Jamiyat | 09:53 / 29.03.2020
7212
6 daqiqa o‘qiladi

«Mahallaning ko‘magi va tavsiyalariga muhtoj bo‘lgan oilalar ham bor» - Vazirlik tanqidga javob qaytardi

Vazirlik munosabatida chekka qishloqlarda elektr ta'minotidagi uzilishlar, bosma nashrlarga obuna bo‘lish, internetdan foydalanishga imkoniyati va ko‘nikmasi bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda, mahallaning daldasi, uning ko‘magi, tavsiyalariga muhtoj bo‘lgan oilalar mavjudligi qayd etilgan.

28 mart kuni Kun.uz saytida «Bu mantiqsiz tashabbus emasmi? Mahalla xodimlari uyma-uy yurib targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ushbu maqolaga munosabat bildirdi.

«Dunyoning ko‘p davlatlari qatorida O‘zbekiston xalqi ham koronovirus xavfidan chetda qolmadi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizga murojaat qilib aytganlaridek, Yaratganning bu kabi sinovlari millati, tili va dinidan qat'i nazar, davlatlar-u xalqlarning boshiga tushishi mumkin. Hech kim va hech bir va hatto qudratliman, degan davlatlar ham bundan himoyalanmagan.

Bunday jiddiy vaziyatda aholiga eng yaqin tuzilma bo‘lgan mahalla bir chetda qarab tura olmaydi. Vazirlik mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni aholiga yetkazishda asosiy vositachi, davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanadi. Qolaversa, oilalardagi muhit va sharoitni, qaysi oilada nimaga zarurat bor ekanligini mahalladan yaxshi biladigan tuzilma yo‘q.

Shunday ekan, mahallalar bugun odamlarga yanada yaqinroq bo‘lishi, ayniqsa, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamlarning manzilli - ehtiyojmand, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarga borib yetishini ta'minlashi zarur.

Mahallalarda kunning eng dolzarb muammosi bo‘lgan koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha turli tashkilot va mas'ullar, keng jamoatchilik tomonidan qilinayotgan murojaat va chaqiriqlar, tavsiya va ko‘rsatmalarni aholiga yetkazishda targ‘ibotning barcha zamonaviy usul va vositalaridan foydalanilmoqda. Ammo chekka qishloqlarimizda elektr ta'minotidagi uzilishlar, bosma nashrlarga obuna bo‘lish, internetdan foydalanishga imkoniyati va ko‘nikmasi bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda, mahallaning daldasi, uning ko‘magi, tavsiyalariga muhtoj bo‘lgan oilalar mavjudligi hech kimga sir emas.

Hozirgi murakkab vaziyat ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan oilalar, yakka yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan yurtdoshlarimiz holidan ham muntazam xabar olishni taqozo etadi. Shu kabi muhim vazifalarni bajarish, shuningdek, koronavirus kasalligidan aholimizni imkon qadar himoyalash yo‘lida Muhtaram Prezidentimiz, qolaversa, barcha mutasaddi tashkilot vakillari kun-u tun harakat qilayotgan bir vaqtda, nega mahalla xodimlari chetda tomoshabin bo‘lib turishi, hech bo‘lmasa, o‘z hududi aholisiga tushuntirish ishlari olib bormasligi kerak?!

Mahalla raisi – xalq vakili, uni xalq saylagan. Birorta ham mahalla raisi yoki xodimi  yo‘qki, o‘z mahallasining osoyishta, tinch-xotirjam, aholisining sog‘lom va muammodan xoli bo‘lishini xohlamasa! Tarixdan ma'lum – urush yillarida ham kimdir omon qolishi uchun boshqalar jangga kirgan. Mahalla xodimlari yaxshi-yomon kunda aholiga yelkadosh bo‘lishni zimmasiga olgan fidoyilardir. Buning ustiga, aholiga yetkaziladigan har qanday yordam mahalla orqali amalga oshiriladi. 

Maqola muallifi infeksiyaning oldini olish borasida kuyunchaklik bilan yondashayotgani ma'lum. Qolaversa, barchamizning maqsadimiz yagona – xalqimizni ushbu infeksiyadan himoyalash, imkon qadar talafot hududi va miqdorini kamaytirishga qaratilgan.

Tushuntirish ishlari davomida mahalla xodimlari barcha zaruriy sanitariya-gigiyena qoidalariga so‘zsiz amal qilmoqda. Ya'ni har soatda ularning tibbiy niqob va qo‘lqoplari almashtirilishi, aholi bilan o‘zaro muloqot vaqtida ijtimoiy oraliq masofaning saqlanishiga alohida e'tibor beriladi. Imkon qadar sog‘liqni saqlash xodimlari bilan birgalikda kiriladi. Xonadon eshigini qoqishdan oldin sirpanchiq qog‘ozdan tayyorlangan va o‘zida infeksiya olib yurish ehtimoli juda kam bo‘lgan targ‘ibot bukletlariga, taqdim etilayotgan mahsulotlar paketlariga zarur antiseptik vositalar sepilmoqda.

Xo‘sh, bu targ‘ibot ishlarida nimalarga e'tibor berilmoqda? Avvalo, Muhtaram Yurtboshimizning koronavirusdan himoyalanish bo‘yicha xalqimizga ketma-ket yo‘llagan Murojaatlarining asosiy mazmuni qisqacha tushuntirilib, oila vakillari karantin vaqtida barcha to‘y va marosimlarni to‘xtatish, jamoat bo‘lib to‘planishga yo‘l qo‘ymaslik haqida qat'iy ogohlantiriladi, profilaktika inspektori va tibbiyot xodimlari tomonidan esa karantin vaqtida e'tibor qilinishi lozim bo‘lgan talablar tushuntirilmoqda.

Asosan kamxarj, kambag‘al oilalar, yakka yolg‘iz yashovchi keksalarga zaruriy oziq-ovqat, tibbiy niqoblar va boshqa gigiyentik vositalar kiritib berilmoqda. E'tiborlisi, bu ishlarga uzog‘i 2-3 daqiqa sarflanadi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, aholi salomatligini asrash, ularni koronavirus kasalligidan himoyalash bo‘yicha davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan choralarga mahalla tizimi xodimlari ham o‘z vakolati doirasida hamda xizmat vazifasidan kelib chiqqan holda o‘z hissasini qo‘shmoqda. Muhimi, mahallalarimizdagi har bir oilada sog‘lom muhit bo‘lsin. Buning uchun esa odamlarimiz koronavirusdan to‘liq himoyalana olishlari, eng muhimi bu borada zarur tushuncha va bilimlarga ega bo‘lishlari zarur. Bizning eng katta maqsadimiz ham shu», deyiladi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva tomonidan Kun.uz saytiga taqdim etilgan munosabatda.

Mavzuga oid