Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari xodimlarining ommaviy ravishda ishdan ozod etilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ishsiz qolayotgan minglab fuqarolar bu holatdan norozi bo‘lib, turli tashkilotlarga shikoyat arizalari bilan murojaat yo‘llashmoqda.
Kun.uz Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati xodimlarining noroziligi va e'tirozlariga sabab bo‘lgan omillar bilan qiziqdi.
Avvalo shuni qayd etish kerakki, prezidentning 2019 yil 9 sentyabrdagi PF-5814-sonli farmoniga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotlari va ularning hududiy bo‘linmalari negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etilgan edi.
Mazkur farmonga asosan, 2020 yil 1 aprelga qadar sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari xodimlari sonini 7 ming shtat birligiga bosqichma-bosqich maqbullashtirish va shtat birliklarining bir qismini Davlat inspeksiyasiga berish vazifasi yuklatilgan.
Yangi tashkil etilgan agentlik matbuot xizmati xodimining ma'lum qilishicha, farmon ijrosini ta'minlash maqsadida tizimda mavjud bo‘lgan 6736ta shtat birliklari qisqartirilishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, qisqarishga tushgan mazkur shtat birliklarida band bo‘lib turgan xodimlar bilan mehnat munosabatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinish jarayonlari boshlangan.
Izohda aytilishicha, ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarning mehnat huquqlari to‘la ta'minlanishi uchun Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Shu o‘rinda, shtatlar qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda xodimning huquqlari va ish beruvchining majburiyatlari borasida qonun hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.














