Bahorning ilk kunlarida Qashqadaryoda bo‘lgan Kun.uz va Tribuna.uz muxbirlari Zafar Xolmurodov bilan uchrashib, undan intervyu olishga ko‘ndirdik. Ko‘p yillardan beri «Nasaf» klubi o‘rinbosarlari bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan sobiq hujumchi bilan Qarshidagi «Markaziy» o‘yingoh tribunasida suhbatlashdik. Quyida intervyuning birinchi qismini hukmingizga havola etamiz.

 Faoliyati, shogirdlari va «Nasaf» akademiyasi muvaffaqiyati haqida

 - Assalom alaykum, Zafar aka. Yillar o‘tib, siz bilan yana uchrashib turganimizdan xursandmiz. Keling, suhbatimizni hozirgi faoliyatingiz bilan boshlasak, nimalar bilan bandsiz?

- Bugungi kunda «Nasaf» klubi o‘rinbosarlari jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelayapman. Bu yerdagi bosh vazifamiz «Nasaf» klubining asosiy tarkibiga yosh futbolchilarni yetkazib berish hisoblanadi. Dastlab klub akademiyasidan o‘smir va yoshlarni o‘rinbosarlar jamoamizga chaqiramiz, keyin yil davomida bizda to‘p surgach, iqtidorli va Superligaga tayyor yoshlarni asosiy jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Sa'dullayevich bilan maslahatlashib, bosh jamoamizga o‘tkazamiz.

- So‘nggi yillarda «Nasaf» o‘rinbosarlari safidan bir qator iqtidorlar yetishib chiqdi. Shogirdlaringiz orasidan kimlarni ko‘rsata olasiz?

- Elga tanilgani ko‘p. Masalan, «Nasaf» va O‘zbekiston yoshlar jamoasida to‘p surib kelgan Bobur Abduxoliqov, Sharof Muhitdinov, Aziz G‘aniyevlarni aytishim mumkin. Bu yigitlarimiz akademiyamiz mevasi sanaladi. Maktabimizdan o‘rinbosarlar safida yanada o‘sib, Ro‘ziqul Berdiyev tomonidan asosiy tarkibga jalb etilgan. Maqsadimiz ham aynan mana shunday yigitlarni klub va O‘zbekiston yoshlar va milliy jamoalariga yetkazib berish sanaladi. Yosh iqtidorlarni yetishib chiqishida akademiyamizni ko‘p yillar boshqargan, hozirda «Nasaf» klubi rahbari sanalmish Sergey Petrovich Kucherenkoning ham hissasi katta.

 - Olimpiya jamoamiz safida Osiyo chempionati kashfiyotiga aylangan Oybek Bozorov ham qo‘l ostingizda porlab chiqqan, shundaymi?

- Oybek Bozorov «Nasaf» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. U G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi safida ham to‘p surgach, «Nasaf» o‘rinbosarlari safiga chaqirildi. Bir yil davomida o‘zini yaxshi ko‘rsatgach, Ro‘ziqul aka Oybekni asosiy tarkibga jalb qilgandi. U o‘ziga talabchan, intiluvchan, har tomonlama iqtidorga ega. Futbolchi o‘ziga nisbatan intizomli bo‘lsa, mehnat qilishdan qochmasa o‘z niyatiga yetadi.