O‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar haqida gap borarkan, tasavvurimizda birinchilardan bo‘lib gavdalanadigan hujumchilardan biri Zafar Xolmurodovdir. Yaqin o‘tmishgacha Oliy liganing doimiy to‘purarlari qatorida bo‘lgan sobiq hujumchi anchadan buyon futbolimiz ayvonida ko‘rinish bermasa-da, aslida murabbiy sifatida o‘zbek futboli uchun qator iqtidorlarni yetkazishda katta hissa qo‘shmoqda.

 Bahorning ilk kunlarida Qashqadaryoda bo‘lgan Kun.uz va Tribuna.uz muxbirlari Zafar Xolmurodov bilan uchrashib, undan intervyu olishga ko‘ndirdik. Ko‘p yillardan beri «Nasaf» klubi o‘rinbosarlari bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan sobiq hujumchi bilan Qarshidagi «Markaziy» o‘yingoh tribunasida suhbatlashdik. Bir necha kun oldin suhbatning birinchi qismi taqdim etilgandi, quyida intervyuning ikkinchi qismini o‘qishingiz mumkin.

«Futbolga akademiya yoki maktabdan emas, 21 yoshda ko‘cha futbolidan kirib kelganman»

- Zafar aka, futbolga nisbatan kechroq kirib kelgansiz, shundaymi?

- Xuddi shunday, 21 yoshimda Qarshiga kelganman. Ungacha maktab yoki akademiya ko‘rmaganman. Shahrisabzda «Hisor» havaskorlar jamoasida to‘rt oycha to‘p surganimda, «Mash'al» jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilgandi. O‘shanda murabbiylar Vladislav Xan va Yumangulov e'tiboriga tushib, 1996 yil yangi tashkil etilgan «Nasaf» jamoasiga taklif etishgandi. 21 yosh o‘shanda futbolchi bo‘lish uchun kech emas edi, hozir esa sal kechikkan hisoblanadi.

- Havoda bir zum muallaq turib, bosh bilan gol urishda Oliy ligada tengsiz futbolchi edingiz. Bu iqtidormi yoki mehnat mahsuli?

- Menimcha, iqtidor bo‘lgan. Chunki ko‘pchilik chetdan ko‘rib ko‘p so‘rardi, “Zafar, sakraganda qanday pauza ushlayapsan?” – deb. Buni shaxsan o‘zim hech qachon his qilmaganman, sezmaganman hatto. Shu bois buni qobiliyat deb o‘ylayman. Mehnat mahsuli deydigan bo‘lsam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Sababi futbolga akademiya yoki maktabdan emas, ko‘cha futbolidan kirib kelganman. Fikrimcha, yoshligimdan basketbol, voleybol hammasini aralash o‘ynab yurganim bois, shunaqa iqtidor paydo bo‘lgan.

«Milliy jamoada imkoniyat deyarli berilmasdi»