16:00 / 12.12.2019
0
6057

«Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari» korxonasiga maxsus texnikalar topshirildi

«Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlar» AJning tumanlardagi bo‘limlariga BM-205D rusumli zamonaviy burg‘ilash, yuk ko‘tarish va tashishga mo‘ljallangan yangi texnikalari topshirildi.

«Barqaror va sifatli energiya ta'minoti mamlakat iqtisodiy rivojlanishining muhim shartlaridan biridir. Shu bois, so‘nggi 2 yil ichida sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida hududlarda elektr energiyasi ta'minoti tubdan yaxshilandi, tizimdagi uzilishlarga barham berildi.

Prezidentimizning «2017–2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangilash Dasturi to‘g‘risida»gi qarori, «Obod qishloq» hamda «Obod mahalla» davlat dasturlari asosida viloyatimizda rekonstruksiya va modernizatsiya loyihalari doirasida jadal ishlarni amalga oshirish maqsadida «Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari» korxonasiga 4ta maxsus burg‘ilovchi BM-205D rusumli zamonaviy burg‘ilash, yuk ko‘tarish va tashishga mo‘ljallangan yangi texnikalar olib kelindi.

Mazkur texnikalarni «Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlar» AJning tumanlardagi bo‘limlariga topshirish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari A.Suvonqulov, soha rahbarlari, ishchi xodimlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu zamonaviy texnikalar 1 kunda 50 dona beton tayanchlarni o‘rnatish imkonini beradi. Demakki, kun davomida mazkur texnikalar 2 km masofagacha elektr tarmog‘ini qurish ishlarini amalga oshiradi.

Sohaning yangi zamonaviy maxsus texnikalar bilan ta'minlanishi o‘z vaqtida ish sifati va samaradorligining oshishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, bu esa kelgusida aholi va ishlab chiqarish tarmoqlarini uzluksiz, barqaror elektr energiya bilan ta'minlash imkoniyatini yaratadi», deyiladi «Surxondaryo XETK» AJ matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top