Karantinda mehnat munosabatlariga oid murojaatlarni masofaviy ko‘rib chiqish tartibi ochiqlandi
Karantinga oid choralar amal qilish davrida mehnat munosabatlariga oid jismoniy va yuridik shaxslarni murojaatlarini masofaviy usulda ko‘rib chiqishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Karantinga oid choralar amal qilish davrida mehnat munosabatlariga oid jismoniy va yuridik shaxslarni murojaatlarini masofaviy usulda ko‘rib chiqishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Nizomga muvofiq, koronavirus pandemiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha choralar amalga oshirilayotgan davrda xodimlarning roziligi bilan masofaviy ish usuliga, moslashuvchan ish jadvaliga yoki uyda ishlashga o‘tkazilgan xodimlar jismoniy va yuridik shaxslarni murojaatlarini mehnat organlari tomonidan masofadan turib, ya'ni ish beruvchi va xodimlar bilan axborot texnologiya vositalari (video, audio va elektron yozuvlar) orqali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish mumkin.
Masofaviy usulda ko‘rib chiqish qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Murojaatlarni masofaviy ish usulida ko‘rib chiqish tartibi
Masofaviy usulda ko‘rib chiqish – jismoniy va yuridik shaxslarni murojaatlarini mehnat organlari tomonidan masofadan turib, ya'ni ish beruvchi va xodimlar bilan axborot texnologiya vositalari (video, audio va elektron yozuvlar) orqali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish.
Murojaat qabul qilingandan so‘ng murojaatni ko‘rib chiquvchi mas'ul xodim murojaat muallifi bilan uyali telefon orqali bog‘lanib, murojaatda ko‘rsatilgan holatlarga tegishli ma'lumot va hujjatlardan elektron tarzda oladi.
Murojaatda ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganish maqsadida tashkilotlarning mansabdor shaxslari bilan telefon orqali bog‘lanib, murojaatda ko‘rsatilgan holatlarga tegishli hujjatlardan nusxalar va ma'lumotni so‘rov xati orqali oladi.
Murojaatni o‘rganayotgan mas'ul xodim murojaat muallifi va tegishli mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish zaruriyati bo‘lgan taqdirda, ushbu tushuntirishlarni elektron, audio va video shaklda olishi mumkin.
To‘plangan hujjatlar va ma'lumotlar o‘rganilib, fuqarolarni mehnat huquqlari buzilganligi (ya'ni, qonunbuzilish) tasdig‘ini topgan taqdirda, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi.
Murojaatni ko‘rib chiqqan mas'ul xodim, yozma ko‘rsatma, taqdimnoma kiritish yoki ma'muriy ishni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lmasa, qonun buzilishi aniqlangandan so‘ng bir kun muddat ichida tegishli hujjatlarni mehnat organi rahbari orqali Davlat mehnat inspektoriga topshiradi.
Fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida dastlab, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik uchun yozma ko‘rsatma (taqdimnoma) kiritilib, tegishli mansabdor shaxsga ijtimoiy tarmoq (elektron pochta, telegram va boshqa) orqali yetkaziladi.
Agar ijtimoiy tarmoq orqali yozma ko‘rsatma (taqdimnoma)ni yetkazish imkoni bo‘lmasa, buyurtma pochta orqali yuboriladi.
Yozma ko‘rsatma (taqdimnoma) ijrosi belgilangan muddatda ta'minlanmasdan, qonunbuzilish bartaraf etilmagan taqdirda aybdor shaxslar belgilangan tartibda ma'muriy jarimaga tortiladi va fuqarolarni mehnat huquqlarini tiklash maqsadida, mehnat nizosi yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga elektron tarzda ijtimoiy tarmoqdagi “E-SUD” sayti orqali fuqaroning manfaatini ko‘zlab, da'vo arizalar kiritiladi.
O‘rganish davrida qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan taqdirda, bu haqida murojaat muallifiga yozma tushuntirish beriladi.
Mehnat organlari vakolatiga tegishli bo‘lmagan murojaatlar va anonim murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
Murojaatlarga javob xatlari qonunchilikda belgilangan muddatlarda yozma yoki elektron shaklda beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan huquqiy maslahat olish uchun qilingan og‘zaki shakldagi murojaatlarga og‘zaki tarzda, elektron va yozma shakldagi murojaatlarga elektron yoki yozma shaklda javob xatlari beriladi.
Ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni masofadan ko‘rib chiqish tartibi
Murojaatlarni o‘rganish davrida mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, ma'muriy ish masofadan ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishni ko‘rib chiqilishi haqida Davlat mehnat inspektorlari huquqbuzarga kamida bir hafta oldin xabarnomani ijtimoiy tarmoq (elektron pochta, telegram va boshqa) orqali jo‘natadi.
Xabarnomada ma'muriy ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi sharifi, aniqlangan huquqbuzarlikning mazmun mohiyati, ma'muriy ish ko‘rib chiqiladigan joyi, vaqti, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 294-moddasida ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari ko‘rsatiladi.
Xabarnomada ko‘rsatilgan muddatda ma'muriy ish audio va video konferensaloqa orqali ko‘rib chiqiladi.
Ma'muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ma'muriy ishni ko‘rib chiqilishida, ish ko‘rib chiqilayotgan joyda belgilangan karantin qoidalariga rioya etgan holda ishtirok etishi ham mumkin.
Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ma'muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsdan ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan hollarda, ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ma'muriy ish belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgandan so‘ng, tegishli “Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi va uni ko‘rib chiqish to‘g‘risida bayonnoma” hamda “Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun jarima solish to‘g‘risida ma'muriy qaror” rasmiylashtiriladi.
Bayonnomada O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan yozuvlardan tashqari ma'muriy ish masofaviy usulda ko‘rib chiqilganligi, xabarnoma orqali ma'muriy ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi sharifi, aniqlangan huquqbuzarlikning mazmun mohiyati, ma'muriy ish ko‘rib chiqiladigan joyi, vaqti ma'lum qilinganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 294-moddasida ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi ko‘rsatiladi.
“Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi va uni ko‘rib chiqish to‘g‘risida bayonnoma” hamda “Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun jarima solish to‘g‘risida ma'muriy qaror” huquqbuzarga bir kun muddat ichida ijtimoiy tarmoq (elektron pochta, telegram va boshqa) orqali yetkaziladi.
Agar ijtimoiy tarmoq orqali bayonnoma va qarorni yetkazish imkoni bo‘lmasa, buyurtma pochta orqali yuboriladi.
Mavzuga oid
14:10 / 02.10.2024
Mehnat organlariga murojaat qilganlardan ortiqcha hujjatlar talab etilishi oldi olinadi
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
08:44 / 28.05.2024