Amerikada yil bo‘yi aynimaydigan olma navi yaratildi

AQShdagi ayrim supermarketlarda seleksionerlarning navbatdagi mehnat mahsuli – o‘zining ta'm va ko‘rinishi sifatlarini yo‘qotmay, 12 oy saqlanadigan olmalar sotilmoqda.
TravelAsk xabariga ko‘ra, mutaxassislar ushbu nav ustida 20 yildan ortiq ish olib borishdi va nihoyat ularga omad kulib boqdi – olimlar istaganidek yil davomida sifati buzilmaydigan meva yaratildi.
Xo‘sh, bunday olma o‘zi nima uchun kerak? Axir aavdo va transport imkoniyatlariga ega zamonaviy dunyoda sarxil meva-sabzavotlarni topish muammo emas-ku? Ayniqsa, AQShdek rivojlangan davlatda.
Cosmic Crisp nomini olgan yangi navli olma o‘zining sersuv va qarsildoqligini uzoq vaqt saqlab qoladi, ko‘rinishi ham juda chiroyli. Xaridorlar bu jihatga alohida e'tibor qaratishadi. Bundan tashqari, meva tarkibining katta qismini shakar tashkil etadi, bu esa olmaga nafaqat maza beradi, balki saqlash muddatlari uzayishiga sabab bo‘ladi.
Olmaning yangi navi Vashington universiteti olimlari tomonidan ixtiro qilindi. Aynan shu shtat AQShda olma yetishtirish bo‘yicha yetakchilik qiladi. Kelasi 10 yillik mobaynida vashingtonlik fermerlar olmaning mazkur navini yetishtirish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega bo‘lishadi. Ekspertlar bu navni AQSh hududida yetishtirilgan eng istiqbolli nav deb baholashmoqda.
Rezavorlar, sabzavot va mevalarning jahon seleksiyasi asosan uchta yo‘nalishda olib boriladi: o‘simliklarning kasalliklarga yuqori darajada chidamliligi, transportda tashishga mosligi va mevalarni uzoq muddat davomida saqlash imkoniyati. Albatta, olmalar ham bundan mustasno emas: barcha ishlab chiqaruvchilar yo‘lga chidamli va omborxonalarda uzoq vaqt saqlash mumkin bo‘lgan olmalarni bozorga chiqarishga intilishadi.
Ammo mutaxassislarning ta'kidlashicha, zamonaviy bozor foyda va daromad ortidan quvib, mahsulotlarning ta'm ko‘rsatkichlarini qurbon qilmoqda. Yangi mevalar tez ayniydigan va uzoq yo‘lga chidamsiz avvalgi navlarda bo‘lgan betakror hid va ta'mdan mahrum, foydali mikroelementlar bo‘yicha ham ularga tenglasha olmaydi.
Mavzuga oid

20:26 / 28.08.2024
Qozog‘iston xorijdan olma olib kirishni taqiqladi

14:50 / 15.07.2024
Rossiya Shimoliy Koreyadan olma sotib olishni boshlaydi

08:45 / 29.04.2024
Kuvayt O‘zbekistonda olma yetishtirish plantatsiyasi barpo etishni rejalashtirmoqda

11:15 / 25.10.2023