Jahon | 19:29 / 19.01.2020
29767
8 daqiqa o‘qiladi

«Postapokalipsis»: Avstraliya o‘rmonlari nega yonmoqda?

Avstraliyada yarim yildan buyon to‘xtamayotgan o‘rmon yong‘inlari dunyo  jamoatchiligini tashvishga solmoqda.

Foto: Australian Maritime Safety Authority / Reuters

Avstraliyada yarim yildan buyon to‘xtamayotgan o‘rmon yong‘inlari dunyo jamoatchiligini tashvishga solmoqda.

Hammasi nimadan boshlandi?

Avstraliya iqlimi va tabiiy relefi tufayli qit'ada o‘rmon yong‘inlari har yili, mavsumiy tarzda kuzatiladi. Odatda yong‘inlar mavsumi materikdagi yoz oylariga to‘g‘ri keladi – dekabrdan boshlanib, martgacha davom etadi.

Hozir davom etayotgan yong‘inlar 2019 yil iyun-iyul oylaridan boshlangan edi. Dekabr oyiga kelib, Yangi Janubiy Uels shtatida favqulodda holat e'lon qilindi – yong‘inlar ko‘lami ushbu shtat uchun rekord darajaga yetdi. Tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud ham ayni shu shtat.

Sabab nimada?

Asosiy omillar ikkita – rekord darajadagi yuqori havo harorati va bir necha yillik qurg‘oqchilik. Shuningdek, okean yuzasidagi haroratning ortishi ham vaziyatga ta'sir qilgan.

Misol uchun, 4 yanvar kuni Sidney yaqinidagi Penrit shahrida 48,9 gradus issiq qayd etildi. Bu – shahar tarixidagi eng yuqori harorat. O‘sha kuni dunyoning boshqa hech bir yerida bu qadar yuqori issiqlik qayd etilmadi.

Tabiiy ofat natijasida hosil bo‘layotgan tutun mahalliy iqlimda anomal o‘zgarishlarni keltirib chiqaryapti. Bu esa chaqmoqlar sonining ortishi, natijada yangi yong‘in o‘choqlarining hosil bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: EPA / TASS

Qurbonlar                        

Yong‘in qurbonlari soni 30 nafarga yaqinlashgan. 14 yanvar holatiga ko‘ra, 5900dan ortiq bino, jumladan 2600dan ziyod xonadonlar olovdan ziyon ko‘rgan.

Qachon tugashi noma'lum bo‘lgan yong‘in natijasida ba'zi hayvon turlari butunlay yo‘qolib ketishi ham mumkin.

Yong‘inda qirilgan jonivorlar bo‘yicha aniq raqamlar mavjud emas. Ammo Sidney universiteti 1,2 mlrd.ga yaqin jonzotning halok bo‘lganini ma'lum qilgan. Universitet professori Kris Dikmanning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyining avvaliga qadar Yangi Janubiy Uels shtatining o‘zida 800 mln.dan ziyod hayvon qirilgani qayd etilgan.

«Hozircha faqatgina bevosita yong‘inning o‘zida halok bo‘lgan jonivorlar hisoblanmoqda. Atrofga tarqalgan tutun natijasida hamda o‘zining tabiiy turar joyini yo‘qotishi oqibatida nobud bo‘lgan jonivorlar bo‘yicha hali bosh qotirilgani yo‘q. Shuningdek, ko‘rshapalak, qushlar, repiteliy va boshqa umurtqasizlar ham sanoqda yo‘q», – deyiladi universitet axborotida.

Foto: EPA / Vostock-photo

Ma'lumotga ko‘ra, jonivorlar ichida eng ko‘p zarar ko‘rgan tur – koalalar hisoblanadi. Koala tabiatan juda sekin harakatlangani bois olov ichidan chiqib ketishda qiynaladi. Avstraliya atrof-muhit vaziri Susanna Leyning so‘zlariga qaraganda, mamlakatda koalalarning 30 foizi qirilib ketgan bo‘lishi mumkin. Yong‘inlar boshlangandan beri 8 mingdan ziyod koala nobud bo‘lgani aytilmoqda.

The Sydney Morning Herald axborotiga ko‘ra, Avstraliya hukumati koalani yo‘qolib borayotgan jonzotlar ro‘yxatiga kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Ma'lumot uchun, Avstraliyaning ramzlaridan biriga aylangan koala bir yilda mamlakat turizmiga 2,5 mlrd dollargacha foyda keltiradi.

Foto: ABC

Iqtisodiy talofat

Bloomberg prognoziga ko‘ra, ushbu yong‘inlar YaIMning o‘sishini 0,1-0,25 foizga sekinlashtirishi mumkin. Bevosita iqtisodiyotga yetadigan ziyon 3,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Tutun tarqalishi natijasida sayyohlarning Avstraliyani tark etishi esa 800 mln dollar zararga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, NASA ma'lumotiga ko‘ra, poytaxt Kanberrada havoning ifloslanish darajasi 26 baravarga oshgan.

Yong‘in bilan kurashish uchun uch mingdan ortiq inson kuchi jalb qilingan. BBC axborotiga ko‘ra, kurashayotganlarning aksariyatini ko‘ngillilar tashkil etadi. AQSh, Kanada, Yangi Zelandiya, Malayziya va Polshadan ham yong‘inni o‘chirish uchun yordam kuchlari yetib kelgan.

Foto: Rick Rycroft / AP

Avstraliyaga ko‘mak berish uchun xayriya mablag‘larini jamlash mashhurlar orasida ham, Tvitter va Instagram foydalanuvchilari orasida ham ommalashdi. Jami 131 mln AQSh dollari Avstraliyaga xayriya uchun jamlandi.

Shuningdek, mamlakat hukumati talafotlarni bartaraf etish uchun 1,4 mlrd dollar miqdorida mablag‘ ajratishni rejalashtirgani ma'lum qilindi.

Foto: AFP

Bu hali hammasi emasmi?

Yanvar oyi boshida mavsumning birinchi tropik sikloni olib kelgan yomg‘irlar alangani qisman pasaytirishga yordam berdi. Yog‘ingarchilik ofat o‘choqlari eng ko‘p bo‘lgan Yangi Janubiy Uels va Viktoriya shtatiga ham o‘tdi. Agar bu shtatlardagi yong‘inlar bir-biri bilan to‘qnashsa, yong‘in ko‘lami yana ham kengayib ketishi xavotiri mavjud. Yog‘ingarchilik miqdori hali yetarli emas.

O‘rmon yong‘inlari mavsumi Avstraliyada doimiy ravishda kuzatiladi. Monasha (Melburn) universiteti professori Nevill Nikollsning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlar mavsumining pik nuqtasi hali o‘tgani yo‘q. Eng kuchli issiq fevral oyida kutilmoqda. Avstraliya meterologiya byurosi esa, o‘z navbatida, yog‘ingarchilikning ham yuqori bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Avstraliya yong‘inlaridan hosil bo‘layotgan tutun allaqachon Chili, Argentina, Yangi Zelandiyaga qadar yetib borgani ma'lum bo‘ldi. BMT tutunlar Antarktida qirg‘oqlarini ham zabt etganini taxmin qilmoqda.

Foto: Reuters

Avstraliya tarixidagi eng yirik yong‘inlar emas

14 yanvar holatiga ko‘ra, qit'adagi o‘rmon yong‘inlari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida 18,6 mln gektarni qamrab olgan.

Tasavvur uchun, bu – O‘zbekiston hududining 40 foizi, Avstraliya hududining 2,4 foiziga teng.

Avstraliya tarixidagi eng yirik yong‘in 1974-75 yillar mavsumiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda materikning 15 foiz hududi olov bilan qoplangan – yong‘in ko‘lami 117 mln gektarni tashkil etgandi.

Foto: Bai Xuefei / Imago images / Xinhua / TASS

Bundan oldingi va keyingi yillarda ham yana bir necha marotaba hozirgidan ikki barobar ko‘proq hududni qamragan o‘rmon yong‘inlari kuzatilgan. Misol uchun, 2002 yildagi tabiiy ofat 38 mln gektarga yoyilgan.

Mavzuga oid