O‘zbekiston | 14:50 / 19.04.2020
56987
11 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov sinf rahbarligi lavozimini tugatish va inqirozning ta'limga ta'siri haqidagi savolga javob berdi

Bir guruh jurnalist hamda blogerlar bilan o‘tgan onlayn muloqotda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov sohada dolzarb bo‘lib turgan qator savollarga javob berdi. Muloqotda jurnalistlar tomonidan maktablarda tarbiya darslari o‘tilishi boshlangani va bu darsning asosi nimadan iborat bo‘lishi borasida savol berildi. Xalq ta'limi vaziriga ko‘ra, G‘arb davlatlari tajribasida maktabning roli, asosan, ta'lim berish bilan belgilanadi. Tarbiya esa oilada beriladi. 

«Lekin bizda azaldan maktabdan tarbiya ham kutiladi. Va shuning uchun hozir ham tarbiya bilan ta'limni birga olib borilishiga harakat qilinmoqda. Chunki kimdir zo‘r olim bo‘lsa-yu, yaxshi inson bo‘lmasa, undan insoniyatga ko‘proq zarar yetishi mumkin. Atom bombasi, Ikkinchi jahon urushi qurollari ustida ham tajribalar malakali olimlar tomonidan amalga oshirilgan. Lekin ular yaxshi insonlar bo‘lmagan. Shuning uchun ham tarbiyaning vazifasi bilimli inson bilan birga yaxshi insonni tarbiyalashdan iborat. Maktab tizimida hozirgacha juda ko‘p shunga o‘xshagan bir nechta tarqoq fanlar bor edi. Ularni birlashtirib, alohida fan qilish ishlari olib borilmoqda. Asosiy maqsadimiz maktabni bitirayotgan barkamol avlodni yetishtirishdan iborat. Ya'ni bitiruvchi bilimli, o‘z ustida ishlaydigan shaxs bo‘lishi zarur. Bunda faqat azaliy qadriyatlar: kattalarni hurmat qilish, ularga salom berish kabilar emas, balki halol pul topish, o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini ham shakllantirish vazifasi qo‘yilgan. Sababi, bu narsalarni hali ham ko‘pchilik tushunib yetayotgani yo‘q. 

Masalan, aksar odamlar AQShga borishni va u yerdagi hayotni orzu qiladi. O‘zbekiston, yanglishmasam, «Green card» o‘ynovchi davlatlar orasida ham oldingi o‘rinlarda turadi. Lekin Amerikani Amerika qilgan narsaga, undagi hayotga osonlikcha erishilmagan. 

AQShda odamlar o‘z kuchi bilan, intellektual salohiyati bilan yutuqqa erishgan. Biz ham bolalarimizga faqat o‘zlarining bilimi va mehnati bilan natijaga erishishi mumkinligini o‘rgatishimiz zarur. 

Tarbiya fani mana shu narsalarni qamrab olishi zarur. Va bu fanni shakllantirish ustida ishlar olib borilyapti. Albatta, balki kamchiliklar ham kuzatilishi mumkin. lekin ular ustida ham ishlanadi», – dedi u.

Shermatov jurnalistdan savolga qanchalik to‘liq javob berolgani haqida so‘radi. Jurnalist esa, vazirdan tarbiya fani doirasida hadis ilmi ham o‘rgatilishi mumkinmi, deya so‘radi. Savolga javoban vazir bu borada e'tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat O‘zbekistonning hozirgacha aynan qaysi xususiyatlari bilan ajralib kelayotgani ekanini ta'kidladi.

«O‘zbekiston ko‘pmillatli va diniy bag‘rikeng davlat sanaladi. Shu jihatni hisobga olgan holda qonunan, ta'lim va din bir-biridan ajratilgan. Albatta, tarbiya fani doirasida tarbiyaviy ahamiyati katta hadislardan ham foydalanishi mumkin. Lekin faqat diniy tarbiya berilmaydi. Mana shu javobning o‘zini ham muhokama qilish mumkin. Lekin diniy bag‘rikenglik siyosati va millatlararo totuvlik katta yutug‘imiz ekanini unutmaslik zarur», – dedi u.

Maktablarda «sinf rahbari» degan lavozim bor. Bu lavozimdagi o‘qituvchilar oyligiga qo‘shiladigan mablag‘ evaziga 30-40 o‘quvchining tarbiyasi, o‘qishini nazorat qilishi, ularning turli hujjat ishlari bilan ham shug‘ullanishi kerak.

Muloqotda vazirga sinf rahbarligi bir o‘qituvchiga ortiqchalik qilishi va o‘sha oyliklarga alohida tarbiya bilan shug‘ullanadigan o‘qituvchilar bo‘limini tashkil qilish haqida savol berildi.

«Sinf rahbarlari mavzusiga to‘xtalsak, albatta, ularning o‘quvchilar bilan ishlashda mas'uliyati kattaligini tan olamiz. Shuning uchun ularni rag‘batlantirish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Maktablarda mavjud «Direktor jamg‘armasi»dan sinf rahbarlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish imkoniyatini oshirish masalasi ko‘rilmoqda», – dedi Shermatov. 

Vzazir shuningdek, tarbiya bilan ishlaydigan alohida bo‘lim masalasiga kelganda, xohishlar chegaralanmagani, imkoniyatlar esa chegaralanganini unutmaslik zarurligini ta'kidladi. 

«Iqtisodiyot fani xohishlarimizni qondirish uchun to‘g‘ri mablag‘ ajratishga o‘rgatadi. Vazir sifatida men ham maktablarda hamma sharoitlar bo‘lishini, maoshlar oshishini, yetarlicha o‘qituvchilar bo‘lishini xohlayman. Lekin hamma narsaning ham imkoni yo‘q.

Masalan, hozirda aholimizning yarmidan ko‘pi soliq to‘lamaydi. Ular orasida o‘z daromadiga egalari ham bor va hammasining farzandi maktabga boradi. Agar aholining hammasi soliq to‘laganda davlat budjetidan ta'limga ajratiladigan pul 2 barobar ortgan bo‘lar edi. O‘sha vaziyatda o‘qituvchilar va shifokorlar oyligi ham 2 barobar oshgan bo‘lardi. Demoqchimanki, resurslar cheklangan. Va imkoniyatdan kelib chiqib ishlarni tashkil qilish davom etadi», – dedi u.

Iqtisodiy inqiroz xalq ta'limi tizimiga ham ta'sir etmay qolmaydi. Shu paytga qadar qilinayotgan ishlar: erkak o‘qituvchilarni maktabga qaytarish, ularning oyligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘xtab qolishi ehtimoli katta. Shunaqa risklar kutilayotgan bir paytda vazirlik nimalarni reja qilyapti? Iqtisodiy inqirozga ta'lim tizimi qanday moslashadi? 

Jurnalistlarning navbatdagi savoli shu mazmunda bo‘ldi.

Shermatovning aytishicha, bunda birinchi navbatda ortiqcha deb hisoblangan loyihalar to‘xtatib turiladi. 

«Lekin bu kabi loyihalar ham ortiqcha emas, faqat ularning natijasi 2-3 yildan keyin ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun biz ularni to‘xtatib turishga majbur bo‘lamiz. Iqtisodiy inqiroz davrida asosiy masala, avvalo, odamlarning qornini to‘yg‘izishdan iborat. Va hukumat ham birinchi o‘rinda, aholi turmush tarzini osonlashtirish masalasini qilishi kerak bo‘ladi. Bu vaziyatda ta'lim uchun qo‘shimcha imkoniyat va mablag‘ so‘rash vaqti emas», dedi Sherzod Shermatov. 

Xalq ta'limi vazirining aytishicha, hozir iqtisod qilingan barcha mablag‘ni koronavirus ta'sirini yumshatishga sarflash zarur bo‘ladi. Buni hamma hamjihatlikda tushunishi zarur. 

«Deyl Karnegi asarlaridan birida «Agar sizga faqat limon nasib qilgan bo‘lsa, unda limonad tayyorlang», deyiladi. Albatta, har qanaqa vaziyatdan chiqish yo‘lini topish kerak. Masalan, onlayn darslarning tashkil etilayotgani ham ijobiy jihatlarini ko‘rsatyapti, chunki yaxshi o‘qituvchilar dars o‘tishyapti. 

To‘g‘ri ayrim xatoliklar ham bor, ular yetarlicha muhokama qilindi. Lekin onlayn dars o‘tayotgan tajribali, uzoq hududlardagi o‘qituvchilarga solishtirganda malakali o‘qituvchilar darsini turli hududlardagi bolalar kuzatyapti. Biz bu loyihani takomillashtirishni reja qilib qo‘ydik. Bu bilan ham o‘quvchilar bilimini oshirish, ham o‘qituvchilarning malakasini oshirishga erishishimiz mumkin. Hozir vazirlik asosiy kuchini mana shu onlayn darslar uchun sarflamoqda. 

Keyingi navbatda, agar pandemiya cho‘ziladigan bo‘lsa yoki bunga o‘xshash holatlar yana sodir bo‘lsa, biz ta'lim sohasida ham axborot texnologiyalari infrastrukturasini rivojlantirishimiz zarur bo‘ladi. 

Bunda maktablarni raqamlashtirish masalasini hal qilish muhim. Ancha oldin oliy ta'lim tizimida «Elektron ta'lim» tarmog‘i qilingan va oliy ta'limda barcha OTMlar optik tolalar orqali bog‘langan. Mana shu narsani maktablar uchun ham qilishimiz zarur. Davlat rahbari tomonidan ham 3 yil ichida barcha maktablarni yuqori sifatli internet bilan ta'minlash topshirig‘i berilgan va bu ishlar to‘xtashi kerak emas. Buni uzoq muddatli kredit jalb qilish hisobiga amalga oshirishga majbur bo‘lamiz. 

Yana bir oldimizda turgan rejalarimizdan biri o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash va unga erishgan o‘qituvchilarning maoshini oshirish edi. Hamma o‘qituvchining maoshini birdan oshirish budjetga katta yuk bo‘lishi mumkin, lekin aynan yuqori malakali o‘qituvchilar oyligini oshirish zarur. Biroq hozir buning vaqti emas. Chunki hozir hammaning yashab qolishi uchun pul yo‘naltirilishi zarur. 

Kirish imtihonlari masalasiga kelsak, buni tashkil qilishning ham yo‘lini topish mumkin. Xorijiy tajribani ham hisobga olgan holda ijtimoiy masofa saqlagan holda imtihon olish, ota-onalarning birga kelishini cheklash bilan imtihon olish mumkin. Hujjatlarni esa onlayn topshirishning imkoniyati bor», – dedi u.  

Xalq ta'limi vaziriga ko‘ra, iqtisodiyotga qo‘shimcha mablag‘ jalb qilish masalasini ham o‘ylash zarur. Lekin ta'limdan oldin ham pul ajratilishi kerak bo‘lgan sohalar ko‘p.

«Bizda hali ta'lim uchun mablag‘ yo‘naltirish madaniyati ham to‘la shakllanmagan. Masalan, Xan akademiyasi o‘z loyihasini amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ yig‘ishga ham juda ko‘p harakat qildi va vaqt sarfladi.

Agar hozir xalq ta'limining yillik budjeti 18,9 trillion so‘mdan iborat bo‘lsa, uning 90 foizdan ortiq qismi o‘qituvchilar oyligidan iborat. Qurilish qismi esa budjetning kichik foizini tashkil qiladi. 

Lekin chet elga ishlashga ketadigan aholining ham karantin davrida uyda o‘tirganini hisobga olib, davlat qurilish sohasiga ajratiladigan mablag‘ni oshirishi va shuning bilan aholiga qo‘shimcha ish o‘rni yaratib berishi mumkin», – dedi Sherzod Shermatov.

Mavzuga oid