Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida maxsus rejim amal qiladi
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv obektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, hujjat doirasida suv obekti deganda suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha to‘planadigan va suv rejimining o‘ziga xos shakllari va belgilari bo‘lgan tabiiy (jilg‘alar, soylar va daryolar) hamda sun'iy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (ko‘llar, dengizlar, yer osti suvli qatlamlar) va sun'iy (suv omborlari, sel suvlari to‘planadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek, buloqlar va boshqa obektlar tushuniladi.
Suv obektlarining bulg‘anishi, ifloslanishi, qurib qolishi va tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan loyqa bosishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, qulay suv rejimini saqlash, suv obektlaridan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish hamda ta'mirlash va tiklash ishlarini olib borish uchun normal shart-sharoit yaratish maqsadida suvni muhofaza qilish zonalari belgilanadi va ulardan sohil bo‘yi mintaqalari uchun yer maydonlari ajratiladi.
Suv obektlarining sanitariya-muhofaza zonalari va ularda joylashtirilgan sanitariya-himoya mintaqalari jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik-ichimlik va davolash-sog‘lomlashtirish ehtiyojlari uchun ishlatiladigan suvlarni muhofaza qilish uchun zarurdir.
Suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya-muhofaza zonalari tegishli loyihalar asosida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, geologiya va mineral resurslar organlari, shuningdek, suv obektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning takliflari bo‘yicha belgilanadi. Loyihalar har bir tabiiy suv obektlari bo‘yicha alohida, suv xo‘jaligi obektlari bo‘yicha esa ularni qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash loyihalari tarkibida yoki alohida ishlab chiqiladi.
Loyiha ishlab chiqish bilan «O‘zdaverloyiha» loyihalashtirish instituti shug‘ullanadi (zarurat bo‘lganda boshqa loyihalashtirish tashkilotlari jalb etiladi), quyidagilar buyurtmachilar hisoblanadi:
tabiiy yer usti suv obektlari bo‘yicha — ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari;
tabiiy yer osti suv obektlari bo‘yicha — geologiya va mineral resurslar organlari;
suv xo‘jaligi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash loyihalari tarkibida ishlab chiqilganda — ushbu loyihalarning ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlari;
suv xo‘jaligi obektlari bo‘yicha alohida ishlab chiqilganda — ulardan foydalanuvchi tashkilotlar.
Sohil bo‘yi mintaqalari va sanitariya-muhofaza zonalari birinchi mintaqalarining yerlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan xo‘jalik faoliyatidan olib qo‘yiladi. Ulardan normal foydalanish uchun zarur bo‘lgan tabiatni muhofaza qilish, suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish hamda boshqa tadbirlar o‘tkazilishini amalga oshirishni ta'minlash maqsadida tegishli tashkilotlarga beriladi. Bunday tabiiy suv obektlari maydonlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida bo‘ladi.
Suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarida xo‘jalik faoliyatini yuritishning maxsus rejimi amal qiladi. Bir qator taqiq va cheklovlar nazarda tutiladi: umumiy tusdagi cheklovlar, sohil bo‘yi mintaqalarida qo‘shimcha cheklovlar, birinchi (qat'iy tartibli), ikkinchi (cheklangan tartibli) va uchinchi (kuzatiladigan) zonalarda, shuningdek birinchi (qat'iy tartibli), ikkinchi va uchinchi (xo‘jalik faoliyati cheklangan tartibli) mintaqalarda maxsus cheklovlar mavjud.
Suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalariga kirgan yerlar, sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalaridan tashqari yerlar ushbu yerlardan foydalanuvchi hamda ijarachilardan olib qo‘yilmaydi, ular tomonidan tasdiqlangan qoidalarga rioya qilingan holda foydalaniladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori bilan sohil bo‘yi mintaqalari quyidagicha beriladi:
daryolar va qurimaydigan soylarning sohil bo‘yi mintaqalari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda boshqa tadbirlar o‘tkazilishini ta'minlash, shuningdek, yer uchastkalaridan samarali foydalanish maqsadida yerdan foydalanuvchi hamda ijarachilarga;
suv xo‘jaligi obektlarining sohil bo‘yi mintaqalari ushbu obektlardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, shuningdek, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa tadbirlar o‘tkazilishini ta'minlash hamda yer uchastkalaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu obektlardan foydalanuvchi tashkilotlarga beriladi.
Kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo‘yidagi tuproq uyumlari egallagan maydonlar ulardan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishilgan holda fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa tashkilotlarga muddatli (vaqtincha) foydalanishga yoki ijaraga berilishi mumkin. Ushbu maydonlardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tuproq uyumlarini qurilish materiallari sifatida ishlatish va rejalashtirish ishlarini bajarish uchun foydalanish mumkin.
Xo‘jalik-ichimlik suv ta'minoti va mineral suvlar manbalari sanitariya-muhofaza zonalarining birinchi mintaqalari yer uchastkalari bilan birgalikda bu inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarga foydalanishga beriladi.
Mavzuga oid
08:20 / 20.05.2026
O‘zbekiston suv iste’moli yuqori davlatlar reytingiga kirdi
17:59 / 16.05.2026
O‘zbekiston kunlik suv iste’moli yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi
07:18 / 05.05.2026
Suvni ifloslantirganlik uchun jarima miqdori keskin oshirildi
18:55 / 19.04.2026