Iqtisodiyot | 15:26 / 16.01.2020
11663
9 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank Boshqaruvining 2020 yil 16 yanvardagi qarori bilan Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda MB xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, mazkur qaror inflatsiyaning pasayayotgan prognoz trendiga to‘liqroq ishonch hosil qilish uchun ma'lum muddat zarurligi hamda tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi bo‘yicha ayrim noaniqliklarning mavjudligi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, keyingi Boshqaruv yig‘ilishlarida asosiy stavkani biroz pasaytirish tomonga qayta ko‘rib chiqish ehtimoli mavjudligi aytiladi.

Inflatsiya dinamikasi va prognozi

2019 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya prognoz koridorining (13,5-15,5 foiz) yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllandi va 15,2 foizni tashkil etdi.

Inflatsiya sur'ati asosan yilning ikkinchi yarmida tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi (21,6 foizga o‘sishi), shuningdek, 2019 yil avgust oyidagi milliy valuta devalvatsiyasi natijasida tezlashdi.

2019 yil davomida narxlarni yuqori o‘sishi un va non mahsulotlari (24,8 foiz), go‘sht mahsulotlari (23,4 foiz), meva va sabzavotlar (14,5 foiz) hamda yo‘lovchi transporti (13 foiz) sohalarida kuzatildi.

2019 yilning oktabr-dekabr oylarida choraklik inflatsiya darajasi 2018 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,7 foizdan 5 foizgacha sekinlashdi.

Markaziy bank 2020 yil uchun inflatsiyaning bazaviy prognozini belgilangan 12-13,5 foiz darajasida saqlab qolmoqda. Joriy yil yakuniga qadar inflatsiya darajasi pasayishi quyidagi prognoz baholariga asoslangan:

2019 yilda yuzaga kelgan ba'zi inflyatsion omillar ta'sirining tugab borayotganligi hamda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining aksariyati bo‘yicha narxlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi, shuningdek, asosiy savdo hamkor davlatlardagi narxlar darajasiga moslashib bo‘lganligi;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik va qurilish sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘sishi prognoz qilinmoqda va bu ichki iste'mol bozorida taklif hajmining ortishiga xizmat qiladi. Bunda raqobat muhitini bosqichma-bosqich yaxshilab borish muhim omil hisoblanadi;

pul-kredit va makroprudensial siyosatning zarur dastaklaridan foydalanish hamda davlat xarajatlari va umumiy budjet taqchilligini optimallashtirish orqali kreditlarning maqbul darajada o‘sishi ta'minlanadi va shu orqali inflatsiya va ayirboshlash kursiga bo‘lgan bosimni pasaytiradi.

2018-2019 yillarda o‘rtacha ish haqi darajasining sezilarli darajada to‘g‘rilanganligi hisobiga 2020 yilda aholi nominal daromadlarining mo‘'tadil darajada o‘sishining kutilishi talab omillari ta'sirini kamaytirishga yordam beradi.

Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019 yilda YaIMning o‘sishi 5,6 foizni tashkil etdi. Global iqtisodiy o‘sish sur'atlarining pasayishiga qaramay, asosan rag‘batlantiruvchi soliq-budjet va kredit siyosati, shuningdek, asosiy eksport xom-ashyo tovarlari narxlarining ijobiy dinamikasi o‘tgan yilda iqtisodiy o‘sish uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minladi.

Shu bilan birga, prognoz hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018-2019 yillarda iqtisodiyotga ajratilgan kredit qo‘yilmalari va davlat xarajatlarini tez sur'atlar bilan o‘sishining iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlovchi ta'siri 2020 yilning birinchi yarim yilligida ham ma'lum darajada saqlanib qoladi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, 2020 yilning ikkinchi yarmida nominal YaIM o‘sish sur'ati 2019 yilning mos davriga nisbatan biroz sekinlashadi. Fiskal va monetar siyosatning tartibga soluvchi ta'siriga qaramasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning o‘sishi va investitsion jarayonlarning faollashishi iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta'sir qiladi.

Pul-kredit sharoitlari

2019 yilning so‘nggi choragida pul bozorida foiz stavkalar turli omillar va bozor tendensiyalari ta'siri asosida shakllandi. Ularning o‘zgarish xarakteri yilning oldingi choraklaridan keskin farq qildi.

Xususan, o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar 2019 yil oktabr oyidagi 15,2 foizdan noyabr oyida 16,4 foizga va dekabr oyida 17,5 foizgacha o‘sdi. Shu bilan birga, depozitlarning o‘rtacha muddatlarida o‘sish kuzatildi.

2019 yilning oktabr-dekabr oylarida banklararo depozit operatsiyalari hajmi oldingi choraklar o‘rtacha ko‘rsatkichlariga nisbatan 2 barobardan ko‘proqqa oshdi.

Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalarda va inflatsiyaning prognoz dinamikasida barqaror o‘sish sur'atlarining mavjud emasligiga qaramay, 1 oydan 3 oygacha bo‘lgan depozit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari 18-20 foizgacha o‘sdi. Bu uzoq muddatli likvid resurslarning yetishmasligi hamda banklarning likvidlik bo‘yicha tegishli ko‘rsatkichlariga erishishga bo‘lgan harakatlari bilan bog‘liq.

Markaziy bank va Moliya vazirligi tomonidan obligatsiyalarning muomalaga chiqarilishi va ichki moliya bozorini to‘yintirib borilishi hamda banklar tomonidan likvidlilik holatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar inflatsiyaning prognoz trayektoriyasiga mos keladigan daromadlar egri chizig‘ining shakllanishiga olib keladi.

Kreditlar ajratishning bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish orqali bozorda segmentansiyani pasaytirish choralari ham kreditlar bozorida foiz stavkalari o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishga xizmat qiladi.

2019 yilda umumiy pul massasi 13,8 foizga, milliy valutadagi pul massasi esa 14,4 foizga o‘sdi. Bunda pul massasi tarkibida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi, xususan:

milliy valutadagi muddatli depozitlar 43 foizga, shu jumladan, jismoniy shaxslar depozitlari 54 foizga oshdi;

aholi omonatlarining jami depozitlardagi ulushi 25 foizdan 31 foizgacha ko‘tarildi;

muomaladagi naqd pullar nisbatan pastroq sur'atlarda – 9,4 foizga o‘sdi. To‘lov tizimi va hisob-kitoblar infratuzilmasining rivojlanishi, shuningdek, milliy valutaga va umuman bank tizimiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanib borishi muomaladagi naqd pullar dinamikasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Natijada 2019 yil davomida naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 27,6 foizdan 26,6 foizgacha pasaydi.

2019 yilda iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari hajmi qayta ko‘rib chiqilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha 54,7 foizga o‘sdi. Xususan, milliy valutadagi kreditlar 48,7 foizga (shu jumladan, aholiga ajratilgan kreditlar 63,5 foizga) hamda xorijiy valutadagi kreditlar 62,6 foizga o‘sdi.

Prognoz baholarga ko‘ra, 2020 yilda kredit qo‘yilmalarining o‘sish sur'ati nominal YaIM o‘sish sur'atlariga mos keladigan fundamental trendiga yoki muvozanatli o‘sishiga qaytadi va 20-25 foiz atrofida bo‘ladi.

Ilgari ajratilgan kreditlar qaytarilishi hisobiga yangidan beriladigan kreditlarni yanada samaraliroq loyihalarga yo‘naltirish orqali 2020 yilda kredit qo‘yilmalari prognoz doirasida o‘sishi ta'minlanadi. Bu ortiqcha talab paydo bo‘lishining oldini olish orqali iqtisodiyotga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi hamda narxlar o‘sishini pasaytiruvchi va to‘lov balansini yaxshilovchi omil sifatida xizmat qiladi.

Makroprudensial siyosat sohasida asosiy e'tibor likvidlik, kapital yetarliligi va aholining qarz yuki darajasi bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga qat'iy rioya qilinishini ta'minlashga qaratiladi.

Pul-kredit siyosati choralari iqtisodiyotga ta'sir kanallarini, xususan, kreditlar hajmining o‘sishi, jamg‘arish faolligi, inflyatsion kutilmalar va ayirboshlash kursi barqarorligi kanallarini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Bunda pul-kredit operatsiyalarini amalga oshirish va kommunikatsiya siyosati instrumentlarini qo‘llashda amaliy jihatni oshirish rejalashtirilgan.

Xatarlar va noaniqliklar

Xizmatlar sohasida tannarx ko‘p hollarda ish haqi darajasiga va kommunal sohada esa energiya manbalari narxlariga bog‘liq bo‘lganligi sababli ushbu sohalarda noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga elektr energiyasi va gazni uzluksiz yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish dolzarbligining oshib borayotganligi 2020 yilda ular narxlarining sezilarli darajada oshishini talab etishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, asosiy prognozni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin. Biroq, ushbu omil bir martalik xususiyatga ega bo‘lib, asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha keyingi yig‘ilishlarda e'tiborga olinadi.

Transport infratuzilmasi va bozorlardagi raqobatni rivojlantirish, iqtisodiyotning turli sohalarini gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash borasida zaruriy tarkibiy islohotlarni amalga oshirish inflatsiyaning barqaror sekinlashishining asosiy omili hisoblanadi.

Markaziy bank inflyatsion omillar xususiyati va xatarlarni diqqat bilan o‘rganib borishi, inflatsiyaning prognoz dinamikasiga nisbatan mustahkam ishonch hosil bo‘lgan sharoitda asosiy stavkani pasaytirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilishi bildirilgan.

Mavzuga oid