O‘zbekiston | 22:25 / 11.02.2020
22775
4 daqiqa o‘qiladi

«Birinchi o‘rinda xavfsizlik». Bojxona rasmiysi Rossiyadan yuk tashiyotgan haydovchilar e’tiroziga munosabat bildirdi

«Fuqaro o‘zining narsasini o‘zi olib kelsa, kirgizamiz. Undan boshqasi tijoriy maqsadlarda olib kelinadi», dedi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Kabulov.

13 yanvar. Toshkentda parlament oldiga yig‘ilgan haydovchilar

11 fevral kuni Toshkent viloyatidagi «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona postiga press-tur tashkil etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unda 1 yanvardan joriy etilgan soddalashtirilgan yangi bojxona to‘lovlaridan norozi bo‘layotgan yuk tashuvchilar bilan bog‘liq masalaga ham izoh berib o‘tildi.

«Yuk tashuvchilar eski narsa olib kelishgan. Eski narsa bo‘lgandan keyin, narxini past qo‘ysa ham biz e’tiroz qo‘ya olmaganmiz. Eski narsaga 10 baravar arzon qo‘ysa ham, biz qabul qilganmiz.

Hozirda eski narsa masalasida alohida boshqa vazirliklar shug‘ullanyapti. Migrantlarimiz chet elga borib, ishlab, o‘zini narsasini olib kelsa, hech qanday e’tiroz yo‘q. Yangi soddalashtirilgan bojxona to‘lovlaridan norozi bo‘layotganlar bu – xizmat ko‘rsatuvchilar. Ular tovar tashish bilan shug‘ullanishyapti. «Biri do‘stimniki, biri qarindoshimniki», deb eski narsani olib kelyapti. Biz quruq gapga ishona olmaymiz.

2tasi o‘ziniki bo‘lsa, qolgan 8tasini sotish uchun olib kelyapti. Bu bo‘yicha aniq ma’lumotlarimiz bor.

Rustam Kabulov, Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i

Bu – birinchi tomoni. Asosiy masala xavfsizlik bo‘lib turibdi. Faraz qilaylik, eski narsani ichida ishlatilgan narsa, axlatda yotgan narsa ham bo‘lishi mumkin. Buni hech kim kafolatlamaydi. Rasmlarini ham ko‘rsatishimiz mumkin.

Oldinlari 100 AQSh dollarlik narsani 5 dollar yozsa ham qabul qilganmiz. Biz Qozog‘istondan kelayotgan fuqaroga alohida yoki boshqa davlatdan keladiganga alohida tartib qila olmaymiz. Bu tartib faqat shu yuk tashuvchi haydovchilarga to‘g‘ri kelmadi.

Boshida noto‘g‘ri tushunishdi. Birinchi o‘rinda olib kelinayotgan narsaning xavfsizligi turadi. Biz buni vakolatli organlarga kiritganmiz. Ular bu masalani o‘rganishyapti. Fuqaro o‘zining narsasini o‘zi olib kelsa, kirgizamiz. Undan boshqasi tijoriy maqsadlarda olib kelinadi.

Hozirda bu masala bo‘yicha tegishli tashkilotga taklif kiritganmiz. Birinchi navbatda xavfsizlik masalasi ko‘rib chiqiladi», – dedi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Kabulov.

Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni O‘zbekiston va Rossiya shaharlari o‘rtasida yengil avtomobilda qatnaydigan o‘nlab haydovchilar Oliy Majlis binosi oldida to‘planib, 1 yanvardan kuchga kirgan yangi bojxona tartibidan shikoyat bildirishgan edi.

1 yanvardan yo‘lga qo‘yilgan soddalashtirilgan tartibga asosan, bojxona boji, QQS va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovi undirilmoqda. Bunda to‘lov stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin bir kilogrami uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilangan.

Soddalashtirilgan tartib jismoniy shaxslarga nisbatan, ular shaxsiy ehtiyojlari uchun chet eldan olib kelayotgan tovari miqdori bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortgan holatlarda qo‘llaniladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid