Jamiyat | 15:18 / 13.04.2020
13214
5 daqiqa o‘qiladi

Jinoiy guruh 20 mlrd so‘mlik sigaretni o‘tkazish uchun bojxonachiga 10500 dollar pora berishga urindi

20 mlrd. so‘mlik tamaki mahsulotlarini olib o‘tish uchun bojxona xodimiga 10,5 ming dollar pora berishga uringan uyushgan jinoiy guruh a'zolari qo‘lga olindi

“Davlat bojxona xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar o‘zining samarasini bermoqda.

Zero, yurtimizda koronavirus pandemiyasini jilovlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bugun barchamizdan har soniyada fidoyilikni, vatanparvarlikni talab qilmoqda.

Yurtimiz iqtisodiy xavfsizligi va tashqi savdo aylanmasi barqarorligini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan bojxona xizmati xodimlari ham sarhadlarda tunu-kun xizmat olib borishmoqda.

Ammo, ayrim shaxslar borki, ular shunday sinovli kunlarda davlatimiz va xalqimizga har tomonlama ko‘mak berish o‘rniga, to‘lovlardan qochish maqsadida bojxona xodimlariga pora taklif qilish evaziga o‘zining qing‘ir rejalarini amalga oshirishga urinishyapti. 

Xususan, uyushgan jinoiy guruh tomonidan qo‘shni davlatdan yurtimizga olib kirilishi rejalashtiriligan yirik miqdordagi sigaret mahsulotlari yuklangan avtotransport vositasini hujjatlarda go‘yoki yuksiz holatda ko‘rsatib, Surxondaryo viloyatidagi “Gulbahor” chegara bojxona postidan o‘tkazish evaziga bojxona xodimiga 10.500 AQSh dollarini pora tariqasida taklif etgan.

Ammo, bojxona xodimi o‘z xizmat burchiga sodiq qolib, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisiga yozgan bildirgisi asosida, zarur tezkor choralar olib borilib, 2020 yil 12 aprel kuni Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qiymati 20 mlrd. so‘mdan oshiq bo‘lgan tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbirda, qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro D.U boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Termiz tumani hududida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, avtotransport vositasi yukxonasiga joylashtirilgan konteyner ichida qonuniy olib kirilganligini tasdiqlovchi xech qanday hujjatlari bo‘lmagan 749.900 quti “GOLDEN SLUB” nomli sigaretlar borligi aniqlandi.

Mazkur tamaki mahsulotlarini chegara bojxona postidan sezdirmay olib o‘tish uchun haydovchi D.U. hujjatlarda yuk avtotransport vositasini go‘yoki bo‘sh holatda deb ko‘rsatish maqsadida mazkur postda xizmat olib borayotgan bojxona xodimlariga 10.500 AQSh dollarini pora sifatida taqdim etadi.

Bojxona posti xodimlari esa xizmat burchiga sodiq qolgan holda mazkur holat yuzasidan zudlik bilan tezkor tadbir ishtirokchilariga belgilangan tartibda ma'lum qilishdi.

Ushbu jinoiy rejani tuzishda ishtirok etgan va uni amalga amalga oshirish maqsadida qulay fursatni kutib Surxondaryo viloyatida yashirinib yurgan N.Z, N.A, A.A va M.N. ismli jinoiy guruh a'zolari ham tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Shuningdek, bojxona xodimi bilan kelishuvga erishishda vositachilik qilgan fuqaro R.Ch. ham o‘zining yashash xonadonida ushlandi va vositachilik qilganligi evaziga haydovchi D.U tomonidan berilgan 5.400 AQSh dollarini tezkor tadbir ishtirokchilariga taqdim qildi.    

Eng achinarlisi shundaki, agarda ushbu jinoiy guruh a'zolarining rejalari amalga oshsa, davlat budjetiga 11 mlrd. 349 mln. so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlari o‘tkazilmay qolishi mumkin edi. Ammo qing‘ir reja barbod bo‘ldi.      

Mazkur holat yuzasidan umumiy qiymati 20 mlrd. so‘mdan ziyod bo‘lgan jami 749 900 quti sigaret mahsulotlari va pora sifatida taqdim etilgan 10 500 AQSh dollari hamda fuqaro Ch.R. tomonidan taqdim etilgan

5 400 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organiga yuborildi” – deyiladi Davlat bojxona xizmati axborot xizmati ma'lumotnomasida.

Mavzuga oid