O‘zbekiston | 21:18 / 03.02.2020
5770
3 daqiqa o‘qiladi

Adham Bekmurodov: Ko‘p sohalarda mahsulotlarimiz qiymatining 70 foizi – moddiy xarajatlar

Foto: British Council

3 fevral kuni Britaniya Kengashi tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston oliy ta'limida ijodiy tadbirkorlikka o‘qitish integratsiyasi» konferensiyasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov so‘zga chiqdi.

Bekmurodov ijodiy tadbirkorlik mavzusi dolzarbligini ta'kidlab, ayrim statistik ma'lumotlarni keltirdi.

Uning aytishicha, O‘zbekistonning jami tashqi savdo aylanmasi orqali keladigan pulni britaniyaliklar ta'lim xizmati eksportidan topishadi.

«Bu – 40 milliard dollarga yaqin. Yoki, britaniyaliklar YaIMning 80 foiziga yaqin ko‘rsatkichini xizmatlar tashkil etadi. Moddiy jihatdan deyarli hech nima sarflashmaydi, ekologiyaga zarar ko‘rsatishmaydi, lekin katta mablag‘ ishlab topishadi», – deya Adham Bekmurodovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Taqqoslash uchun, 2019 yilning dastlabki uch choragida xizmatlar sohasining O‘zbekiston YaIMdagi ulushi 35,9 foizni tashkil etgan.

Bekmurodovning ta'kidlashicha, O‘zbekistondagi ko‘plab sohalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymatining deyarli 70 foizi moddiy xarajatlardan iborat.

«Ya'ni turli xom-ashyolar qazib olib, relefga salbiy ta'sir ko‘rsatamiz. Yiliga bir necha milliardlab tovar ishlab chiqarish uchun juda ulkan moddiy resurslarni sarflaymiz. Ijodkorlik orqali katta pul topishimiz mumkin. U biz uchun juda muhim», – deya tushuntirdi u.

Foto: British Council

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijodkorlik nafaqat tadbirkorlik, balki davlat xizmati uchun ham zarur.

«Jamg‘armamiz Prezident administratsiyasi huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshida faoliyat yuritadi. Unga ijodkor kadrlar juda zarur. Chunki har kuni turli xil topshiriq, dastur, loyihalarni ko‘ramiz. Ularda ijodkorlik, innovatsiyalarni qo‘llash g‘oyalarni amalga oshirilishini ancha yengillashtirgan bo‘lar edi. Bu ham juda muhim.

Kecha davlat xizmatlarini olish uchun juda ko‘p vaqt sarflar edik. Bugun ayrim yoshlarimiz tomonidan amalga oshirilgan ijodkorlik orqali uyda, ofisda o‘tirib, ana shu xizmatlardan foydalanishimiz mumkin. O‘ylaymanki, agar bu sohada ham ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlasak, nafaqat iqtisodiyotimiz, balki davlat boshqaruvi ham yutgan bo‘lar edi», – deb qo‘shimcha qildi «El-yurt umidi» jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov.

Mavzuga oid