Olim «Pourquoi docteur» internet saytiga bergan intervyusida Covid-19’ning hayvon bozoridan tarqalganiga ishonmasligini ma'lum qildi.

«Covid-19 Uhandagi laboratoriyadan ishlab chiqarilgan. Men bu masalani sinchiklab tekshirdim. Ushbu laboratoriya 2000-yillarda koronavirusga ixtisoslashgan. Ehtimol, tadqiqotchilar OITSga qarshi vaksinani topmoqchi bo‘lishgandir. Ushbu virus tabiiy ravishda yuzaga kelmagan, bu professional ish. Mening vazifam – faktlarni taqdim etish, hech kimni ayblamayman, buni kim va nima uchun amalga oshirganini bilmayman», degan Montane.
Montane fransiyalik matematik Jan-Klod Perezning ilmiy tadqiqot natijalaridagi virus tuzilishiga tayangan holda shunday fikr bildirgan.
Bundan avvalroq virus AQSh Sog‘liqni saqlash institutlari tomonidan moliyalashtirilgan eksperimentlardan so‘ng paydo bo‘lgani iddao qilingandi.
Amerikaning CNN telekanali xabariga ko‘ra, AQSh razvedkasi koronavirusning Uhandagi virusologiya laboratoriyasida ishlab chiqarilgani haqidagi ayblovlarni tekshirmoqda.
Yaqinda Britaniyaning Daily Mail gazetasi, epidemiya vujudga kelgan deb taxmin qilinayotgan laboratoriyada olimlar epidemiyaning manbayi, deb hisoblagan bir g‘orda ko‘rshapalaklar ustida tadqiqot o‘tkazganini yozgandi. Olingan hujjatlardan ma'lum bo‘ldiki, Uhan virusologiya instituti Yunnan provinsiyasidan 1600 kilometr uzoqlikda joylashgan g‘orlarda sutemizuvchilar ustida tajriba o‘tkazgan. Tajribalar esa AQSh hukumati tomonidan 3,7 million AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘i ko‘magida amalga oshirilgan.
Gazetada o‘tgan hafta ushbu ma'lumotlar e'lon qilingach, epidemiya mazkur institutdan sizgan virus orqali kelib chiqqani haqidagi xavotirlar paydo bo‘ldi.
Uzoq vaqtdan beri fitna nazariyalarining mavzusi bo‘lib kelgan ushbu da'vo Washington Post gazetasi tomonidan e'lon qilingan ma'lumot bilan yana kun tartibiga chiqdi. Gazeta Uhan virusologiya instituti laboratoriyasiga tashrif buyurgan elchixonaning ikki xodimi 2018 yil yanvar oyida tashqi ishlar vazirligini laboratoriyaning xavfsizlik choralari yaxshi emasligi va bu yerda olib borilgan ishlar SARS (o‘tkir nafas olish sindromi) tarqalishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ta'kidlanishicha, AQShning texnologik va moliyaviy ko‘magi bilan tashkil etilgan laboratoriya saytidan amerikalik rasmiylarning tashrifi haqidagi yangilik olib tashlangan. Aytish joizki, ushbu laboratoriya epidemiyaning boshlang‘ich nuqtasi deb bilingan yovvoyi hayvonlar bozoridan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan.








