Mag‘lubiyat «quvonchi». O‘zbekiston yengilib pley-offga chiqqan va koreys askari porlagan o‘yindan fotogalereya
Tailandda Osiyo chempionati U-23 bahslari davom etmoqda. «S» guruhida qatnashayotgan O‘zbekiston 3-turda Janubiy Koreyaga qarshi o‘ynadi. O‘yin guruh va butun musobaqa favoriti Janubiy Koreyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv koreyslarning katta ustunligida o‘tdi desak bo‘ladi. Vaholanki koreyslar bizga qarshi o‘yinda oldingi bahsga qaraganda 7 ta futbolchini o‘zgartirishdi. Ammo bu jamoa o‘yinining sifatiga ta'sir qilmadi. O‘yinda hisob rikoshetli goldan so‘ng ochildi. O Su Xen kerak bo‘lmagan vaqtda to‘p yo‘liga chiqib qoldi, ammo kutilmaganda unga tekkan to‘p darvozabon Abduvohid Ne'matovni chalg‘itib, golga aylandi.
Birinchi bo‘limning o‘zida yigitlarimiz hisobni tenglashtirishdi. Aziz G‘aniyevning super uzatmasini Bobur Abuxoliqov golga aylantirdi. Bobur bosh bilan uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Ikkinchi bo‘limda esa O Su Xen chinakam super golga mualliflik qildi. U chap oyoqda darvozamizning yaqin burchagini aniq nishonga oldi.
Janubiy Koreyaning o‘yinlarini ko‘rgan bo‘lsangiz, mamlakat madhiyasi vaqtida O Se Xun harbiy chest berib turardi. U bugun ikkinchi goli vaqtida ham chest berib muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Bugungi o‘yin aynan O ismli bu askar yigitning benefisiga aylandi. Koreys futboli armiyacha tartibga asoslanganini inobatga olsak, bunday gol nishonlash ramziy ma'no kasb etdi, bizningcha.
O‘yin oxirida muxlislarimiz juda katta hayajon bilan o‘tirgan bo‘lishsa kerak. Chunki Eron 89-daqiqada Xitoyga penaltidan gol urdi va o‘yin oxirida ketma-ket hujum qildi. Agar Eron gol urganda ham, O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqardi, chunki eronliklarga sariq kartochkalari ko‘proq edi. Shunday bo‘lsa-da, Koreyaning hujumlari vaqtida muxlislarning hayajoni ortgan bo‘lishi aniq.
Yigitlarimiz mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishsa-da, keyingi bosqichga chiqishdi. Endi chorak finaldagi raqib kim bo‘lishini kutamiz. Bu yoki BAA, yoki Iordaniya bo‘ladi. Yarim finalda esa Saudiya, Tailand yoki Suriya jamoalaridan biriga raqib bo‘lishimiz mumkin (agar chorak finaldan o‘tsak). Xullas yaxshi niyatlarimiz bizni yarim finalga ham olib chiqdi, hozircha esa O‘zbekiston — Janubiy Koreya o‘yinidan tayyorlangan katta fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.
Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar
Mavzuga oid
18:34 / 03.07.2024
O‘zbekiston U23 jamoasining Parij Olimpiadasi uchun kengaytirilgan tarkibi e’lon qilindi
00:12 / 04.05.2024
Parij-2024. O‘zbekiston guruh bosqichini Ispaniyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi
22:43 / 03.05.2024
Osiyo kubogi U23. O‘zbekiston finalda Yaponiyaga mag‘lub bo‘lib, ketma-ket ikkinchi marta qit’ada ikkinchi o‘rinni egalladi
16:30 / 30.04.2024