Jahon | 21:47 / 20.12.2019
5220
2 daqiqa o‘qiladi

France Télécom kompaniyasining sobiq rahbari o‘nlab xodimlarning o‘z jonlariga qasd qilishi bo‘yicha ish doirasida qamoqqa hukm qilindi

Foto: REUTERS

Fransiya sudi France Télécom (hozirgi nomi Orange) telekommunikatsiya kompaniyasining sobiq bosh direktori va prezidenti Dide Lombardga kompaniya xodimlarining ommaviy ravishda o‘z jonlariga qasd qilishlari bo‘yicha ish doirasida o‘z hukmini e'lon qildi. Bu haqda BBC News xabar berdi.

77 yoshli Lombard 12 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. U 4 oyni panjara ortida o‘tkazadi, qolgan 8 oyi esa shartli ravishda tayinlandi. U shuningdek, 15 ming yevro jarima to‘laydi. Lombardning o‘rinbosari va HR-departamenti sobiq direktoriga ham xuddi shunday jazo tayinlandi.

Sud Lombard va kompaniyaning ikki top-menejyerini o‘z qo‘l ostidagilarga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazishda, buning natijasida France Télécom xodimlari o‘z jonlariga qasd qilishganida aybdor deb topdi. Bundan tashqari, yana to‘rt nafar top-menejyer jinoyatga sheriklikda aybdor deb topildi va har biri shartli ravishda to‘rt oyga qamoq jazosiga hamda 5 ming yevro jarima to‘lashga hukm qilindi.

Sud ishi davomida France Télécom kompaniyasining 39 nafar xodimi ishi o‘rganildi, ulardan 19 nafari o‘zini o‘ldirgan, 12 nafari o‘zini o‘ldirishga uringan. Qolgan sakkiz kishi tushkunlikka tushgan.

2000-yillarda France Télécom rahbariyati kompaniya restrukturizatsiyasini o‘tkazgan. Kompaniya top-menejmenti 22 ming ish o‘rnini qisqartirish va 10 ming xodimni qayta o‘qitishni rejalashtirgan. Buning doirasida qator xodimlar oilalaridan uzoqqa, boshqa shaharlarga jo‘natilgan, ayrimlariga esa o‘zlariga munosib deb bilmagan ishlar topshirilgan. Buning natijasida ommaviy o‘z joniga qasd qilishlar sodir bo‘lgan.