Iqtisodiyot | 16:00 / 13.10.2025
3388
2 daqiqa o‘qiladi

Elektrotexnika sanoatiga yangi imtiyozlar berilishi mumkin

Yirik loyihalarga elektrotexnika tovarlarini yetkazib bergan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni QQS to‘lashda importyorlarga tenglashtirish taklif etilmoqda. Shuningdek, yirik loyihalarda faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish talabi qo‘yiladigan mahsulotlar ro‘yxati kengaytiriladi.

Foto: "O‘zbekiston 24" efiridan kadr

O‘zbekiston prezidenti 8 oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi. Taqdimotdan keyin “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, import o‘rnini bosuvchi 110-220 kV kuchlanishga mo‘ljallangan kabellar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Loyiha Saudiya Arabistonining Riyadh Cables kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Davlat rahbari yirik loyihalarda mahalliy kontent ulushini oshirish vazifasini qo‘ygan.

“Eng yaxshi misol: kabel mahsulotlarining kamida 70 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan olish talabi belgilangan edi. Bu tajriba o‘zini oqlagani sababli uni kengaytirish, transformatorlar, shitlar va boshqa mahsulotlarga ham tatbiq etish yuzasidan topshiriqlar berdilar”, – dedi Mirziyod Yunusov.

“O‘zeltexsanoat” rahbariga ko‘ra, taqdimotda yirik loyihalar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni QQS to‘lashda importyorlarga tenglashtirish taklifi ilgari surilgan va prezident buni qo‘llab-quvvatlagan.

“Buning natijasida, dastlabki hisob-kitoblarimizga qaraganda, 120 mln dollarlik mahsulotlarni qo‘shimcha ravishda mahalliy kontent orqali yetkazib berish imkoniyati bo‘ladi”, dedi u.

Ma’lumot uchun, yirik loyihalarni amalga oshirishda xorijdan olib kelinadigan uskunalar QQSdan ozod qilinadi. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilar va importyorlarni tenglashtirish uchun yo ishlab chiqaruvchilarni ham QQSdan ozod qilish, yoki importchilarning bu imtiyozini bekor qilish kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektrotexnika ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berilgan, shuningdek, ularga yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Mavzuga oid