Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining jamoatchilik kengashi yig‘ilishida bu taklifni o‘rtaga tashlagan Bekmurodov vazirlikdan so‘rovnomalar orqali davlat tashkilotlarida mehnat unumdorligini baholab chiqishni so‘radi.
Yig‘ilishda Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori butun dunyo, jumladan, Buyuk Britaniya ham to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgani, shu sababli O‘zbekistonda ham ish rejimi va mehnat unumdorligi masalasida ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi.
“Biz esa hali yakshanba kuni [dam olishga] kurashib, erisha olmayapmiz. Shuning uchun bir yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak. [Haftasiga] yetti kun ishlaganimizdan keyin, sakkizinchi kundagi mehnat unumdorligi jumaga nisbatan qanchaga tushib ketadi? Buni olimlar hisoblasa bo‘ladi. Hech bo‘lmasa [shu masala] bir kun ko‘tarilgan paytda: “Mana, bu borada tadqiqot bor, 4 kunlik ish rejimiga o‘tsak, bizda mehnat unumdorligi bunaqa bo‘ladi”, deb ayta olamiz.
Oddiy bitta misol: Markaziy davlat boshqaruv organlari bilan ularning hududiy boshqarmalari o‘rtasida besh yuzdan ortiq bir-birini takrorlaydigan funksional vazifalar bor. O‘sha ishni kimdir qilishi kerak, lekin bitta ishni uchta darajada qiladiganlar bor. Shuning uchun mehnat unumdorligi 8 soatda davlat idorasi xodimi uchun qanaqa intensiv bo‘lishi kerak va shundan kelib chiqib, uni xronometraj qilish kerak.
Masalan, bir kunda u nima ish qilyapti? Bu savolni ko‘tarsak, darrov bizga e’tirozlar bo‘ladiki, o‘zi o‘tirgan odamlarning foydasi bormi? Biz foydasi bor yoki yo‘qligini baholashimiz kerak, buning uchun esa avval ilmiy tadqiqot o‘tkazilishi kerak”, – dedi akademiya rektori.
Bekmurodovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 120 mingga yaqin davlat xizmatchisi bor. Oxirgi 5 yilda davlat idoralari soni 2 barobarga, mehnat intensivligi esa 4,5–5 barobarga oshgan.
“O‘tgan yili 97 mingga yaqin davlat xizmatchisi, ya’ni davlat boshqaruvi organlarining turli darajadagi rahbar-kadrlari akademiyamizda o‘qidi. Joriy yilning 6 oyi davomida esa 52 ming kishini o‘qitdik. Ularning aksariyatiga darsga o‘zim kiraman-da, doim ko‘zlariga qarab baho beraman: ulardagi mehnat unumdorligini oshirishning birinchi drayveri – ish rejimini optimallashtirish.














