Jahon | 12:15 / 18.03.2020
89610
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik shifokorlar yevropalik hamkasblarining koronavirusni davolashdagi xatolarini ma'lum qilishdi 

Koronavirus tarqalishi o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Uhan shahri shifokorlari yevropalik shifokorlar koronavirusga qarshi kurashda ularning xatolarini takrorlayotganlarini aytmoqdalar.

Foto: Francesca Volpi / Bloomberg

Bu haqda Bloomberg axborot agentligining koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda ishtirok etgan xitoylik shifokorlardan intervyu olgan muxbirlari ma'lum qildi.

Xitoylik shifokorlar kasallanganlarga qarovchi yevropalik hamkasblarining yetarlicha himoyalanmaganliklarini jiddiy xato deb atashmoqda. Buning oqibatida shifokorlar va hamshiralar orasida kasallanish darajasi oshmoqda. Uxanda yangi virus haqida ma'lumot oz bo‘lgan va himoya vositalari yetishmagan yanvarning dastlabki haftalarida minglab tibbiy xodimlar koronavirusga chalingan, ulardan kamida 46 nafari hayotdan ko‘z yumgan.

Pekinning Birlashgan tibbiyot kolleji professori Vu Dongning aytishicha, Yevropa davlatlarida koronavirusni davolashda shifokorlar virusga chalinayotgani bilan bog‘liq joriy vaziyat Uxanda kuzatilgan boshlang‘ich vaziyatga o‘xshaydi. “Yevropalik hamkasblarimiz ish jarayonida bu virusga chalinmoqdalar, vaziyat Uxandagiga juda o‘xshash. Biz tibbiy personalni himoyalashimiz lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan professor. Pekindagi tibbiyot kollejining intensiv terapiya bo‘limi boshlig‘i Du Binning ta'kidlashicha, Uxanda shifokorlar orasida otolaringolog va okulistlar ko‘proq virusga chalinganlar. “Fikrimcha, bunga sabab, bunday mutaxassislar bemorlar bilan juda yaqin aloqada bo‘lishidir. Bu ular osongina zararlanganlarining asosiy sababidir”, deb aytgan mutaxassis.

2003 yilda avj olgan SARS (o‘tkir og‘ir respirator sindrom) epidemiyasi vaqtidagi kasallanganlardan farqli, koronavirusga chalinganlarning ba'zilarida boshida yengil alomatlar paydo bo‘ladi yoki umuman paydo bo‘lmaydi. Shu sababli kasallanganlar o‘zlari bilmagan holda virusni boshqa odamlarga yuqtiradilar. Shu sababli xitoylik mutaxassislar kasallikni erta bosqichda aniqlashga imkon beruvchi testlar o‘tkazish muhimligini ta'kidlab o‘tishgan. 

Du Binning ta'kidlashicha, Xitoyda yengil alomatlarga ega bemorlarni davolashda xalq tabobati qo‘l kelgan. Biroq, uning aytishicha, aksariyat g‘arb shifokorlari Xitoy tabobati usullarini samarasiz yoki noto‘g‘ri deb hisoblashadi.

Xitoylik mutaxassislar epidemiyaga barham berilgach ham ogoh bo‘lish kerakligidan ogohlantirishdi. Bu yangi kasallanish holatlari yuz berishi mumkinligi bilan bog‘langan.

Ta'kidlanishicha, koronavirusga tekshirish qanday tashkillashtirilganiga ko‘ra muayyan davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimiga baho berila boshlandi. Misol uchun, AQShda rasmiylar testlar sustlik bilan ishlab chiqilayotgani uchun, Hindiston va Indoneziyada ular umuman o‘tkazilmayotgani uchun tanqid qilingan. Kasallanganlar soni 8,3 mingdan oshib ketgan Janubiy Koreya esa har kuni minglab odamlarni virusga tekshirgani evaziga vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Xitoylik tibbiyotchilarning fikricha, Xitoyda epidemiya oxirlab qoldi. Bu orada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qolgan davlatlarda koronavirusdan kasallanish va o‘lim holatlari Xitoyda qayd qilingandan oshib ketganini ta'kidlamoqda. 

Avvalroq JSST Yevropani pandemiya markazi deb tan olgandi. Undan eng ko‘p Italiya jabr ko‘rmoqda. Ayni vaqtda koronavirusga chalinganlar soni butun dunyo bo‘ylab 183 mingdan oshib ketdi.

Mavzuga oid