O‘zbekiston | 23:48 / 04.03.2020
5834
2 daqiqa o‘qiladi

«2020 yilda 43 ming kishi sanatoriylarda bepul davolanadi» – Bahodir Yusupaliyev

2020 yil O‘zbekistonda 40 ming kishini protez-ortopediya buyumlari bilan ta'minlash, 43 ming kishiga sanatoriyda davolanish uchun bepul yo‘llanmalar berish, 21 ming kishining salomatligini reabilitatsiya markazlarida mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Foto: Xalqaro press-klub

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev Xalqaro press-klubning 4 martdagi sessiyasida 2020 yilgi davlat dasturining ayrim bandlari haqida gapirib o‘tdi.

«Davlat dasturida keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ehtiyojmand qatlamiga alohida e'tibor qaratilgan. Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, bu yil 40 ming kishi protez-ortopediya buyumlari bilan ta'minlanadi, 43 ming nafari bepul sanatoriylarda davolanadi, 21 ming nafari reabilitatsiya markazlarida salomatliklarini mustahkamlaydi», deydi u.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga axborot texnologiyalarini va majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish haqida ham ma'lumot berdi.

«Hujjatda sog‘liqni saqlash tizimiga axborot texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan. Bu bo‘yicha yagona platforma yaratish maqsadidamiz. Buning uchun aniq manbalar ham bor, xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinyapti.

Sohaga axborot texnologiyalarini hamda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish ekspriment tariqasida Sirdaryo viloyatida boshlanadi. 2020 yilda barcha normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashimiz, tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazishimiz kerak, eksperiment kelgusi yildan boshlanadi.

Majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish belgilangan», dedi Bahodir Yusupaliyev.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 28 fevraldagi yalpi majlisida tibbiy kartalar, bemorlarning kasallik tarixi, tahlillar natijalari, ilgari qanday tashxis qo‘yilgani va boshqa hujjatlar raqamlashtirilishi, bu bo‘yicha SSV va Gollandiya bilan birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma'lumot berilgan edi.

Mavzuga oid