«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ yuridik xizmat xodimlari malakasi oshirilmoqda
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi hududiy elektr tarmoqlari korxonalari yuriskonsultlari malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda maxsus kurslar tashkil etildi.
Ma'lumki, elektr energetika sohasida ta'minotchi va iste'molchi o‘rtasida turli xil nizoviy vaziyatlar vujudga kelib turadi. Bunday holatlarda tizim korxonalari yuridik bo‘limlarida xizmat qilayotgan kadrlar zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklanadi. Shunday ekan, korxona faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishda soha yuristlarining kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish, bunda nazariya va amaliyot uyg‘unligi hamda eng ilg‘or o‘quv uslublariga tayangan holda qayta tayyorlash ishlariga alohida e'tibor qaratish zarurdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2019 yilda amalga oshirilgan ishlarga baho berar ekan, 2020 yilning «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshiriladigan ishlarga alohida to‘xtalib, joriy yilda qabul qilinadigan Davlat dasturiga kiritilishi lozim bo‘lgan eng asosiy yo‘nalish va vazifalarni belgilab olish orqali amalga oshirilayotgan islohotlarga turtki berilishi alohida ta'kidlangan edi.
Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta'minlash, davlat hokimiyati organlari vakolatlarini yanada aniqlashtirish, kadrlarni tanlash va vazifaga qo‘yishning shaffof tizimini yaratish, korrupsiyaga qarshi murosasiz jamiyatni barpo etish, kadrlar malakasini oshirish tizimini mustahkamlash kabi vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan 72 soatlik o‘quv kurslarida 200 nafardan ortiq tinglovchi ishtirok etmoqda. O‘quv jarayonida mashg‘ulotlarning samaradorligini oshirish maqsadida «Blits-so‘rov», «Aqliy hujum», «Keys-stadi», «Kichik guruhda ishlash» va boshqa interfaol usullar qo‘llanilib, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.
Ta'kidlash joizki, malaka oshirish davomida tinglovchilar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va sud-huquq sohasidagi islohotlar, davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirish jarayonlari, qonunchilikdagi yangiliklar, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy va xalqaro tizimi, davlat xizmatchilarining kasb va odob-axloq qoidalari, fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari, ma'muriy tartib-taomillar va boshqa mavzularga oid ma'ruzalar tinglaydilar.
Malaka oshirish jarayonida tinglovchilar joylarda qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, muhokama qilish va vakolatli organlarga kiritish tartiblari bilan tanishishdan tashqari, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilish, huquqiy baho berish va yechish bilan bog‘liq ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga belgilangan tartibdagi sertifikatlar beriladi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati
Mavzuga oid
22:42 / 17.09.2024
Toshkentda Bobur ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati cheklanadi
15:21 / 20.08.2024
O‘zbekistonda hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xususiy sektorga berish boshlanadi
20:26 / 07.08.2024
Elektr energiyasi hisobi uchun yangi billing dasturi ishga tushirildi
18:47 / 31.07.2024