Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pgina mamlakatlar «eski» yuz dollarlik banknotlarni qabul qilishni bosqichma-bosqich to‘xtatayotgani haqidagi xabarlar ko‘paydi. O‘zbekiston misolida olsak, bu ma’lumotni Markaziy bank inkor etdi. Regulyatorga ko‘ra, mamlakatdagi hisob-kitoblarda eski namunadagi 100 dollarlik nominalidagi banknotlarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan.
Ammo, odamlar orasidagi qo‘rquv va xavotir tarqalgani yo‘q. Tijorat banklariga borgan mijozlarning aksariyati bunday kupyuralarni qabul qilishni xohlamayapti. Maishiy texnika, elektronika, telefon sotadigan do‘kondorlar (O‘zbekistonda bu tarmoqlarda aksariyat mahsulotlar dollarda narxlangani bois valuta bilan savdo qilish odatiy holga aylangan) ham eski dollarni qabul qilishdan bosh tortishyapti. Xo‘sh, o‘zi nima gap?
Turkiyada tarqalgan qalbaki dollarlar
2024 yilning noyabr oyi oxirida Turkiyada qalbaki dollarlar tarqalgani yuzasidan tergov boshlandi. Bunga mamlakatga 600 million dollarlik qalbaki banknotlar kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani asos sifatida keltirilgan. Natijada ayirboshlash shoxobchalari va banklar eski namunadagi 50 va 100 dollarlik kupyuralar bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatdi.

Mutaxassislarning aytishicha, Turkiyaga qalbaki dollarlarning asosiy qismi Suriya, Eron va Bolqon hududlaridan olib kelingan. Qalbaki valuta bilan bog‘liq birinchi operatsiya Suriya bilan chegaradosh Gaziantep shahrida amalga oshirilgan. Qalbaki dollarlar Antaliya, Izmir, Istanbul, Anqara kabi turistik shaharlarda ham aniqlangan.
MOdagi vaziyat
Dekabr oyining o‘rtalariga kelib qozog‘istonliklar banklarda eski namunadagi dollar kupyuralari komissiya evaziga qabul qilina boshlagani yuzasidan e’tiroz bildira boshlashdi

















