Bugun, 7 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi, Jahon banki ekspert guruhi vakillari hamkorligida Toshkent shahridagi Amiti universitetida «Raqamli shaharni rivojlantirishda aqlli shaharning roli» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Janubiy Koreyaning Pusan «aqlli shahri» loyihasining bosh strategi Jon-Sun Xvan va turli idora vakillari qatnashdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Kun.uz muxbiri tadbirdan so‘ng Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov bilan suhbatda bo‘ldi.

– «Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etishda to‘siq bo‘layotgan omillar nimalardan iborat?

– Bu - ma'lumotlarni muvofiqlashtirishdagi muammolar. Eng asosiysi, sohalarning raqamli tizimga o‘tmaganligi. «Aqlli shahar»da raqamlar bilan ishlash juda muhim. Shuning uchun ham transport sohasini raqamlashtirish, shuningdek, tibbiyot va ta'lim sohalaridagi ma'lumotlar elektron shaklda bo‘lishi kerak. Boshqarishda ham ma'lumotlarning elektron shaklda bo‘lishi ularni tezda tahlil qilish va qaror chiqarishga yordam beradi. Ana shu ma'lumotlarning yo‘qligi hozirgi kunda bizda «aqlli shahar» texnologiyalarini joriy qilishda to‘siqlarga olib kelyapti.

– Bir necha yildirki, «aqlli shahar» konsepsiyasini joriy etish haqida gapirib kelinadi. Elektr energiyasi va internet bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani holda konsepsiyani to‘liq amalga oshirilishiga qanchalik ishonasiz?

– Bu savolga javob berishda shuni aytardimki, agar to‘siq, muammolar bor desak, hali ham kutishimiz mumkin. Dunyo «aqlli shahar» konsepsiyasini 20 yil oldin boshlagan. Biz jarayonni jadallashtirishni boshlaganimizga ikki yil bo‘ldi.

Asosiy sabab nimada bo‘lgan? Hozir O‘zbekiston raqobatbardosh davlatlar qatoriga kirmoqchi. Shuning uchun har bir sohada rejalashtirgan ishlarimiz bo‘lishi kerak. Umumiy rivojlanishda hamma narsa raqamlashtirilayotganda, dunyoda 3,5 milliarddan ortiq aholida smartfonlar borligi, 4,5 milliarddan ortiq aholi internetdan foydalanishi – bu sharoitdan foydalanish kerak.

Albatta, elektr energiyasi, internet – bu muhim elementlar. Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ham bu konsepsiyaning asosiy ijrochilaridan biri.