O‘zbekiston | 16:38 / 11.02.2020
1997
4 daqiqa o‘qiladi

«Chinozyo‘lindustriya» mulkiy majmua sifatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» ixtiyoriga o‘tkaziladi - Hukumat qarori loyihasi 

“Chinozyo‘lindustriya” “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ixtiyoriga o‘tkazilib, uning negizida “Ko‘prikqurilish” tresti UK tarkibida temir-beton oraliq qurilmalari va boshqa konstruksiyalarni ishlab chiqarish tashkil etiladi

Hukumatning Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasi qurilishini jadallashtirish, temir-beton oraliq qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha uzluksiz liniyalarni tashkil qilishni ta'minlash va davlat mulkidan samarali foydalanish, shuningdek, prezidentning 2017 yil 4 oktyabrdagi “Avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun'iy inshootlarni qurish hamda foydalanishni tashkil etish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qarori qabul qilinadi. Tegishli loyiha muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati iqtisodiy sudining 2019 yil 11 iyuldagi hal qiluv qaroriga asosan “Chinozyo‘lindustriya” UK bankrot deb topilib, tugatishga doir ish yuritish boshlangan.

Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda “Chinozyo‘lindustriya” UK kreditorlari yig‘ilishining:

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan kreditorlar reyestriga muvofiq “Chinozyo‘lindustriya” UKning qarzlarini to‘la hajmda to‘lash;

bankrotlik ishi yakunlangandan so‘ng “Chinozyo‘lindustriya” UKning bino-inshootlari va barcha asosiy vositalarini tegishli hududi bilan birgalikda baholangan qiymatda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ustav kapitaliga berish;

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qabul qilayotgan mulkiy majmua bazasida “Ko‘prikqurilish” tresti UK tarkibida temir-beton oraliq qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Transport vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini Mulkiy majmuaning baholash qiymati va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Chinozyo‘lindustriya” UKning kreditorlar reyestriga muvofiq to‘langan mablag‘lari o‘rtasidagi farq hisobiga oshirish bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshiradi.

Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi:

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Ko‘prikqurilish” tresti UK talabnomalari bo‘yicha noruda foydali qazilmalarga ega yer maydonlaridan foydalanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalarni berishni;

“Chinozyo‘lindustriya” UKdan o‘tkazilayotgan ishlab chiqarish maydoni hududidagi yer qa'ri uchastkalaridan foydalanayotgan xo‘jalik sub'yektlarining litsenziyalari amal qilish muddati tugagandan so‘ng ushbu maydonlarga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Ko‘prikqurilish” tresti UK uchun litsenziyalarni rasmiylashtirishni ta'minlaydi.

Toshkent viloyati xokimligi:

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning talabnomasi bo‘yicha yer maydonini biriktirish va amaldagi kommunal xo‘jaligining muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish bo‘yicha tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirishni;

2020 yil 31 martga qadar “Chinozyo‘lindustriya” UKdan ilgari begonalashtirilgan yer maydonlarini hokimlik zaxirasiga qaytarishni va bosqichma-bosqich “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ixtiyoriga o‘tkazishni ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid