O‘zbekiston | 20:50 / 22.04.2020
3979
3 daqiqa o‘qiladi

Elektron xizmat ko‘rsatishda ERI o‘rniga shaxsni tasdiqlashning muqobil shakllari joriy etilishi mumkin

Aholiga taqdim etilayotgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida elektron raqamli imzo o‘rniga shaxsni tasdiqlashning muqobil shakllarini, shu jumladan, mobil aloqa telefon raqamlari orqali shaxsni tasdiqlash joriy etilishi mumkin.

«Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda bu boradagi imkoniyatlarini yaratishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorlashi kerakligi belgilangan.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 2020 yil 1 sentyabrdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 2021 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish ishlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratiladi.

Bunda Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi «Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi» DUK bilan birgalikda 2020 yil 1 avgustgacha O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshirish maqsadida tegishli axborot tizimlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qiladi.

Prezident farmonida AKT vazirligi Mudofaa vazirligining murojaatiga muvofiq, 2021 yil 1 yanvarga qadar Mudofaa vazirligining «Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma'lumotlar bazasi» tizimini joriy etish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarining belgilangan tartibda Elektron hukumatning idoralararo ma'lumotlar uzatish tarmog‘iga ulanishini ta'minlashi belgilab berilgan.

Bundan tashqari, hujjatda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 3 oy ichida IIV hamda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganda davlat xizmatlarining avtomatik tarzda ko‘rsatilishi uchun tegishli idoralarga xabarnoma yuborilishini tashkillashtirishi, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni talab etadigan barcha davlat xizmatlari hamda boshqa ma'muriy tartib-taomillarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid