O‘zbekiston | 09:40 / 30.11.2019
36113
14 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishdan maqsad va kelajak uchun rejalar – Ismatulla Ergashev bilan suhbat

Foto: KUN.UZ

Bugungi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha vakili Ismatulla Ergashev bo‘ldi.

Ma'lumot uchun: Ergashev Ismatulla Raimovich, 1960 yilda Toshkentda tug‘ilgan, diplomatik darajasi - elchi, mutaxassisligi bo‘yicha sharqshunos-filolog. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, O‘zbekistonning Xitoy, Ozarboyjon kabi davlatlardagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritgan.

– Afg‘oniston nufuzi, hududi jihatdan mintaqadagi yirik davlat hisoblanadi. So‘nggi yillardagi ochiqlik siyosati tufayli juda ko‘p afg‘onistonliklar O‘zbekistonga sayyoh sifatida kelishmoqda. Ammo Afg‘onistonning o‘zi ham boy tarixga ega mamlakat. Bu davlatning madaniyati, turistik salohiyati haqida so‘zlab bersangiz.

– Ko‘pchilik Afg‘onistonda faqat urush bo‘ladi, ko‘radigan narsaning o‘zi yo‘q deb o‘ylaydi va bu fikrlarda qisman jon bor. Chunki urush ketyapti, hayot og‘ir, tahlikali, ishsizlik darajasi yuqori. Lekin mushtarak  tariximizning ildizi bir. Markaziy Osiyo renessansining ko‘zga ko‘ringan vakillari Abu Rayhon Beruniy, Mir Alisher Navoiy, Lutfiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod kabi ulug‘ insonlar afg‘on tuprog‘ida mangu qo‘nim topganlar va ularning har biri ikki xalqning g‘ururi.

Masalan G‘azni shahrida tarixiy obidalar juda ko‘p. Aynan shu shaharda Abu Rayhon Beruniy qabri bor. Prezidentimizning shu qabrni obod qilish bo‘yicha topshiriqlariga ko‘ra men shu shaharda bo‘ldim. Lekin ming afsuski hozircha bu topshiriqni bajarishning iloji bo‘lmayapti. Viloyat juda notinch, hududning yarmidan ko‘pi muxolif kuchlar tasarrufida. Bu shaharga borib ziyorat qilish hatto afg‘onlarning o‘zlari uchun ham ilojsiz bo‘lib turibdi.

Yana bir qadimiy shahar – Hirotdagi Injil arig‘ining narigi betida juda qadimiy qabriston bor va bu joyda Alisher Navoiy qabri, Gavharshodbegim va farzandlari maqbaralari bor. Kamoliddin Behzod, Ustoz Shamsiddin qabrlari ham aynan shu yerda. Hirot jome masjidi Husayn Boyqaro va Navoiy bobomiz davrida qurilgan. Masjid qurilishiga tashabbuskor bo‘lgan Alisher Navoiy barcha ishlar yakunlanganidan keyin katta osh bergan, har bir quruvchining yelkasiga o‘z qo‘llari bilan chopon ilgan ekan. Ana shu tadbirda osh damlangan ikki doshqozonning biri hozirgacha saqlanib qolgan.

Birinchi marta Navoiy qabrini ziyorat qilganimda ustidagi toshga e'tibor qaratdim. Tosh usti xuddi ariqchadek sayqallanib qolgan. Buning sababini so‘raganimda shu yerdagilar «biz Navoiy hazratni avliyo odam deb bilamiz. Shuning uchun ziyoratga kelganlar toshni qo‘llari bilan silaganlari tufayli shunday holatga kelib qolgan», deyishdi. Albatta, toshni tavof qilish qoralanadi. Ammo mahalliy aholi shu tarzda bobomizga hurmat bajo keltirib kelgan. Shuningdek Parvon, Bomiyon, Bag‘lon, Mozori-Sharif viloyatlarida diqqatga sazovor joylar bor. Ammo ming afsus, urush tufayli bu joylarga emin-erkin borishning iloji yo‘q.

Lekin umid bor, ishonch qat'iy, yaqin yillarda xalqimiz uchun bu joylarni ziyorat qilish imkoni bo‘ladi.

Ismatulla Ergashev

Yurtimizga kelayotgan afg‘onistonlik sayyohlar soni bir necha barobar ortgani quvonarli. Shu bilan birga, ikki tomonlama savdo-sotiq kuchaymoqda. «O‘zbekiston temir yo‘llari» afg‘on yuklari uchun 50 foizli chegirma joriy qilgan. Buning natijasida Afg‘onistondan eksport hajmi ham oshmoqda. Ikki tomon o‘zaro savdo aylanmasini 1 mlrd. dollarga yetkazishga harakat qilmoqda va men o‘ylaymanki yaqin kelajakda biz bu marralarni egallaymiz.

Joriy yilning 1 iyulida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Mozori-Sharif shahriga tashrif buyurishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu uchrashuv chog‘ida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» degan yirik ko‘rgazma tashkil etildi va bu juda ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Shu birgina uchrashuvning o‘zida taxminan 100 mln. dollarlik shartnomalarga imzo chekildi.

– Aksariyat muammolarning ildizi, bilimsizlikka, jaholatga borib taqaladi. Afg‘onistonda shunday illatli doira bor – urushlar ilm olishga yo‘l qo‘ymaydi, o‘z navbatida jaholat urushlarni keltirib chiqaradi. Buning yechimi sifatida O‘zbekiston 100 nafar afg‘on talabalarini O‘zbekistonda o‘qitish loyihasi amalga oshirilayotgandi. Mazkur dastur faqat bir martalikmi yoki kelajakda ham davom ettiriladimi?

– Albatta, ilmsizlik, savodsizlik jaholatga olib keladi. Bunday yoshlar jangarilar ta'siriga oson tushadi, katta qurolga aylanadi. Shularni hisobga olib prezident tashabbusi bilan aynan afg‘on yoshlari uchun Termiz shahrida O‘quv markazi ochildi. Ta'lim xarajatlarining 50 foizini O‘zbekiston o‘z zimmasiga oldi. Shu yil yuzga yaqin afg‘on talabalari o‘qishni yakunlab, diplomlar bilan o‘z yurtlariga qaytishdi. Men ularning ko‘pchiligini bosh vazirimiz tashrifi chog‘ida ko‘rdim, tarjimon, muallim, menejyer, turli sohalar bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlayotganlaridan faxrlandim. Ular to‘liq ish bilan ta'minlangan, endi nafaqat o‘z davlatlarida ilm-ziyo tarqatadilar, balki ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik ramzi, tinchlik jarchilari bo‘ladilar.

Bunday loyihalar kelgusida ham davom ettiriladi, albatta. Yaqinda 200 nafarga yaqin talaba Termizga yetib keldi va ular temiryo‘l muhandisligi, hamshiralik, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil ola boshlashadi. Faqat Termiz shahrining o‘zida bakalavriat bilan cheklanmay, bu yildan boshlab turli ta'lim dargohlarimizda afg‘on talabalari uchun magistratura tahsillari ham boshlanadi.

Shuningdek, Yevropa hamjamiyati va O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligida, afg‘onistonlik ayol-qizlarni o‘qitish bo‘yicha yana bir alohida dastur yo‘lga qo‘yildi. Kelayotgan 200 nafarga yaqin afg‘on talabalarining 40 nafarini qizlar tashkil etadi. Afg‘on yoshlari orasida O‘zbekistonda o‘qish uchun talab juda yuqori, talabgorlar tanlov asosida tanlab olinadi. Chunki ular O‘zbekistonni ikkinchi vatanlari deb hisoblaydilar, va bizning yurtimizda o‘zlarini erkin his qiladilar.

– Afg‘oniston bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishi bu energetika. Ya'ni biz bu davlatga elektr energiyasi yetkazib beramiz. Ko‘pchilikda savol tug‘iladi, biz nega o‘zimizda tanqis bo‘lgan mahsulotni chetga chiqaramiz?

– Oxirgi payt shunday fikrlarga juda ko‘p duch kelyapman. Boshidan aytmoqchimanki, bu noto‘g‘ri fikr. Afg‘onistonga elektr energiyasi eksport qilish, kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas, bu uzoq yillik amaliyot. Bu O‘zbekistonning afg‘on xalqiga berayotgan yordamning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Axir ularga biz yordam bermasak, kim yordam beradi?

Lekin bir narsani unutmasligimiz kerak – energetika sohasidagi hamkorligimiz o‘zaro manfaatli asosda amalga oshirladi. Ya'ni O‘zbekiston uchun zarar keltirmaydi.

Sizga ma'lumki, 2019 yil 20 sentyabrida ikki mamlakat energetika tashkilotlari o‘rtasida «to‘lovni tezkor ravishda amalga oshirish»ga asoslangan elektr quvvatini Afg‘onistonga yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik shartomani imzolandi.

Alohida ta'kidlab o‘tmoqchimanki, elektr quvvatining qo‘shni Afg‘onistonga eksporti O‘zbekiston aholisiga yetkazib berilayotgan elektr quvvatini kamaytirish evaziga amalga oshirilmaydi.

Iqtisodiyot vazirligi va boshqa tegishli vazirliklar tomonidan ichki va tashqi bozorga yetkazib beriladigan elektr quvvati hajmi balans qilinib, mutanosib ravishda tayinlanadi. Albatta, ichki iste'molchi hamisha ustuvorlikka ega bo‘ladi.

Bu shartnomadan kelib tushayotgan valuta energetika tizimini rivojlantirishga sarflanadi. Yildan yilga yurtimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda va uning ichki bozorga mo‘ljallangan qismi ham oshyapti.

Prezidentimiz ta'kidlab o‘tganlaridek, eksport hajmlarini oshirish iqtisodyotimizni rivojlantirishning asosiy shartlaridan biridir. 

Buning siyosiy jihati ham bor. Elektr quvvati eksporti orqali Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Sizga bir misol keltiraman – bizning katta muammomiz dengiz portlariga chiqish. Chunki O‘zbekiston hamma yo‘nalishda ikki davlat chegarasini kesib o‘tibgina portlarga chiqishi mumkin. Eng yaqin yo‘l esa Afg‘oniston orqali o‘tib, biz Eronning Bandar Abbos va Chobahor hamda yana shu davlat orqali Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqishimiz imkoniyati bor. Har ikki yo‘nalish nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun juda muhim. Biz ana shu yo‘llarda transport koridorlari yaratish ustida ishlayapmiz. Lekin bu koridorlar elektr energiyasisiz qanday ishlaydi?

Rejalarimiz ulkan, Mozori-Sharifgacha 100 kilometrga yaqin temiryo‘l qurganmiz, bu Afg‘onistondagi eng birinchi temiryo‘l hisoblanadi. Endi shu yo‘lni Hirotgacha tortish rejasini tuzyapmiz, muzokaralar olib boryapmiz. Shu bilan birga, Mozori-Sharifni Pokistonning dengiz portlari bilan ulash rejasi ham bor. Bu temiryo‘llardagi lokomotivlar elektr energiyasi bilan yuradi. Demak, biz elektr quvvati eksporti orqali transport arteriyalarini rivojlantirish imkoniyatini qo‘lga kiritamiz.

Bu loyihalar ortidan afg‘on xalqiga ish o‘rinlari yaratiladi, ular quroldan uzoqlashadi. Masalan, hozir Hayraton—Mozori-Sharif temiryo‘lida 1,5 ming nafardan ortiq afg‘onistonliklar ishlashyapti. Mozori-Sharif—Hirot loyihasi ishga tushsa, u yerda

30 ming nafardan ortiq mahalliy xalq ish o‘rniga ega bo‘ladi. Agar Mozori-Sharif—Pokiston loyihasiga kirishilsa, bu orqali yuz minglab ish o‘rni yaratiladi. Bularning hammasi tinchlik o‘rnatish bo‘yicha maqsadli harakatlardir. Eng muhimi, shu ishlarni biz bugun qilmasak, ertaga kech bo‘ladi va milliardlab dollar sarflab ham tinchlikni ta'minlab bo‘lmaydi.

– Kelajakda Afg‘oniston bilan qanday rejalar bor?

– Bu davlat kelajagi bilan bog‘liq rejalarimiz katta. Afg‘oniston bilan bog‘liq munosabatlarimiz faol rivojlanib bormoqda, hech bir oy o‘tmaydiki, bizdan bu davlatga vakillar bormasa yoki ular rasmiy tashrif bilan kelishmasa.

Biz iqtisodiyot bilan cheklanmay madaniyat, ta'lim, tibbiyot, yoshlar siyosati kabi masalalarda hamkorlikni muntazam rivojlantirib boramiz. Afg‘onistonda avtomobil yo‘llari qurish bo‘yicha yirik loyihalarda ishtirok etamiz, Kobul halqa yo‘li va poytaxtni viloyatlar bilan bog‘lovchi jami 300 km yo‘llarni qurish mo‘ljallangan. Afg‘onistonda moy ishlab chiqaruvchi uchta kichik zavod, to‘qimachilik fabrikalarini qayta tiklashda yordam berishni rejalashtiryapmiz.

O‘zimizda olib borilayotgan islohotlarga katta mablag‘ kerak albatta. Lekin shunga qaramay Afg‘onistonga qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz. Xususan, prezidentimiz dasturlariga binoan bu davlatga 25ta avtobus, traktorlar, 3 ming tonnadan ortiq bug‘doy, un, guruch, oziq-ovqat va kiyim-kechak kabi gumanitar yordamni sel, qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlardan talafot ko‘rgan hududlarga jo‘natdik. Shu bilan birga, Afg‘oniston shimolidagi bir nechta universitetga kitoblar, maxsus adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari yetkazib berdik. O‘zbek adiblarining asarlari ham taqdim etildi. Yaqinda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi vakillari tomonidan yig‘ilgan gumanitar yordam Mozori-Sharifda Afg‘oniston yoshlariga topshiriladi. Xulosa qilib aytsak, biz Afg‘onistonni hech qachon yolg‘iz qoldirmaymiz.

O‘tgan qisqagina muddat, ikki yil ichida O‘zbekiston va Afg‘oniston rahbariyati adashmasam 8 marta o‘zaro ko‘rishishdi va bevosita muloqot qilishdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, bejiz Afg‘oniston xalqi O‘zbekistonni eng yaqin, eng samimiy, qondosh-jondosh davlat deb hisoblamaydi. Afg‘onistondagi barcha siyosiy guruhlar, hattoki «Tolibon» harakati ham O‘zbekistonning afg‘on muammosi yechimidagi harakatlarini yuqori baholaydi.

Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Doniyor Yakubov

Mavzuga oid