Sport | 15:26 / 09.12.2019
68955
6 daqiqa o‘qiladi

«Shunchaki kiyimlarimni yig‘ishtirdim va ketdim» - Vaqtida O‘zbekistonda tengsiz bo‘lgan Akopyans bilan suhbat

Kun.uz Rostovga safari davomida o‘zbek futboli muxlislari uchun qadrdon bo‘lgan yana bir sobiq futbolchi bilan suhbat uyushtirdi.

Andrey Akopyans deganda ko‘pchilik milliy jamoa va «Paxtakor» safidagi yuqori texnikali, jussasi kichik futbolchini eslaydi. 1999 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Andrey Akopyans ayni damda Rostovda istiqomat qiladi va mahalliy «Rostov» klubining yoshlar jamoasida murabbiy bo‘lib ishlaydi. Andreyni «Rostov» mashg‘ulot maydonidan topdik va u bilan suhbat uyushtirdik.

«Tong saharlab yolg‘iz normativ topshirardim»

Akopyans O‘zbekistondagi faoliyatini eslar ekan so‘nggi mavsumlarida unchalik yaxshi xotiralar qolmaganini esladi. Uning aytishicha, o‘shanda bir emas, ikki jamoada murabbiy borasida omadi kelmay, faoliyatini erta yakunlashga majbur bo‘lgan:

«Men doim mashg‘ulotlarda o‘zimni ko‘rsatar, tezlik borasida hech bir yosh futbolchidan qolishmasligimni isbotlardim, ammo murabbiy meni negadir maydonga tushirmasdi. U vaqtlar futbolimizda shunchalik xunuk ishlar bo‘lardiki, ular haqida eslashni ham xohlamayman. Bilasizmi, tong saharlab faqat men uchun normativlar o‘ylab topishardi. Ularning jahlini chiqarib, barcha testlarni a'loga topshirardim (kuladi). Xullas, murabbiy meni maydonga tushirmaslik uchun qo‘lidan kelganini qilardi. Albatta, bu murabbiy kimligini aytishim to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Menga shunday munosabatda bo‘lgan murabbiylar keyinchalik hech qanday natijaga erishmay ko‘rinmay ketganini bilsam, shunchaki kulib qo‘yaman. Sening qo‘l ostingda tajribali futbolchi bo‘lsa va u yoshlarga jismoniy jihatdan imkoniyatni boy bermasa, unga o‘ynash uchun imkon berishing kerak deb o‘ylayman.

Bir kuni biz 0:3 hisobida yutqazayotgandik. Murabbiy hammasi hal bo‘ldi deb o‘yladi va meni maydonga tushirdi. Menimcha, u menga o‘yindan keyin «Mana, imkon berdim, nima ham qilding», deyish uchun shunday qilgan. Men esa tushishim bilan bitta gol urdim va bitta golga assistentlik qildim. Sal qolgandi biz o‘yinni qutqarib qolishimizga».

«Shunchaki kiyimlarimni yig‘ishtirdim va ketdim»

 

«Faoliyatim oxirida menga bunday munosabatda bo‘lganlaridan dilim og‘ridi va kunlarning birida shunchaki kiyimlarimni yig‘ishtirdim va ketdim. Ozgina hurmat ko‘rsatishlari mumkin edi deb o‘ylayman».

«Maksim kamgap yigit edi»

Akopyans milliy jamoadagi faoliyati haqida gapirar ekan Maksim Shatskixni ham esladi:

«Maks bilan anchadan buyon tanishmiz. U O‘zbekistondan ancha yosh vaqti chiqib ketgan. «Dinamo»dan avval «Baltika»da o‘ynardi. Keyin faqat milliy jamoada ko‘rishadigan bo‘ldik. Maksim haqida nima o‘ylashlarini bilmadim, ammo u qanday futbolchi ekanini maydonda isbotlab bo‘lgan deb o‘ylayman».

«Xans Verel bilan ishlash yoqimli edi»

Akopyans O‘zbekistonda o‘zi bilan ishlagan murabbiylar orasida yaqinda olamdan o‘tgan «Paxtakor»ning sobiq niderlandiyalik murabbiyi Xans Verelni eng yaxshi deb atadi:

«Xans Verel bilan ishlash yoqimli edi. U yoshlarga imkon berar va men uning davrida qanchalik o‘sganimni eslayman. U bilan Niderlandiyada yig‘inlarga borganmiz, mashg‘ulotlar ham qiziqarli bo‘lardi. Men murabbiy futbolchilarga nimadir yangilik bera olishi kerak deb o‘ylayman».

«Suv bo‘yidagi baza turibdimi?»

Akopyans O‘zbekistondagi faoliyati yaxshi yakunlanmagan bo‘lsa-da, u yerda yaxshi xotiralari qolgani haqida gapirdi:

«Toshkent, O‘zbekistondan minnatdorman. Aynan o‘zim tug‘ilgan O‘zbekiston menga hayot yo‘lini ochdi. U yerdagi faoliyatim sabab Rossiyaga keldim. O‘zbekistondagi har bir yilimni eslayman. Masalan, Samarqanddagi suv bo‘yida joylashgan «Dinamo» klubi ba'zasi nostalgiya kabi yodimda. U yer haliyam turibdimi? Darvoqe, Samarqandga «Neftchi» bilan borganimda, muxlislar meni juda yaxshi kutib olishgandi. Ular oldida maydonga tushishni juda xohlagandim, ammo murabbiy menga imkon bermagan».

«Eldor «Orenburg»ga o‘tish haqida o‘ylagandi»

Akopyansning aytishicha, Eldor Shomurodov «Rostov»dagi o‘yinlari o‘xshamagan vaqtda jamoadan ketish haqida ham o‘ylagan. Andrey Eldorning tarbiyali yigit ekanini alohida maqtadi:

«Eldor bilan tez-tez ko‘rishib turamiz. U juda tarbiyali yigit. Doim bunday odamlarning omadi keladi. Eldorga boshida oson bo‘lgani yo‘q. U bir kuni «Orenburg»dan taklif bo‘layotgani va bu haqda jiddiy o‘ylayotganini gapirib qoldi.

Shunda men o‘z tajribamdan kelib chiqib gol urishim shart degan fikrni xayolingdan chiqarib tashla, deb aytdim. Eldor bu qiyin vaziyatdan chiqib ketganidan xursandman. Buni qarangki, u mavsumdagi birinchi golini aynan «Orenburg» darvozasiga urdi».

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi: Muhammadjon G‘aniyev