Sport | 22:21 / 09.01.2020
38282
4 daqiqa o‘qiladi

Eronliklar motam bog‘ichida o‘ynagan sohil bo‘yidagi «jang»dan fotogalereya

O‘zbekiston U23 jamoasi Tailanddagi Osiyo chempionatida ishtirokini boshladi. Lyubinko Drulovich shogirdlari birinchi turni Eronga qarshi o‘tkazib, 1:1 hisobida durang o‘ynashdi. Albatta, O‘zbekiston amaldagi chempion ekanini inobatga olsak, yigitlarimiz ochko yo‘qotdi, ammo Eronning bugungi vajohatini ko‘rib durang ham yomon natija emas deyish mumkin. Drulovich ham aynan mana shunday fikrda, ya'ni u durang yomon natija bo‘lmaganini aytdi.

Nega sohil bo‘yidagi jang deganimiz haqida ikki og‘iz. O‘yin Songxladagi sohil bo‘yida joylashgan stadionda o‘tkazildi. Eronning o‘zidan kuchli raqibga juda jiddiy, vajohat bilan qarshilik ko‘rsatgani o‘yinning «janggga aylanib ketishiga» sabab bo‘ldi. Eronda bo‘layotgan oxirgi voqealardan xabaringiz bor. Bu voqealar futbolchilarning g‘alabaga ishtiyoqini chandon marotaba oshirganini aynan maydonda ko‘rdik. Darvoqe, eronlik futbolchilar shu kuni qora bog‘ichlarda maydonga tushishdi. Ular general Sulaymoniyning o‘limi va yaqinda sodir bo‘lgan aviahalokat sabab mana shunday motam bog‘ichlarida o‘ynashdi.

Yil xatosi va Ma'sud Shojaini eslab 

O‘yinning dastlabki 15 daqiqasi O‘zbekiston uchun juda yomon o‘tdi. Futbolchilar ko‘p xato qilishdi, ayniqsa darvozabon Abduvohid Ne'matov. Uning bir nechta xatosini yaxshiyam raqiblar kechirishdi. Shunday vaziyatlardan birida eronlik Ali Shojai yil xatosiga yo‘l qo‘ydi. O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari bahsi yodingizdami? O‘shanda qatarlik futbolchi Temur Jo‘rayev qo‘riqlagan bo‘sh darvozaga gol ura olmagandi. Shojai bugun mana shunday xatoni takrorladi (Eronlik jurnalistlar bilan suhbatda shu bahonada boshqa bir Shojai (Ma'sud) Aleksandr Lobanov darvozasiga penaltidan gol ura olmaganini esladik).

Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib futbolchilarimiz vaziyatni o‘z qo‘llariga olib to‘pni nazorat qila boshlashdi. Natijada o‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan bo‘lgan Bobur Abduxoliqov 40-daqiqada penalti ishladi. To‘g‘rirog‘i, u qulay vaziyatga chiqib borayotgan vaqtda raqib qo‘pollik ishlatishga majbur bo‘ldi. Belgilangan penaltini Islom Qobilov golga aylantirdi.

Milliy jamoa charchatgan Sanjar va Hoji

Bugun jamoada Sanjar Qodirqulov va Hojiakbar Alijonovlardan ko‘p narsa kutishgandi, ammo ular kutilgan o‘yinni namoyish eta olishmadi. Har ikki futbolchida ochiqchasiga charchoq alomatlari sezildi. To‘g‘risi, uzoq mavsum tanaffussiz o‘ynagan yosh yigitlarni charchatib qo‘ygani rost. Balki murabbiy ularni keyingi o‘yinda Sharof Muhiddinov va Dilshod Saidovlarga almashtirar.

Ikkinchi bo‘limda yigitlarimiz hisobni ushlab qola olishmadi. Taym avvalida himoyachilarning juda qo‘pol xatosidan foydalangan Rizo Dehqoniy gol urdi. Goldan keyin nazorat yana O‘zbekiston tomonga o‘tdi, ammo yigitlar boshqa gol urishni eplay olishmadi. Quyida o‘yindan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Mavzuga oid