O‘zbekiston | 21:05 / 09.12.2019
6197
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “Yer qonunchiligi buzilishiga qarshi keskin kurash oyligi” o‘tkazilmoqda

Foto: Flickr

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab “Yer qonunchiligi buzilishiga qarshi keskin kurash oyligi” o‘tkazilmoqda. 

Qo‘mita matbuot xizmati mazkur oylik doirasida aniqlangan holatlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. 

Toshkent viloyati Zangiota tumani O‘zbekiston massivida “Foziljon Xurshidjon Fayz” fermer xo‘jaligiga tegishli 8 gektar yer maydonining 0,3 gektar sug‘oriladigan yerida fermer xo‘jaligi rahbari S.Raimqulov tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari amalga oshirilganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan fermerga mahalla fuqarolar yig‘ini, kadastr bo‘limi, hokimiyat hamda prokuratura organlari tomonidan ogohlantirishlar berilgan.

Biroq shunga qaramasdan qurilish davom ettirilgan. Hokimiyat ishchi guruh komissiyasining ushbu holat yuzasidan tayyorlagan hulosasiga ko‘ra sud organlariga da'vo arizalari taqdim etilgan. 

Hozirgi kunda yer uchastkasini oldingi holatiga qaytarish va ekin ekish uchun tayyorlash ishlari olib borilmoqda. 

Shu tumandagi Harakat mahallasida bog‘dorchilik yerlarini nobud qilish holati aniqlangan. Tadbirkor egalik qilish huquqi tasdiqlanmaganligiga qaramasdan bog‘dorchilik yerlarida ekilgan daraxtlarni nobud qilib shu maydonda metall qabul qilish shaxobchasini tashkil etgan. Mazkur yerning “egasi” esa “hujjatlar tayyorlaganman”, “qaror chiqishi uchun hokimiyatda turibdi” kabi bir qancha bahonalarni pesh qildi.

Yangiyo‘l tumani Tinchlik massivi zaxirasidagi sug‘oriladigan yer maydoni esa 12 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy egallab olingan va qurilish ishlari amalga oshirilgan. Mazkur holat yer nazoratchilari tomonidan aniqlanib hududiy boshqaruv organlariga xabar berilgan. Shundan so‘ng tashkil etilgan ishchi guruh komissiyasi tomonidan sud organiga da'vo arizasi kiritilib sud qaroriga ko‘ra noqonuniy qurilgan imoratni buzib unumdor yerni qishloq xo‘jaligiga qaytarish ta'minlangan.

Ikkinchi holatda esa N.Yusupov rahbarligidagi “Yusupov yog‘-moy” MChJ ga tegishli bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonida qurilish ishlari amalga oshirilgan hamda Bo‘zsuv kanaliga bog‘langan zovur oqimi yo‘nalishi noqonuniy tarzda o‘zgartirilganligi aniqlandi. 

Tuman yer nazoratchilari hamda prokuratura organlari tomonidan ogohlantirishlarga qaramasdan ushbu yer uchastkasini o‘rganish davomida ustalar tomonidan hali ham qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.  

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Normo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan bugungi kungacha olib borilgan monitoringlar natijasida yerlar talon-toroj qilinganligi, yerlardan samarasiz foydalanishga oid 4 mingdan ortiq holat aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilgan. 

Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlanganda fuqarolarga Ma'muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining 30 barobarigacha miqdorida jarima yoki 15 sutka qamoq jazosi qo‘llaniladi. Shu holat takroran sodir etilganda yoki sodir etilgan qonunbuzarlikni bartaraf etmagan holda esa eng kam oylik ish haqining 300 barobarigacha miqdorida jarima yoki 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi.