Jahon | 22:08 / 02.04.2020
22958
9 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning tezkorligi va keskin choralar. Marokash koronavirus tarqalishiga qarshi qanday kurashmoqda?

Kasablankadagi Paster instituti mutaxassislari millionlab marokashliklar xavotir bilan kutgan xabar - sirli COVID-19 koronavirusi mamlakatga yetib kelganini rasman e'lon qilganiga bugun roppa-rosa bir oy bo‘ldi. Bu ertami-kechmi sodir bo‘lishiga hech kimda shubha yo‘q edi. 

Foto: Anadolu

Marokash hukumati tahdidni to‘xtatish uchun keskin choralar ko‘rishni cho‘zib o‘tirmadi. Saroy va hukumat ko‘z oldida epidemiya boshlangan vaqtda jadal harakat qilmagan va natijada qimmatli vaqtni boy bergan Janubiy Yevropadagi qator mamlakatlardagi ayanchli holat gavdalangan bo‘lsa ne ajab. 

 Zudlik bilan ko‘rilgan choralar

 Shu bois hali o‘rganilmagan dushman qay darajada xavfli ekanligini anglagan Marokash hukumati zudlik bilan harakatga keldi va ishga jiddiylik bilan yondashdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi dastlabki bemor to‘g‘risida xabar qilganidan (2 mart) ikki hafta o‘tar-o‘tmas, tashqi olam bilan muntazam aviaqatnovlar butunlay to‘xtatildi, barcha o‘quv muassasalari, qahvaxona, restoran, kinoteatr, teatr, sport klublari, hammom, o‘yin va sayr maskanlari yopildi.

 Hukumatning alohida qarori bilan "sanitar vaziyat barqarorlashguniga qadar" masjidlar yopildi. Infeksiya tarqalishi xavfini kamaytirish maqsadida matbuot nashrlarini chop etish va tarqatishdan voz kechildi.

 Bir necha kundan keyin, xaridorlarning supermarket va dorixonalarga yopirilgan kuchli to‘lqini bosilgach, hukumat 20 mart kuni butun Marokash hududida bir oyga favqulodda sanitar vaziyat e'lon qildi. Tartibga muvofiq, aholiga uylaridan chiqmaslik buyurildi va jamoat joylarida maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish taqiqlandi. 22 martdan esa shaharlar orasidagi transport qatnovi to‘xtatildi.

 O‘sha paytdan boshlab tartib saqlash va sanitar favqulodda vaziyat uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida yirik aholi maskanlariga qirollik qurolli qo‘shinlarining qismlari kiritildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mamlakatning eng yirik shahri Kasablankaga zirhli texnikalarning kirib kelishi aks etgan videoyozuv ko‘pchilikni hayratga solgandi. Darvoqe, hozirda aynan mana shu shahar kasallik yuqtirganlar soni bo‘yicha Marokashda yetakchi bo‘lib turibdi. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Besh million aholi yashaydigan Kasablanka — qirollikning iqtisodiy poytaxti va Afrikaning yiliga millionlab yo‘lovchilar o‘tadigan yirik transport tugunlaridan biri.

 Qayd etish joiz, Marokashda cheklov va profilaktika choralari koronavirusga chalinganlar soni hali yuztaga ham yetmagan, vafot etganlar esa uch nafarni tashkil etgan paytdayoq kiritilgandi. Hukumat boshidayoq infeksiya tarqalish tezligini pasaytirish va sog‘liqni saqlash muassasalari to‘lib ketishining oldini olishga e'tibor qaratdi. Sog‘liqni saqlash vaziri Xolid Ayt Tolibning so‘zlariga ko‘ra, Marokashda koronavirus yuqtirganlarni (ularning soni hozirda 676ta) qabul qilishga mo‘ljallangan 44ta hospital hamda 32ta maxsus maslahat markazi tayyorlab qo‘yilgan.

 Marokash qiroli Muhammad VI ham o‘z so‘zini aytdi. Uning ko‘rsatmasi bilan mamlakatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Jamg‘armaga turli kompaniyalar, jamoat va boshqa tuzilmalardan mablag‘ kelib tushadi. Mablag‘lar tibbiyot tizimidagi xarajatlarni qoplash hamda iqtisodiyotning eng ko‘p zarar ko‘radigan sohalarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Maxsus jamg‘arma mablag‘lari shuningdek, ish o‘rinlarini saqlab qolish va kelgusidagi ijtimoiy oqibatlarni yumshatishga yo‘naltiriladi.

 Turistlar va festivallarsiz

 Atigi bir necha hafta ichida qirollikdagi kundalik turmush tarzi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Serg‘ayrat, tadbirkor va kirishuvchan marokashliklar sevimli mashg‘ulotlaridan voz kechgan holda o‘z uylarida qamalib o‘tirishga va bir tomondan koronavirusni to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa iqtisodiyotni falaj qilayotgan cheklov choralari bekor qilinishini kutishga majbur. Marokashdagi yuz minglab oilalarga daromad keltiruvchi kichik biznes deyarli o‘ldi.

 Qirollik YaIMning qariyb 10 foizini tashkil etuvchi muhim soha – turizm ayanchli ahvolda qoldi. Internet foydalanuvchilari har kuni Marrakesh, Fes, Meknes shaharlarining o‘rta asrlarga mansub bo‘shab qolgan mavzelari suratlarini joylamoqda. Yaqinda ham bunday manzarani tasavvur qilish qiyin edi. 

Qirollikka keladigan mehmonlarning katta qismini yevropalik turistlar tashkil etardi. Pandemiya tugaganidan so‘ng jahon iqtisodiyotini retsessiya kutib turgani sir emas. Shu bois istiqbol haqida va hatto yevropaliklar Marokash kurortlariga qachondan ommaviy ravishda qayta boshlashi to‘g‘risida gapirishga hali erta.

 Turizm bo‘yicha milliy kengash mart oyida xavotirli taxminini e'lon qildi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya Marokashdagi turizm sektori bilan aloqador 9 mingta korxona kelajagiga xavf solmoqda. Ular orasida katta va kichik mehmonxonalar, qahvaxona va restoranlar, sayohat agentliklari, sayohatchilarga xizmat ko‘rsatadigan transport kompaniyalari, avtomobillarni ijaraga beruvchi firmalar bor. Zarar ulkan bo‘lishi va milliardlab dollarlarda o‘lchanishi kutilmoqda.

 Marokash uchun yana bir yo‘qotish — yirik madaniy tadbirlarning bekor qilinishi. Pandemiya sababli 2020 yilda xususan, "Mavazin" xalqaro musiqa va ohanglar festivali, jahon diniy musiqalar festivali, "Timitar" musiqa festivali o‘tkazilmaydi. Bu tadbirlar har yili ko‘psonli mehmonlarni jamlar, qirollikning maftunkor imijini shakllantirar, shu bilan bir vaqtda Marokash mehmonxona va ko‘ngilochar sanoatiga yaxshigina daromad keltirardi.

 Xavotirli savollar

 Bugungi hukmron muhitda xavotirlar oshib bormoqda. Ilgarilari tibbiy niqob va qo‘lqoplarga e'tiborsizlik bilan qaragan marokashliklar endi ularni tanqis mahsulot kabi avaylamoqda. Millionlab marokashliklarning asablari uchun sinov bo‘layotgan favqulodda sanitar vaziyat qancha vaqt davom etadi? Qirollik sog‘liqni saqlash tizimi kasallik yuqtirganlarning ommaviy oqimiga dosh bera oladimi? Mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlari, gaz ballonlari va dezinfeksiya vositalari zaxirasi qancha vaqtga yetadi? Marokashliklar ijtimoiy tarmoqlarda va telefon orqali suhbatlashganida bir-birlariga mana shu savollarni bermoqda.

 Hukumat aholini favqulodda sanitar vaziyat qoidalariga rioya qilishda mas'uliyat, vatanparvarlik, birdamlik va jamoaviy oqillikka chaqirmoqda. Har yerda quloqqa chalinadigan "Uyda qol!" ("Bka fi dar") chaqirig‘i hozirgi vaziyatda inqirozni yengib o‘tish va iqtisodiyotni qayta tiriltirish imkonini beruvchi yo‘riqnomadek qabul qilinmoqda.

 "Agarda fuqarolarning o‘zlari hamkorlik qilishga tayyor bo‘lmasa, hech bir hukumat odamlarni karantinga rioya qilishga majbur qila olmaydi", — dedi bosh vazir Saad-ad-Din al-Usmoniy marokashliklarni o‘zlarini qo‘lga olishga va tavsiyalarga amal qilishga chaqirarkan.

 Kiritilgan cheklov va taqiqlarga hamma ham amal qilmayapti. Ayniqsa, qashshoq hududlarda yashovchi va aholining aksariyat qismini kambag‘allar tashkil etuvchi dahalardagi odamlarni uylarida qolishga ko‘ndirish qiyin bo‘lmoqda. Ular ko‘p vaqtini ko‘chada o‘tkazishga o‘rganib qolgan va o‘z tumanlarini bamisoli ulkan xonadondek ko‘rishadi. 

 Odamlarni xonadonlariga quvish uchun politsiyachilar Kasablanka, Tanjyer, Fes va boshqa shaharlarda yuzlab qo‘lga olishlar, mojarolar va do‘pposlashlar bilan yakunlanadigan muntazam reydlarni o‘tkazmoqda. 

 Kuch ishlatish tizimlari xodimlari ko‘p vaqt va harakatlarini tibbiy niqob va antiseptik gellarni qimmat narxda sotmoqchi bo‘lganlar, koronavirus tarqalishi to‘g‘risida internetda yolg‘on xabarlar tarqatuvchilar va koll-markazlar xodimlarining asablarini egovlaydigan telefon bezorilarini aniqlash va qo‘lga olishga sarflamoqda.

Mavzuga oid