar, mikroto‘lqinli pechlar – 31,4 baravar, kir yuvish mashinalari – 2,5 baravar, oshxona uchun maishiy uskunalar – 3,9 baravar, changyutgichlar – 2,4 baravar, shuningdek transformatorlar – 2,6 baravar, kuchlanish kabellari – 2,3 baravar va h.k.
Yana bir maqsadli ko‘rsatkichga muvofiq misni qayta ishlash hajmini 5 baravarga oshirish nazarda tutilgan.
2019-2022 yillarda 15 nomdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ular jumlasida elektromobillar uchun quvvatlash qurilmalari, lift va eskalatorlar, elektr, gaz, sovuq va issiq suvni elektron hisoblash qurilmalari, chillerlar (markazlashgan isitish va sovitish tizimi), quyosh panellari, maishiy texnikalar uchun elektr dvigatellari, bank, mobil va ID-kartalar, zamonaviy energiya tejamkor issiqlik qurilmalari, shisha toladan mahsulotlar va boshqalar bor.
Mavzuga oid
14:00 / 05.09.2024
Avtomobil akkumulyatori chiqindisini utilizatsiya qilish tizimi joriy etilishi mumkin
13:56 / 05.09.2024
O‘zbekistonda bu yil sim karta, to‘lov kartasi va litiy batareyasini ishlab chiqarish boshlanadi
13:52 / 05.09.2024
Prezident O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika habiga aylantirish kerakligini ta’kidladi
13:50 / 05.09.2024