O‘zbekiston | 13:57 / 23.04.2020
2248
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxona imtiyozlari oldin olib kelingan mahsulotlarga ham qo‘llanadimi?

Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov koronavirusga qarshi kurash shtabida bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda tadbirkorlardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Ma'lum qilinishicha, Davlat bojxona qo‘mitasida yuklarni chegara bojxona postlari orqali tezkorlik bilan o‘tkazish, ularning uzluksiz bojxona rasmiylashtiruvini, shuningdek, eksport va import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlarning berilishini ta'minlash bo‘yicha tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 1108 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali 2020 yilning 16 martidan 23 aprelga qadar koronavirusga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida bojxona tartibotlari amalga oshirilishiga doir 5300dan ortiq murojaat kelib tushgan.

– Chetdan keltirilgan yuklarimiz hozirgi vaqtda vaqtincha saqlash bojxonada rejimiga joylashtirilgan. Boshqa tovarlar qatori ular orasida yuvuvchi, dezinfeksiya qiluvchi vositalar va boshqa gigiyena tovarlari bor. Yaqinda ayrim turdagi tovarlarni imtiyozli asosda olib kirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon qabul qilingunga qadar olib kirilgan tovarlarga ham mazkur imtiyozlar tatbiq etiladimi?

– 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonda 1-ilovaga muvofiq tovarlarni olib kirishda qo‘shimcha tarzda bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari belgilangan.

O‘zbekiston hududiga olib kirishda 2020 yil 31 dekabrga qadar bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari belgilanadigan tovarlar ro‘yxatiga 20ta tovar pozitsiyasi kiritilgan. Bularning sirasiga oziq-ovqat tovarlari va sanitariya-gigiyena hamda tibbiyot uchun mo‘ljallangan tovarlar kiradi.

Farmon ilovasida bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan tovarlarning Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodi keltirilgan bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan olib kirilgan tovarlar mazkur kodlar bilan tasniflanadigan bo‘lsa olib kirilgan sanasidan qat'i nazar, «Erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga rasmiylashtirayotganda bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari qo‘llanadi.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning 4 aprelidan 22 aprel sanasiga qadar mamlakatimizga vazni 40 ming tonnadan ortiq, qiymati qariyb 29 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi shu turdagi mahsulotlar import qilindi.

– Hozirgi karantin kunlarida chetdan keltirilayotgan tovarlar uchun hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashda biz tadbirkorlar uchun kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bormi?

Bojxona kodeksining 329-moddasida bojxona organining qaroriga asosan to‘lovchiga bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan e'tiboran oltmish kalendar kundan oshmagan muddatga berilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ushbu moddada bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi prezidenti yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan uzoqroq muddatlarga va bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta'minlanmagan holda berilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 27 iyundagi «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-5755-son farmoniga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz o‘rniga 120 kungacha bo‘lgan muddatga soliqni to‘lashni kechiktirish mexanizmlaridan foydalanish belgilangan.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning I choragi davomida tadbirkorlik sub'yektlariga jami 2205ta bojxona yuk deklaratsiyalari bo‘yicha 254,7 milliard so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘ini kechiktirib to‘lash imkoniyati berilgan.

– Bugungi kunda qishloq sharoitidan kelib chiqib, parrandachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tadbirkorlik sub'yektlariga bojxona sohasida qanday imtiyozlar borligini aytib bersangiz?

Prezidentning 2018 yil 13 noyabrdagi «Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parranda yetishtirishni tashkil etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta ta'mirlash, maxsus texnika, ehtiyot qismlar va boshqa asosiy vositalar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha 2021 yil 1 noyabrga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Mazkur qaror talablari asosida 2020 yilning I choragida mamlakatimizga umumiy qiymati 3,2 mln dollarlik tovarlar import qilingan bo‘lib, ushbu tovarlarga bojxona to‘lovlaridan 5,1 mlrd so‘mlik imtiyozlar qo‘llangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid