Ushbu holat Bosh prokuratura tomonidan mutaxassislarni jalb etgan holda o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda poytaxtda 823 mingdan ortiq elektr energiyasi iste’molchilari bor. Bu 2024 yilga nisbatan 47,6 ming, joriy yil boshiga nisbatan 21 mingtaga ko‘paygan.

Elektr energiyasi iste’moli 2022 yilda 7,6, 2023 yilda 8,3, 2024 yilda 8,7 milliard kVt soatni tashkil etgan. Yiliga o‘rtacha 621,3 million kVt soat yoki 9 foizga ortmoqda.

Hozirda tizimdagi 1154-raqamli CALL-markaz orqali murojaatlarni qabul qiluvchi operatorlar 5 nafarni tashkil etadi. Shu sababli operator bilan ulanish uchun 60-70 tagacha navbat yuzaga kelgan. O‘rganish natijasida markazga qo‘shimcha 10 nafar operator biriktirildi.

Bundan tashqari, cheklovlar va avariyalar haqida iste’molchilarni vaqtida xabardor qilish ham talab darajasida tashkil etilmagan. Iyul oyining 23 kunida 64 ta avariya bo‘yicha iste’molchilar ogohlantirilmagan, 112 tasi bo‘yicha esa kech ogohlantirilgan.

O‘rganish natijasida barcha tuman hokimliklarining rasmiy saytlari va kuzatuvchilar ko‘p bo‘lgan internet kanallarida bu haqda zudlik bilan ogohlantirish e’lonlari berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, har bir hududdagi avariya-dispetcherlik xizmatlariga prokuratura xodimlari biriktirilib, avariya dispetcherlik xizmatlarining shayligi oshirildi.

Ta’minotdagi avariyalar, rejaviy uzilishlar haqida iste’molchilarni xabardor qilish, avariya holatlarini zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan matbuot va dispetcherlik xizmatlari xodimlari rasman ogohlantirildi.

28 nafar (“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ boshlig‘i va 11 nafar tuman elektr ta’minoti korxonalari boshliqlari, 13 nafar tuman korxonasi bosh muhandislari, 3 nafar tuman korxonasi dispetcherlik xizmati xodimlari) mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birga, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tizimli muammolar borligi ma’lum bo‘ldi.

Jamiyatning 410 nafar ishchi-xodimdan iborat 78 ta avariya brigadasi, 34 ta maxsus avtotransport vositasi yuzaga kelayotgan avariya holatlarini bartaraf etish uchun yetarli emas. 35 ta shtat birliklariga ehtiyoj mavjud.