O‘zbekiston | 18:30 / 07.01.2020
3961
2 daqiqa o‘qiladi

1 sentyabrgacha amaldagi mehnat daftarchalari elektronlashtiriladi – vazirlik

Bugun, 7 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida elektron mehnat daftarchalarini yuritish tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjuman tashkil etildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Yagona milliy mehnat tizimi IDAKni boshqarish direksiyasi rahbari Husan Yorqulov respublika miqyosida qilinayotgan ishlar borasida ma'lumot berdi.

«Respublikada 650 ming 529ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bor. 2019 yil dekabr oyida 811ta seminar tashkil etilgan bo‘lib, ularda ish beruvchilarga elektron mehnat daftarchasini yuritish va xodimlar haqida ma'lumotlarni elektron bazaga kiritish o‘qitildi. 144ta vazirlik va idoralarning (jami 1 milliondan ortiq xodimlar mavjud) mas'ul xodimlariga seminarlar o‘tildi. 2020 yil 6 yanvar holatiga ko‘ra, tizimga 11 ming 777ta korxonalar tomonidan 142 ming 946 nafar xodim to‘g‘risida ma'lumot kiritilgan.

«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvargacha tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020 yil 1 sentyabrgacha elektronlashtirilishi shart. Ya'ni, amaldagi mehnat daftarchalari ma'lumotlari «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. 1 yanvardan boshlab tuzilgan mehnat shartnomalari esa to‘liq elektron shaklga o‘tadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Муҳаббат Маъмирова
Tayyorlagan Муҳаббат Маъмирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid