O‘zbekiston | 23:28 / 21.12.2019
83224
8 daqiqa o‘qiladi

«Prezident lyuksi va mehmonxona narxlari» - «Hilton Tashkent City» bosh menejyeri bilan suhbat

 Hilton & Resors brendi ostida faoliyat yurituvchi Toshkentdagi ilk mehmonxona – «Hilton Tashkent City» 14 dekabr kuni ochildi.

 Tashkent City kompleksi xududida qad ko‘targan besh yulduzli mehmonxona ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari bilan bir qatorda chet ellik mehmonlar ham ishtirok etdi.

 Marosimda qatnashgan Kun.uz muxbiri mehmonxona bosh menejyeri Marko Fiyen bilan kichik suhbat tashkil qildi.

Marko Fiyen

 «Hilton Tashkent City» – Toshkentning o‘ziga xos qulay nuqtasida joylashgan birinchi mehmonxona»

Toshkentda turli brend mehmonxonalar tarmog‘ining bir qancha filiallari bor. Xo‘sh, Hilton shaharadgi boshqa mehmonxonalardan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Mehmonxona bosh menejyeri Marko Fiyendan dastlab shu haqda so‘radik.

— Avvalo, sizni Hilton’da ko‘rib turganimdan xursandman. Hilton – Tashkent City kompleksi hududidagi yangi mehmonxona bo‘lib, Toshkentning o‘ziga xos qulay nuqtasida joylashgan.

 Shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur bino balandligi 92 metrni tashkil qiladi. Uning eng baland, 21-qavatidan atrofga nazar tashlaganingizda poytaxtning ajoyib ko‘rinishiga guvoh bo‘lasiz.

 Mehmonxona Toshkent shahrining eng diqqatga sazovor joylari, bog‘lar ko‘rinib turadigan baland inshoot sifatida qad rostlagan.

 Hilton’ning alohida xususiyatlaridan biri – uning kengligidir. Bizda balandligi 6 metr bo‘lgan 730 kvadrat metrlik keng zal mavjud. Bu kelajakda tashkil etiladigan konferensiyalar uchun qulay imkoniyat yaratadi.

 Ob-havo yaxshi bo‘lgan vaqtlarda esa tashqarida bemalol jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Mehmonxonamizning eng yuqori qismi, ya'ni 21-qavatda maxsus restoran bor. Unda Osiyo mamlakatlarining mashhur taomlari tayyorlanadi.

 Hilton’da mahalliy va xorijiy sayyohlar bizning xizmatlarimizdan foydalangan holda lazzatli taomlarimizni tatib ko‘rishlari hamda pazandalik mahoratimizdan bahramand bo‘lishlari mumkin.

 Bundan tashqari, bizda mehmonlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yirik yopiq suzish havzasi hamda ajoyib fitness-klub mavjud. Bu yopiq majmuada mehmonlarga o‘zgacha sport zavqini bag‘ishlay olamiz, deb o‘ylayman. Shuningdek, mehmonlar sauna, shahar markazida joylashgan davolash markazlarimiz hamda spa salonlarimizdan ham foydalanishlari mumkin.

 

Shuni to‘liq ishonch bilan ayta olamanki, mehmonxonamizda mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

 Mehmonxonaning o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, u sakkiz nafargacha turli millatlardan kelgan yuqori toifali, aytaylik, arab, ingliz yoki fransuz millatiga mansub mehmonlarni qabul qila oladi. Ko‘p mehmonxonalar odatda bir vaqtning o‘zida faqat bir nafar oliy martabali mehmonni qabul qiladi.

«Narxlar ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatiga bog‘liq»

«Hilton & Resors» brendining Toshkentdagi mehmonxonasida narxlar boshqa davlatlardagi mehmonxonalaridan ko‘ra qimmatroq ekanini ta'kidlashadi. Masalan, Amsterdam va Pragadagiga nisbatan qimmat. Xo‘sh, buning sababi nimada? Mehmonxona bosh menejyeridan shu haqdagi fikri bilan qiziqdik.

– Toshkent tez rivojlanib borayotgan shahar hisoblanadi. Biroq hozirda bu yerda ko‘rsatiladigan xizmatlar borasida «Hilton Tashkent City» bilan tenglashadigan va uning segmentlariga javob beradigan mehmonxonalar deyarli yo‘q.

 Faqat ayrim mehmonxonalar jahon talablariga javob beradi.

 Bilasizmi, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati qanday bo‘lsa, narxlar ham shunga muvofiq bo‘ladi, sababi shu.

 Asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonga keladigan mehmonlar uchun barcha sharoitga ega va bizdan minnatdor bo‘ladigan xizmat ko‘rsatish tizimini, ya'ni brendni yaratishdan iborat. Biz shu maqsad yo‘lida astoydil harakat qilamiz.

«Hilton Toshkentga o‘zi bilan mehmondo‘stligini ham olib kelmoqda»

Mehmonxona to‘la kuch bilan ishga tushmoqdami yoki qurilish ishlari hali davom etadimi? Marko Fiyen bu savolga ham javob berdi.

– To‘la kuch bilan ishga tushmoqda. Mehmonxona yangi yil oqshomida ham mehmonlarni kutib olishni to‘xtatmaydi.

 Shuni aytib o‘tish joizki, Hilton faqatgina biznes markazi sifatida Toshkentga kelmadi, u o‘zi bilan mehmondo‘stligini ham olib keldi.

«Hilton Tashkent City» haqida

Yangi mehmonxonada jami 258 ta turli toifalardagi, ya'ni standart va 1-toifa xonalar, burchak lyukslari va 8ta prezident lyuksi mavjud. Ular fransuz, ingliz, arab va klassik uslublarda jihozlangan. 1-toifa va lyuks xonalarda yashashning afzalliklari – katta mehmonlar zaliga kirish imkoniyati bo‘lib, undagi xizmatlar «shved stoli» usulidagi nonushta, kun davomida ichimlik va gazaklarni o‘z ichiga oladi.

Prezident lyuks xonasi 250 kvadrat metrdan kattaroq maydonga ega va u o‘z ichiga mehmonlar uchun xona, tushlik uchun xona va oshxonani oladi.

«Hilton Tashkent City»da tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan joylarning umumiy maydoni 2 453 kvadrat metrni tashkil qilib, 5ta ko‘p funksiyali anjumanlar zalini hamda yozgi ayvonga chiqadigan keng banketlar zalini o‘z ichiga oladi.

Barcha anjuman zallari birinchi va ikkinchi qavatlarda joylashgan bo‘lib, anjuman va boshqa tadbirlar davomida mehmonlarning harakatlanishini osonlashtiradi.

Aytgancha, barchani qiziqtiradigan narxlar haqida. Ma'lum bo‘lishicha, mehmonxonada bir kun turish va belgilangan xizmatlardan foydalanish narxi 194 dollardan 2400 dollargachani (standartdan to lyuks xonalargacha) tashkil qiladi.

«Hilton Tashkent City» tadbirlar uchun mo‘ljallangan barcha zallarning tabiiy yoritishga egaligi bilan Toshkentda yagonadir. Bundan tashqari, mehmonxona 4 ming kishilik sig‘imga ega kongress-markazining yonida joylashgan.

«Hilton Tashkent City», shuningdek, turli mamlakat taomlarini taklif qiluvchi bir nechta restoran xizmatlarini ham o‘z ichiga olgan: 21-qavatda joylashgan Izakaya Reustarant & Longue pan-Osiyo restoranida janubi-sharqiy Osiyo taomlari taklif qilinadi. Shosh restorani esa milliy va Yevropa taomlariga ixtisoslashgan.

 Hilton & Resors mehmonxonalar tarmog‘i haqida qisqacha

«Hilton» – dunyo yorlig‘iga aylangan eng mashhur tarmoqlardan biri. «Hilton mehmonxonasi» iborasi uzoq vaqtdan beri farovonlik, hashamat va boy hayot bilan sinonim bo‘lib kelgan.

«Hilton» tarmog‘i o‘z mijozlari uchun «Hilton Honnors» sodiqlik dasturini ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, mijozlar turar joy uchun ballarni to‘plashi mumkin.

Hilton Hotels & Resors nomli zamonaviy va progressiv mehmonxonalar mehmonnavozlik borasida shubhasiz yetakchi hisoblanadi. Bir asrlik tajribaga ega Hilton mehmonxonaning eng yaxshi an'analarini davom ettirib, mehmonlarga xizmat ko‘rsatishni innovatsion yondashuv bilan boyitib bormoqda. Olti qit'ada 585ta mehmonxonaga ega Hilton Hotels & Resors dunyoning eng mashhur joylarida o‘z mehmonxonalarini joylashtirgan.

Mavzuga oid