O‘zbekiston | 15:35 / 06.12.2019
9528
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zXDP: Qoraqalpog‘istondan ko‘rsatilgan nomzodlarimiz bilan tanishing

Xalq demokratik partiyasi saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlari uchun kurashmoqda. Partiyamizdan Qoraqalpog‘istondagi saylov okruglaridan ko‘rsatilgan nomzodlar Saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda, aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy ko‘makka ehtiyojmand fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uy-joy va kommunal xizmatlarning, tibbiy xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta'minlash, ta'limda ijtimoiy tenglik bo‘yicha bir qator dolzarb masalalarni ilgari surmoqda.

Ushbu hududning murakkab sharoitidan kelib chiqib, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish kabi bir qator muhim masalalarda o‘z takliflarini ishlab chiqishdi. Ular har bir tuman va shaharga, qishloq va ovulgacha kirib borishni, aholining ijtimoiy muammolarini o‘rganib, hal etish choralarini izlashda qattiq bel bog‘lashgan.

Rustem Aybergenov, huquqshunos, iqtisodchi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshkarmasi huzuridagi hakamlik sudi raisi, 1-Nukus saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Markazlashgan isitish va issiq suv ta'minotini, maishiy chiqindilarni olib ketish va utilizatsiya qilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarning tabiiy monopoliyasi bo‘yicha qonunchilik me'yorlarini ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman. Deputatlikka saylansam, bu boradagi masalalarni yechishda yanada faol ishtirok etish imkoniga ega bo‘laman.

Pulat Xudaybergenov, shifokor, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi mudiri, 2-To‘rtko‘l saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Shifokor sifatida mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalangan holda har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish kerak, degan taklifni ilgari suryapman. Kelajakda bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirishni rejalashtirganman.

Muxabbat Tajimova, pedagog, Beruniy tumanidagi 7-maktabgacha ta'lim muassasasi mudiri, 3-Ellikqal'a saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Kam ta'minlangan oilalardan chiqqan iqtidorli bolalarning nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablarida tahsil olishini ta'minlash kerak, deb o‘ylayman. Bu orqali nimagadir qiziqishi va iqtidori bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ta'lim tizimini yuqori bosqichlarga olib chiqish, ta'lim sifatini oshirish hamda yoshlarimizga keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish imkoni yanada ortadi.

Gulshod Yusupova, shifokor, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Amudaryo tuman bo‘limi rahbari, 4-Amudaryo saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Partiyamiz jamiyatning har bir a'zosi salomatligini mustahkamlash uchun teng imkoniyatlar yaratish tarafdoridir! Shundan kelib chiqib, aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish kerak. Fikrimcha, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozim.

Xamidulla Maxalov, muhandis-mexanik, “Taxiatoshgidroenergoqurilish” unitar korxonasi direktor o‘rinbosari, Xo‘jayli saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Men o‘z dasturimni tuzishdan oldin tumanimizda aholini ko‘proq o‘ylantirayotgan masalalarni atroflicha o‘rganishga harakat qildim. Hududimizda kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash bilan bog‘liq muammolar oz emasligi ma'lum bo‘ldi. Saylovoldi dasturimda shu kabi dolzarb masalalarda tashabbuslar bilan chiqishni rejalashtirdim.

Fikrimcha, muhandislik tarmoq infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan, kommunal xizmatlar taqdim etish bo‘yicha muqobil avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish zarur.

Begdiyar Saburov, moliyachi, Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 6-Chimboy saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Saylovoldi dasturimda kerakli tovarlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflarimni ilgari surdim. Menimcha, mazkur dasturlarni shahar va tumanlarda bandlik va ish o‘rinlari yaratishga doir hududiy dasturlar hamda o‘rta maxsus va oliy ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish zarur.

Ziyada Utegenova, sanitariya-epidemiologiya shifokori, Mo‘ynoq tumani hokimining o‘rinbosari - xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 7-Orol saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan, og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan ayollarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish dolzarb vazifadir. Ular bilan dildan suhbatlashish, ko‘ngliga yo‘l topish, muammolarini bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari suryapman. Biz avvalo, ana shunday opa-singillarimizni ish bilan ta'minlash choralarini ko‘rishimiz kerak, deb o‘ylayman. Kasanachilik, tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish orqali bunga erishish mumkin...

Murat Kamalov, pedagog, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi Sport, salomatlik va yosh oilalar bilan ishlash bo‘limi mudiri, 8-Aqmang‘it saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zXDPdan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod:

– Ochig‘ini aytish kerak, hududlarda hali-hamon kam ta'minlangan oilalar, ayniqsa, olis qishloq va ovullarda yashayotgan yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi va maroqli dam olishi uchun tegishli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Xo‘sh, bunga nimalar to‘sqinlik qilyapti? Ushbu yo‘nalishdagi muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishni maqsad qildim. Deputat bo‘lib saylansam, bu rejalarni amalga oshirib, amaliy natijalarga erishamiz, deb o‘ylayman.

Albatta, yaxshi yashash uchun intilish, albatta qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Saylovchilarni deputatlikka nomzodlarimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga, nomzodlarimizga ovoz berishga chaqiramiz!

O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.

Mavzuga oid