O‘zbekiston | 12:53 / 02.12.2019
15845
7 daqiqa o‘qiladi

Paramediklar tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi ma'lum bo‘ldi

Foto: Pixabay

Paramediklar tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi ma'lum bo‘ldi. Tegishli hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirildi.

Qayd etilishicha, paramedik - maxsus tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan, ammo “paramediklarni tayyorlash” bo‘yicha 36 soatlik kursni to‘liq o‘tab, maxsus sertifikatga ega bo‘lgan shaxs.

Paramediklar shikastlanganlarga, suvga cho‘kkanlarga, zaharlanganlarga va hayotiga xavf tug‘diruvchi boshqa kasalliklar va holatlarda tez tibbiy yordam xizmati brigadasi yetib kelgunga qadar birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatadi.

Zarur bo‘lganda favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy qidiruv-qutqaruv xizmati qutqaruvchilari yoki boshqa shaxslar bilan hamkorlikda voqea joyidan xavfsiz hududga evakuatsiya qilishni tashkillashtiradi.

Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, favqulodda vaziyat xavfi tug‘ilganda paramediklar zudlik bilan yuzaga kelgan vaziyat haqida yagona dispetcherlik xizmati, ya'ni tez tibbiy yordam xizmati “103” raqamli Sall-markaziga xabar beradi va navbatchi mas'ul xodim ko‘rsatmalariga binoan harakat qiladi.

Tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatuvchi paramediklarni tayyorlash Tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3973-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Paramediklikka o‘qitiladigan shaxslar tarkibi quyidagilar etib belgilanadi:

tez tibbiy yordam avtotransporti vositalarining haydovchilari;

temir yo‘l transporti xodimlari;

aviatsiya xodimlari;

energetika korxonalari xodimlari;

yong‘in va favqulodda vaziyatlarda javobgar bo‘lgan xodimlar;

ichki ishlar va mudofaa organlarining xodimlari;

bojxona va soliq qo‘mitasi xodimlari;

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish tashkilotlari xodimlari;

xavfli ishlab chiqarish obektlarining xodimlari;

tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan tibbiyot muassasalari xodimlari;

oliy, o‘rta maxsus va xalq ta'limi muassasalari xodimlari;

ijtimoiy ta'minot tashkilotlari xodimlari;

dam olish, ko‘ngilochar va savdo tashkilotlari xodimlari.

Paramediklarni tayyorlash Qonunchilikda belgilangan, Davlat attestatsiyasi va (yoki) akkreditatsiyasidan o‘tgan tibbiy ta'lim muassasalarida amalga oshiriladi.

O‘quv mashg‘ulotlari o‘quv muassasalari tomonidan tasdiqlangan Ishchi o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ishchi dasturi va o‘quv rejasi quyidagi nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni o‘z ichiga oladi:

odam anatomiyasi va fiziologiyasi haqida umumiy ma'lumot;

tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordamni tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar (paramediklar) tomonidan tashkillashtirish;

nafas va yurak faoliyati to‘xtab qolganda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish (“Boshlang‘ich reanimatsiya asoslari” – Basic Life Support (BLS) «kengaytirilgan o‘pka-yurak reanimatsiyasi”- (Advanced Trauma Life Support (ACLS);

shikastlanishlarda, posttravmatik shoklarda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish ("Shikastlanishlarda tibbiy yordam (Advanced Trauma Life Support ATLS);

suvda cho‘kish va ba'zi turdagi zaharlanishlarda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

jarohatlar va qon ketishlarda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

sinishlarda, ayniqsa yo‘l-transport hodisalari va balandlikdan tushish oqibatida yuzaga keladigan qo‘shma va murakkab jarohatlanishlarda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

 hushdan ketish, epilepsiya xurujlari, isteriyalarda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

 elektr tokidan zararlanganlarga tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

 termik va kimyoviy kuyishlarda, gipotermiya va sovuq urishida tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligi buzilganda, bo‘g‘ilganda va tiqilib qolishda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

 terroristik harakatlarda o‘ziga xos tartibda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish;

O‘quv muassasasi tashkilotlarning ish xususiyatlari asosida kursantlar talabidan kelib chiqib, ularning profiliga muvofiq zarur bo‘lgan tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordamni ko‘rsatishga oid qo‘shimcha mavzular tashkil etish huquqiga ega.

O‘quv muassasasi ushbu Qoidaning 5-bandida ko‘rsatilgan nazariy va amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha kursantlarning o‘quv dasturini o‘zlashtirish sifatini baholash mezonlarini ishlab chiqadi.

Ta'limning davomiyligi 36 o‘quv (akademik) soatini tashkil etgan holda, bir ish kunida 8 soatdan oshmasligi kerak.

O‘quv kurslarida o‘quv mashg‘ulotlari shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini aks ettirishga imkon beruvchi simulyatsion o‘qitish uskunalari bilan jihozlangan holda o‘qitishning interaktiv usullari yordamida o‘tkaziladi. O‘quv mashg‘ulotlari oliy ta'lim muassasasini tugatgan, shoshilinch tibbiy yordam yo‘nalishi bo‘yicha o‘z malakasini oshirgan, oliy yoki birinchi kategoriyali mutaxassislar tomonidan, shuningdek yurak-o‘pka reanimatsiyalari, travmatik shoklarda tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam ko‘rsatish mavzularida “Birlamchi reanimatsiya asoslari” (Basic Life Support BLS), «Kengaytirilgan o‘pka-yurak reanimatsiyasi” (Advanced Trauma Life Support (ACLS), "Shikastlanishlarda tibbiy yordam (Advanced Trauma Life Support ATLS) xalqaro standartlarga muvofiq yordam ko‘rsatish bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. 

Kursantlar o‘quv tashkiloti tomonidan belgilangan tartibda yakuniy attestatsiyadan o‘tkaziladi. Yakuniy attestatsiya mezonlari ta'lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi.

Yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan kursantlarga sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat u berilgan sanadan boshlab besh yil davomida amal qiladi.

Mavzuga oid