16:45 / 24.02.2020
0
10886

Toshkentda 150 tonnaga yaqin noqonuniy olma importi to‘xtatib qolindi

Xorijdan keltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bojxonada rasmiylashtirish uchun sanitariya-epediomologik xulosa, karantin ruxsatnomasi talab etiladi va karantin ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Aks holda chetdan keltirilgan va tegishli ko‘rikdan o‘tkazilmagan qishloq ho‘jaligi mahsulotlari odamlar salomatligiga, respublika o‘simliklar olamiga ziyon yetkazishi mumkin, deb yozadi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Yaqinda respublikamizga qo‘shni davlatdan import qilingan salkam 148 tonna olmalarni «Toshkent-tovar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida navbatdagi qonunbuzilish fosh etildi.

Aniqlanishicha, bu olmalarning eksport bojxona deklaratsiyasi yo‘q, tovarning kelib chiqish sertifikati esa shubhali.

Qo‘shni davlatdan keltirilgan olmalar aslida o‘sha mamlakatda emas, balki Eronda yetishtirilgani aniqlandi.

Muqaddam yurtimizdan tranzit tarzida chegaradosh davlatga olib o‘tilgan ushbu mevalarni so‘ngra go‘yoki qo‘shni mamlakatning tovari sifatida qayta olib kirish rejalashtirilgan.

Bu orqali yuk egalari bojxona to‘lovlaridan 657 mln. so‘mlik imtiyozlarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lishgan.

To‘xtatib qolingan olmalarning umumiy qiymati 1 mlrd. 249 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2,6 tonna anorni yashirincha olib chiqish rejasi fosh bo‘ldi

«Daut-ota» chegara bojxona posti orqali Qozog‘istonga chiqib ketayotgan «Mercedes Benz» rusumli avtotransport vositasi avtotarozida o‘lchanganida yo‘l yuk hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha og‘irlikka egaligi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi va bu avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijasida, yo‘l yuk hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha 2,6 tonna anor hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda O‘zbekistondan olib chiqilayotgani aniqlandi.

Mazkur qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy qiymati salkam 40 million so‘mni tashkil qilmoqda.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top