Jahon | 22:57 / 27.12.2019
16547
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada O‘zbekistonda chiqarilgan Il-114 samolyoti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi  

Foto: Livejournal

2020 yilda Rossiyada Il-114 va Il-96‘ning modernizatsiya qilingan versiyasi (Il-96-300) ilk parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqda “Ob'yedinennaya aviastroitelnaya korporatsiya” rahbari Yuriy Slyusar “Rossiya-24” telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi. 

“2020 yil – premeralar yili. Toshkentda ishlab chiqarilgan Il-114 ilk bor havoga ko‘tariladi va uning ishlab chiqarilishi bu yerda - Rossiyada ilk bor o‘zlashtirildi. Samolyotning ilk parvozi yil boshida bo‘lib o‘tadi. Il-96-300 samolyoti Il-96’ning chuqur modernizatsiya qilingan versiyasi bo‘lib, u ham kelasi yilda havoga ko‘tariladi”, deb ma'lum qilgan Slyusar. 

Il-114 samolyoti 1980-yillarda ishlab chiqilgan. Ushbu samolyotdan O‘zbekistonda 18 dona ishlab chiqarilgan. Samolyotni Rossiyada seriyali ishlab chiqarish 2023 yilga belgilangan. Undan har yil 12 dona ishlab chiqariladi. 

Mahalliy yo‘nalishlarga mo‘ljallangan Il-114’ni dastlab seriyali ishlab chiqarishga qo‘yish rejalashtirilgan, biroq 1990-yillarda bu reja amalga oshmay qolib ketgan.

Ushbu samolyotdan 7 tasi 2018 yil 1 maygacha “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan qo‘llangan.

2014 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Il-114’ning Rossiyada seriyali ishlab chiqarilishini tashkillashtirish masalasini ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergan. 2017 yilda ushbu modelni MiG korporatsiyasi zavodida ishlab chiqarishga tayyorgarlik boshlangani ma'lum bo‘lgan. 

Samolyot 64 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, uning uchish uzoqligi 1500 kmni tashkil qiladi. Hozirda samolyotning katalog bo‘yicha narxi 16-20 mln dollarni tashkil qiladi. 

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid