O‘zbekiston | 19:12 / 20.01.2020
7466
3 daqiqa o‘qiladi

Agrobank: Paxta to‘qimachilik klasterlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda

Mamlakatimizda yangidan yangi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatlarini va paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishda «Agrobank» ATB tomonidan ham ustuvor islohotlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 17 yanvar kuni O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasining katta anjumanlari zalida o‘tkazilgan «Agrobank filiallari tomonidan paxta to‘qimachilik klasterlariga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifati va ko‘lamini yanada oshirish, 2020 yilda amalga oshiriladigan investitsion loyihalar hamda klasterlarda zanjirli ishlab chiqarish mexanizmini shakllantirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash» mavzusidagi seminar  ham shu maqsadda bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminarda respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari,  to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining yetakchi mutaxassislari hamda bank rahbarlari va xodimlari  ishtirok etdi.

Seminarda bugungi kunda klasterlarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlar sifati va ko‘lamini yanada oshirish, soha rivoji uchun zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlaridan kengroq foydalanish va amaliyotga tatbiq etish, xalqaro moliya institutlar bilan olib borilayotgan hamkorlik va xorijiy kredit liniyalarini jalb etish hamda paxta xomashyosini yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan samarali foydalanish borasida so‘z bordi. 

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish borasida 2018 yilda 15 ta, 2019 yilga kelib esa  klasterlar soni 74 ga yetdi. 2020 yilda klasterlar soni 88 taga yetkazilib, Respublikada to‘liq klaster tizimi tashkil etiladi. Bunda yetishtiriladigan 3 101 ming tonna paxta hosilining barchasi klasterlar tomonidan yetishtirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlarini ishini yanada samarali boshqarish va o‘zaro yaqin hamkorlikda ish olib borish maqsadida masofaviy onlaynda ishlaydigan texnologik tizimni joriy etish ham maqsad qilingan. 

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Mavzuga oid